Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kimda-kim ko‘p istig‘for aytsa, Alloh o‘sha (banda) uchun har qanday g‘am-tashvishdan qutulish, tanglikdan chiqish yo‘lini (paydo) qiladi, uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantiradi” (Abu Dovud, Ahmad, Tabaroniy, Hokim rivoyat qilgan ).
Gunoh banda boshiga g‘am-tashvish keltiradi. Turli muammolar, dilxiraliklar gunohlar tufayli paydo bo‘ladi. Mana shu muammoning davosi tavba, istig‘fordir.
Faraz qiling: bir odam boshiga og‘ir musibat tushdi, kutilmaganda boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Nima qilishni bilmayapti. Mana shunday paytda istig‘for asqatadi. Banda “Astag‘firulloh, astag‘firulloh”, deb Allohga yukinsa, Mehribon Parvardigor unga yordam beradi. Alloh ne’matlariga shukr qilgan, Unga hamdu sano, istig‘for aytgan bandani qiyin damlarda ko‘maksiz qoldirmaydi.
Tirikchilik masalasida qandaydir muammoga duch kelganda ham istig‘for aytiladi. Ja’far Sodiq shunday degan ekan: “Kimning rizqi (kelishi) kechiksa, istig‘for aytishni ko‘paytirsin ”.
Oylik maoshi kechikayotgan, savdosidan baraka ko‘tarilgan odam istig‘for aytsa, ishlari yurishib ketadi. Alloh ko‘p istig‘for aytgan bandani xayoliga kelmagan tomondan rizqlantiradi.
Qarzga botgan yoki birovga qarz berib, pulini ololmay yurgan odam ham istig‘for bilan murodiga yetadi.
Agar oilada notinchlik bo‘lsa, er-xotin o‘rtasida kelishmovchilik chiqsa yoki farzandlar itoatsizlik qilib, kattalar gapini ikki qilsa, istig‘for aytiladi.
Ba’zida insonning moddiy holati yaxshi bo‘lsayam negadir qalbi bezovta bo‘laveradi, puli bor, oshna-og‘aynilari, tanish-bilishlari bisyor, negadir qalbi notinch. Mana shunday paytda ham istig‘for aytilsa, ko‘ngildagi g‘ashlik ariydi. Ko‘p istig‘for aytgan inson o‘zini ancha yengil his qiladi. Chunki har safar istig‘for aytilganida dildagi qora dog‘lar yuviladi, dilxiralik barham topadi.
Boymi, kambag‘almi, yoshmi, qarimi, har bir inson istig‘for aytishga muhtoj. Sababi oddiy: inson ojiz va zaif. Hayotda har qanday muammoni changal-changal pul bilan, kazo-kazo tanish-bilishlar bilan hal etib bo‘lmaydi. Dunyoda pul bilan ham bitmaydigan ishlar juda ko‘p.
Xullas, istig‘for aytib qiyin vaziyatlardan chiqib ketish, muammolarni hal etish mumkin. Alloh bizga shunday imkoniyat bergan. Buning uchun Allohga hamdu sanolar aytamiz.
"Istig‘forning 40 xosiyati, Salavotlar" kitobidan
O‘MI Matbuot xizmati
Cavol: Dallollik kasbi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, dallol ikki tomondan haq olsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi.
Dallolning haq olishi va uning qaysi tomondan bo‘lishi urf-odatga ko‘ra bo‘ladi. Urfda sotuvchi, yoki xaridor, yo har ikki tomon dallol haqqini beradigan bo‘lsa, shundan kelib chiqib ish faoliyatini yuritishi joiz hisoblanadi ("Durarul hukkam" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.