الحمد لله الذي قدر آجال العباد، وكتب أعمارهم قبل موالدهم، وقال
وَلِكُلِّ أُمَّةٍ أَجَلٌ فَإِذَا جَاءَ أَجَلُهُمْ لَا يَسْتَأْخِرُونَ سَاعَةً وَلَا يَسْتَقْدِمُونَ
، والصلاة والسلام على سيد الأنبياء وإمام الحنفاء محمد بن عبدالله وآله وأصحابه النجباء
Muhtaram jamoat!
2018 yil 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan fojiadan O‘zbekiston musulmonlari idorasi katta qayg‘uda. Ko‘plab yurtdoshlarimiz o‘limiga olib kelgan ushbu voqea munosabati bilan halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi nomidan chuqur hamdardlik bildiramiz.
Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istonning Akto‘be viloyati Irg‘iz tumani hududidan o‘tuvchi “Samara-Chimkent” avtomobil yo‘lining Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km. uzoqlikda “Setra” rusumli avtobus harakatlanayotgan vaqtda alanga olgan va yo‘lovchi avtobus yonib ketgan. Ushbu avtobus Qozog‘iston janubidan Rossiyaning Qozon shahriga yo‘l olgan. Avtobusda jami 57 kishi bo‘lgan, faqat 5 kishi undan chiqa olgan, qolgan 52 kishi halok bo‘lgan.
Ushbu sodir bo‘lgan fojia sabablarini o‘rganish uchun muhtaram Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, Bosh vazir boshchiligida tashkil etilgan Maxsus hukumat komissiyasi ayni vaqtda Qozog‘istonda bo‘lib turibdi.
O‘z navbatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, ulamolar va imom-domlalar tomonidan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirish, masjid-madrasalarimizda xatmi Qur’onlar o‘qib, ruhi poklariga baxshida qilish va yaqinlariga tasalli berish kabi savobli ishlar boshlandi.
Azizlar, mash’um fojiada halok bo‘lganlarning haqlariga duolar qilish, mag‘firat so‘rash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning insoniy burchimizdir. Inson qachon, qayerda va qanday holatda vafot etishini bilmaydi. Dinimizda biror fojia bilan vafot etgan mo‘minning darajasi yuqori bo‘lishi aytilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarining birida kishi suvga g‘arq bo‘lib, o‘tda kuyib, tom ostida qolib, ayol kishi tulg‘oq paytida vafot etsa, shahidlik maqomini topishini aytganlar.
Dinimizda o‘tganlarni eslash, ularga duoyi xayrlar qilish mo‘minlik haqlaridan hisoblanadi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ
وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
ya’ni: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10-oyat)
Shunday ekan ushbu fojiada vafot etgan yurtdoshlarmizning haqlariga duo qilib, Yaratgan Parvardigordan ularning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylarini jannat bog‘laridan bir bog‘ qilishini iltijo qilib so‘raymiz. Ularning oila a’zolari va yaqinlarining musibatlariga sherik ekanimizni bildirgan holda sabru jamil tilaymiz.
Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV
Tarixchilar Usmonli sultonlarining haj ziyoratiga bormaganiga ikki sababni ko‘rsatadilar:
1. Xavfsizlik muammolari:
Sultonlar haj safariga borishda xavfsizlik muammolariga duch kelgan bo‘lishlari mumkin. Ular uchun hajga borish oddiy odamlarnikidan farqli ravishda murakkab bo‘lgan, chunki sultonning yo‘lda hujumga uchrash xavfi katta edi. Bu holat katta qo‘shin bilan safar qilishni talab qilardi. Haj niyatida yo‘lga chiqib qon to‘kishga sabab bo‘lmasligini afzal bilganlar.
2. Davlat boshqaruvidagi mas’uliyat:
Sultonlar mamlakatni muddatsiz tark etish xavfli deb hisoblashgan. Haj safarlari bir necha oy davom etgani sababli, davlatni hukmdorsiz qoldirish anarxiya va siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun sultonlar haj o‘rniga davlat boshqaruvi va xarbiy yurishlarga ustunlik berganlar.
Vaqt o‘tishi bilan Usmonlilar sulolasiga bu an’anaga aylandi. Sultonlar “hajji badal” qilishni tayinlagan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, Usmoniy sultonlari Makka va Madinaga doim e’tibor qaratgan. Ular har yili xayriya karvonlarini jo‘natib, muqaddas shaharlarning aholisiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlar va Haramayn masjidlarini ta’mirlab, kengaytirib turganlar.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.