Odamlar, ho odamlar!
Bog‘da bitgan bodomlar.
Eshitmadim, -demanglar,
Keldi havasli damlar.
Shahrimiz G‘ijduvonda,
Shul Xojai Jahonda,
Bellashurlar qorilar,
Sinov – ilmi Qur’onda.
Mujavvidmi, murattab,
Har biri bizga maktab.
Besh tuman vakiliga
Bugun dastlabki etap.
Tinglaymiz barin bir-bir,
Kim bilimdon, kim abjir.
Qiroat kimda go‘zal,
Kimda xos tajvid, tafsir.
Kurash bo‘lar basma-bas,
O‘ngimiz bu, - tush emas.
Maydonga yetaklagan,
Haqq Kalomiga havas.
Saralanar g‘oliblar,
Qori, ilm toliblar,
Viloyatga yo‘l olar,
Peshvolikka xotiblar.
Oqqan daryo, - oqadi,
Omad kimga boqadi.
Mo‘minlar ko‘z oldida,-
G‘oliblar toj toqadi.
Barchasiga tasanno!
Mag‘lublikda yo‘q ma’no.
Ajrda barcha tengdur,
Asosiy hakam – Mavlo.
Kim bu kun tashabbuskor,
Homiy, yo yalovbardor,
Rahmat ila siylasin,
Buyuk Zot Parvardigor!
Minglab qorilarga kon,
Edi azal bu makon.
Shukrona so‘ylar tillar,
Yana tiklandi imkon.
Belni bog‘la mard o‘g‘lon,
Bo‘lmagan shunday zamon.
Haq Kalomin ulug‘la,-
Kurashaver begumon.
Izidan qaytmas yo‘lbars,
Har bellashuv bo‘lsin dars.
Mutloq g‘oliblikkacha,-
Masofa olis emas.
Dovon oshsang peshma-kesh,
Natijalar bo‘ladi besh.
Omad tilar g‘olibga
Toshkandu, Samarqand, Kesh.
Senga qilishar havas,
Mardlarcha kelgansan bas.
Qur’onni yod ol butkul,
U tabarruk, muqaddas.
Davlatxon hoji.
Buxoro.
20. 01. 2018
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.