Avval, juma namozida respublikamizning barcha masjidlarida Aqto‘be fojiasida halok bo‘lganlarning haqqiga tilovati Qur’on qilinib, duolar qilingani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunovdan iborat bir guruh mutasaddilar Qozog‘istonda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xonadonlariga tashrif buyurib, ularning oila a’zolariga Yurtboshimizning hamdardligi va ta’ziyalarini bildirdilar.
Ushbu mutasaddilar mash’um fojiada vafot etgan hamyurtlarmizning haqlariga duolar qilib, Yaratgan Parvardigordan ularning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylari jannat bog‘laridan bir bog‘ bo‘lishini so‘rashdi.
Ulamolar va mas’ullar halok bo‘lganlarning oila a’zolari hamda yaqinlarining musibatlariga sherik ekanlarini aytib, respublikamizning barcha masjidlarida juma namozlarida duolar qilingani va madrasalarda xatmi Qur’onlar o‘qilayotganini bildirishdi.
Mana shunday qayg‘uli kunlarda mutasaddilar doimo hamroh ekanlarini aytib, har qanday yordamga tayyor ekanliklarini izhor qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati