Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

“Qur’onni ovozingiz bilan bezang”

21.01.2018   12284   3 min.
“Qur’onni ovozingiz bilan bezang”

Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni ovozingiz bilan bezang!” deb marhamat qildilar» (Abu Dovud va Nasaiy rivoyati).

Qur’oni karimni chiroyli ovoz bilan bezash masalasi olimlar o‘rtasida turli fikrlarga sabab bo‘lgan. “Qur’onning chiroyli ovozga ehtiyoji yo‘q”, degan tushunchadagilar hadis aslida: “Ovozingizni Qur’on bilan bezang” ma’nosida bo‘lgani, biroq rivoyat asnosida so‘zlar o‘rni almashib qolganini aytadi. Ularga ko‘ra, Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning abadiy mo‘jizalari bo‘lmish Qur’on hech kimning chiroyli ovoziga muhtoj emas. U har jihatdan go‘zal va mukammal, biz uning qiroati bilan ovozimizni go‘zallashtirishga muhtojmiz.

Ammo ko‘pchilik ulamolar bu fikrga qo‘shilmaydi. Ibn Day­ba ta’kidlaganidek, hadisda kelgan “Qur’on” so‘zidan maqsad uning tilovatidir. Demak, o‘tkir xotira va xushovoz ila Qur’oni karim tilovatini go‘zallashtirish kerakligini ang­lash zarur. Zero, go‘zal so‘z go‘zal ovoz bilan yanada yoqimli bo‘ladi. Uning xushovozda o‘qilishi odamlarda Qur’oni karimni tinglashga bo‘lgan moyillikni kuchaytiradi. Demak, hadisdan tilovatda imkon qadar ovozni chiroyli qilishga urinish kerakligi tushuniladi.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash lozim, Qur’oni karimni chiroyli o‘qiyman deb uni tag‘anniyga (ohangga solish, qo‘shiq­qa o‘xshatish) aylantirish ham yaramaydi. Ulamolar tilovatda tajvid qoidalaridan chetga chiqib, tag‘anniyga yo‘l qo‘yishni makruh deyishgan. Bunday tilovatni eshitganlar ham qarshi chiqishlari, xatoligini tushuntirishlari lozim. Kalomulloh har jihatdan o‘zgacha; uning tilovatida ham bu o‘ziga xoslikni asrash, turli qo‘shiq va baytu g‘azallar ohangiga o‘xshatmaslik kerak. Mulla Ali Qori “Mirqot” kitobida qo‘shiq kabi ohangga solib tilovat qilish haromligi, eshitganlar ham gunohkor bo‘lishiga doir fatvo bergan. Uning chek qo‘yilishi vojib bo‘lgan eng yomon bid’atlardan ekanini ta’kidlagan. 

Ali Qori ushbu hadis sharhida shu ma’noda vorid bo‘lgan boshqa hadislarni ham keltiradi: “Qur’onni ovozingiz bilan bezang. Zero, xushovoz Qur’on chiroyini orttiradi” (Nasaiy va Hokim); “Chiroyli ovoz Qur’on ziynatidir” (Tabaroniy); “Har narsaning bezagi bor, Qur’onning bezagi chiroyli ovozdir” (Abdurrazzoq).

Yuqoridagi rivoyatlarni zikr qilgach, Ali Qori aytadi: “Bu yerda Qur’onni ovoz bilan go‘zallashtirishga amr bor. Qur’on­ning ovoz bilan go‘zallashishi tajribada tasdiqlangan haqiqat. Shunday ekan, bu hol hadisda so‘zlar o‘rni almashib qolgan, degan da’voni rad qiladi”.

Ali Qori fikrining tasdig‘i sifatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhuga aytgan ushbu so‘zlarini keltiradi: “Senga Oli Dovud alayhissalomga berilgan mizmorlardan bir mizmor berilgan. Kecha kechqurun seni tinglayotganimni bir ko‘rsayding. Haqiqatan, senga Oli Dovud alayhissalomga berilgan mizmorlardan bir mizmor berilgan”.

Xulosa, muhimi Qur’onni o‘qish. Tartil bilan o‘qib, qiroatni be­zash mustahab ekaniga butun ulamolar ittifoq qilishgan. Tag‘anniy va lahn bilan o‘qish xususida esa ixtilof bor. Jumhur ulamo buning joiz emasligini, chunki mazkur holatda xushu’ yo‘qolishini aytganlar.

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

14.08.2026   2818   1 min.
Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida    «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari