Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida Qur’on musobaqasining hududiy bosqichiga oq fotiha berildi. Musobaqani onlayn uzatish ishlari bir necha daqiqadan so‘ng boshlanadi.
Aziz muxlislar Samarqand viloyati Payariq tumanidagi internet tezligining zaifligi sababli musobaqani onlayn uzatishda uzilishlar va kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Buning uchun sizlardan uzr so‘raymiz. Bor kuch va imkoniyatimizni ishga solib, kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qilamiz. Alloh taolo O‘zi madad berishini so‘rab, duo qilib turishingizni iltimos qilamiz.
Bizning muslim.uz portali va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib boring. Eng xushovoz qorilarning huzurbaxsh tilovatlaridan bahramand bo‘lishga barchani chorlaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mushriklar muhim masalalarini “Dorun Nadva” deya atalmish kengashlarida hal qilsalar, ilk musulmonlar kengashadigan makon “Dorul Arqam” edi. Bu muborak uy Ka’baning g‘arbida, hozirgi kunda hojilar Safo bilan Marva o‘rtasida haj arkonlarini amalga oshiradigan juda gavjum joyda joylashgandi. Arqam Banu Maxzum qabilasidan bo‘lgan 16 yoshli makkalik yigit edi. Islomni qabul qilgan birinchi odamlardan biri bo‘lgan Arqam o‘z uyini xursandchilik bilan musulmonlarning yashirin yig‘inlari uchun taqdim etgan. Uch yil davomida Arqamning uyi musulmonlar uchun uchrashuv joyi bo‘lib xizmat qildi. Bu uyda Hamza, Ammor, Mus’ab, Suhayb va boshqa ko‘plab taniqli sahobalar (roziyallohu anhum) shahodat kalimasini aytganlar.
Ushbu muborak uy hazrati Umardek islomning zabardast siymolaridan birining hidoyat topganiga guvoh bo‘lgan. O‘shanda Arqamning uyida suhbatlashib o‘tirgan musulmonlarga: “Uyga Umar ibn Xattob qurollangan holda yaqinlashib kelyapti”, degan xabar keldi. Sahobalar sergaklanishdi, hazrati Hamzaning qo‘li beixtiyor qilich dastasiga yugurdi. Umar ibn Xattob uyga kirgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga yaqinlashdilar va: “Ey Xattob o‘g‘li, Islomga kelsang bo‘lmaydimi?!” – dedilar. Bunga javoban Umar shahodat kalimasini aytib, islomni qabul qildi.
Shu voqeadan keyin musulmonlar Makkada emin-erkin yuradigan bo‘ldilar.
Arqam keyinchalik Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan Madinaga hijrat qilgan ilk musulmonlardan edi. U yerda u islomiy jamiyat va davlatni yaratishda va mustahkamlanishida ishtirok etdi. Badr, Uhud, Xandaq va boshqa janglarning qatnashchisi, savodli odam edi. Shu sababdan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning kotiblaridan biri bo‘lib, nozil qilingan vahiylarni yozgan.
Arqam o‘g‘li va yaqinlarining ehtiyojlari uchun vaqf qilgan, keyinchalik bir necha qo‘lga o‘tgan ushbu imorat o‘rta asrlarda Haramning kengaytirilishi munosabati bilan buzilgan va masjidga qo‘shib yuborilgan.
Arqam ibn Abu Arqam hijriy 54 yoki 55 yilda 80 yoshida vafot etadi. U zot Badr qatnashchilarining dunyodan eng oxirgi ko‘z yumganidir. Janozasi o‘z vasiyatiga ko‘ra sodiq do‘sti Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu tomonidan o‘qilib, Baqi’ qabristoniga qo‘yilgan.
Yoqub Umar tayyorladi