ONLINE
BUXORO.
O‘MI Matbuot xizmati
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ishtirokida bilim yurti talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda bugungi kunda Respublikamizda bo‘layotgan katta o‘zgarishlar, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida so‘z bordi. Talabalar odob-axloq borasida barchaga namuna bo‘lib, ta’lim olish davrida hamda kelajakda diniy-ma’rifiy sohada xizmat qilish asnosida hayotning turli sinovlariga sabr qilishlari haqida o‘gitlar berilib, bu borada ulamolarimiz hayotlaridan misollar keltirib o‘tildi.
– Bugungi kunda islom bilim yurtlarini tugatib imom-xatib bo‘lib xizmat qilayotganlar jamiyatimizda ro‘y berayotgan yangilanishlarni, o‘zgarishlarning tub mohiyatini yaxshi tushunadigan, ilmiy salohiyati yuksak bo‘lishi lozim, – dedi Homidjon domla Ishmatbekov. – Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqimiz hayoti, odamlarimizning ongu tafakkurida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni qalban his etgan holda keng xalq ommasiga yetkazib berishlari bugunning talabidir. Chunki global axborot makonida hamma kuchlar o‘z manfaatlari uchun kurash olib bormoqda. Internetning imkoniyatlaridan keng foydalanishni targ‘ib qilar ekanmiz, uning foydali jihatlariga e’tibor qaratib, zararli tomonlaridan ogohlikka chaqirishimiz zarur bo‘lib bormoqda.
Muloqot so‘ngida yurtimiz ravnaqi, sohalardagi islohotlar tilga olinib, bardavom bo‘lishi, barcha mutasaddilar va ustozlar-u xodimlarning haqlariga duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati