O‘zbekistonda boshlangan Qur’oni karim musobaqasida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar, musobaqaning borishi haqida ma’lumotlar dunyoning turli mintaqalaridagi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.
Eronning “parstoday.com” internet nashri Qur’on musobaqasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari va Toshkent islom universiteti talabalaridan tashqari, masjidlardagi imom-xatiblar, imom noiblari hamda Qur’oni karim qiroati bo‘yicha iqtidori bo‘lgan 18-40 yoshdagi barcha erkagu ayol fuqarolar ishtirok etishlari mumkinligi haqida yozadi.
“Sputniknews-uz.com” nashrining o‘zbek va rus xizmatlari Qur’on musobaqasida ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatlardagi vakilliklariga murojaat qilishlari tavsiya etilishi, musobaqaning borishi haqida ma’lumotlar berib o‘tgan.
Shuningdek, islam-today.ru , regnum.ru , interfax-religion.ru , ozodlik.org singari xorijiy OAVlarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Qur’on musobaqasi haqida maqolalar rus va ingliz tillarida berilgan.
O‘zbek tilidagi elektron OAVlarda ham Qur’on musobaqasi to‘g‘risida qator maqola va xabarlar e’lon qilingan.
“Ma’rifatli” jome masjidida musobaqaning ochilish marosimiga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Shu vaqtga qadar musobaqada qatnashishga jur’at qilgan, ya’ni o‘zining bilimiga, quvvai hofizasiga ishongan 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan qori va qoriyalar soni salkam to‘rt mingga yaqin ekan.
O‘zbekistonda boshlangan Qur’oni karim musobaqasi ko‘tarinki ruh, xursandchilik bilan qarshi olindi.
Qorilar va qoriyalarning viloyatlar bo‘yicha hisobining e’lon qilinganini ko‘rgan kishi ularning soni turli viloyatda turlicha ekaniga guvoh bo‘ladi. Aslida bu ham bir sinov. Zamonaviy iborada aytilganda monitoringdir.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Qur’on musobaqasida ham ushbu manfaatlar bo‘y ko‘rsatdi desak, xato bo‘lmasa kerak. Shukrlar bo‘lsinki, bu qutlug‘ tadbir har yili takrorlanadigan an’anaga aylanib urgurdi. Buning natijasi o‘laroq, qorilarimizning bilim va tajribalari ortib bormoqda va xalqning Qur’oni Karimga bo‘lgan ma’rifati, qiziqishi yuksalmoqda.
O‘zbekistonda Qur’on musobaqasi o‘tkazilishi va uning borishi haqida ma’lumotlar xabar shaklida keltirib o‘tilgan.
Qur’on musobaqasining ilk bosqichi uchun Jizzax viloyati Zomin tumani «Ma’rifatli» jome masjidida Qur’on musobaqasi boshlandi
Ulamolar, imom-xatiblar, qori va qoriyalarimiz bunday tarixiy voqeaning ishtirokchisi bo‘layotganlaridan juda ham cheksiz mamnun.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
أَلْعِلْمُ فِى الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ فِى الْحَجَرِ
Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir.
Ilm olish uchun eng afzal davr bu insonning yoshlik chog‘idir. Chunki yoshlikda bolaning xotirasi kuchli bo‘ladi. Bu vaqtda olingan ilm bola xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Shuningdek, yoshlikda har xil tashvish va yumushlardan uzoq bo‘lgan bolaning fikri faqat o‘qishda bo‘lib, natijada u ilmni yaxshi o‘zlashtiradi. Katta bo‘lib, ishlari ko‘paygach, fikri bo‘linadi yoki ilm olishga vaqt ajratolmay qoladi.
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda ham o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuraveradilar. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida bola taxminan 3-4 yoshlarida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Mashhur alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim, tabib darajasiga ko‘tarilgan. Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarni egallashlari uchun qulay sharoitlarni ta’minlab berishlari lozim.
مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا
Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi.
Ushbu maqolni ikki xil ma’noda tushunish mumkin:
1. Kim yoshlik chog‘ini g‘animat bilib, ilm egallamasa, katta bo‘lganida bunga iloj topa olmaydi. Kishining yoshi keksaygan sari uning xotirasi pasayishi ham bor haqiqat.
2. Kim yoshligida ilm olmasa, katta bo‘lganida biron pog‘onaga ko‘tarila olmaydi, insonlar orasida ham eng keyingi o‘rinda turadi, chunki uning ilm-ma’rifati yo‘q. Ilm insonni yuksaltiradi va ravnaq topishiga yordam beradi. (Lekin, o‘rni kelganida shuni ham aytib qo‘yish lozimki, ilm faqat biron martabaga erishish uchungina o‘rganilmaydi).
يُطَيَّبُ القَلْبُ لِلْعِلْمِ كَمَا تُطَيَّبُ الأَرْضُ لِلزِّرَاعَةِ
Yer ekin ekish uchun tozalangani kabi qalb ham ilm uchun tozalanadi.
Ilmning makoni qalbdir. Ma’lumki, ilm ezgulik va nurdir. Kishi ilmni puxta egallash uchun qalbini turli xil ma’naviy illatlar, jumladan kibr, hasad, gina, kudurat, g‘iybat va shu kabilardan tozalashi lozim. Ushbu kamchiliklar bor qalbga ilm yaxshi o‘rnashmaydi, tezda unutiladi yoki biron manfaat keltirmaydi. Shuning uchun ilm olishga kirishayotgan kishi birinchi navbatda qalbini tozalashi, so‘ngra yaxshi niyat bilan ilm tahsliga o‘tishi kerak.
Bola yoshligida xotirasi kuchli, qalbi toza va beg‘ubor bo‘ladi. Bunday paytda olingan ilm har taraflama pishiq va mustahkam bo‘ladi. Demak, ota-onalar bu borada mas’uliyatliroq bo‘lsalar, farzandlarining kamolga yetib, olim bo‘lib, dini va yurtiga foydasiga tegadigan chin inson bo‘lishida hissa qo‘shgan bo‘ladilar.
Odilxon qori Ismoilov