“O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan Imom Buxoriy hazratlari haqidagi film olinishi haqidagi xabarlarga tuzatish kiritdi. Ushbu bayonotning to‘liq matni bilan tanishing.
“Kuni kecha internetdagi ayrim OAV tomonidan Imom Buxoriy haqida filmni suratga olish ishlari boshlangani haqidagi xabarlar tarqatildi. “O‘zbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati o‘quvchilarga to‘g‘ri ma’lumot yetkazish maqsadida ushbu xabarga tuzatish kiritishni lozim deb biladi.
“O‘zbekkino” MA tomonidan xalqimizning boy va qadimiy tarixi, ulug‘ ajdodlarimizning bebaho merosi hamda bugungi zamondoshlarimiz hayotini aks ettirishga bag‘ishlangan badiiy va hujjatli filmlar yaratish bo‘yicha dastlabki harakatlar boshlanganini ma’lum qilamiz.
Agentlikning yaqin 3 yillik rejasiga muvofiq, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Termiziylar sulolasi, Imom Moturidiy, Abu Mu’in Nasafiy, Bahouddin Naqshband kabi mutafakkir va aziz-avliyolar, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi davlat arboblari, shoir va adiblar, Ibrat, Abdulla Avloniy va Cho‘lpon kabi ma’rifatparvar bobolarimizning hayot va ijod yo‘li haqida badiiy, badiiy-publitsistik kinoasarlarni yaratish belgilab olingan.
Hozirda ushbu filmlar, shu jumladan Imom Buxoriy filmi uchun yozilgan adabiy ssenariylar mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. Yakunda aynan qaysi mualliflar ssenariylari asosida filmlar suratga olinishi va ular qaysi ijodkorlarga ishonib topshirilishi faqatgina Agentlik Badiiy kengashi ko‘rigidan so‘ng ma’lum bo‘lishini eslatib o‘tmoqchimiz.
Shunday ekan, Imom Buxoriy haqidagi filmning muallifi va rejissyori haqida hozirdanoq xulosa chiqarishga shoshilmaslikni tavsiya qilamiz. O‘zbek milliy kinosiga doir har qanday ma’lumotlarni olish uchun Agentlik axborot xizmatiga murojaat qilishingiz mumkin”. Yuqoridagi fikrlar O‘zbekkino Milliy agentligini Axborot xizmati tomonidan bildirilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati