Qur’on musobaqasi ishtirokchilarini ro‘yxatga olish nihoyasiga yetganga qadar hujjat topshirsammi yoki keyingi yil urinib ko‘rsammi deb ikkilanganlar bo‘ldi. Ularning ba’zilari keyingi yil qatnashishga qaror qilib bu yil hujjat topshirmadi. Ro‘yxatga olish esa 15 yanvar kuni yakunlandi. Ushbu ro‘yxatdan 5366 nafar ishtirokchi o‘rin oldi: 3263 nafar erkak, 2103 nafari ayol-qizlar. Bu – yoshning cheklovi bilan olingan ko‘rsatkichdir. Ya’ni 18 dan 40 yoshgacha bo‘lgan qori va qoriyalarning musobaqada qatnashishga azmu qaror qilganlarining hisobi bu.
Qorilar va qoriyalarning viloyatlar bo‘yicha hisobining e’lon qilinganini ko‘rgan kishi ularning soni turli viloyatda turlicha ekaniga guvoh bo‘ladi. Aslida bu ham bir sinov. Zamonaviy iborada aytilganda monitoringdir.
Jadvaldan ayon bo‘lishicha, Umumiy hisobda, birinchi turgan Farg‘ona viloyatida murattab va mujavvid qori va qoriyalari soni 1237 ta; ikkinchi o‘rinda turgan Andijon viloyatida shunday qori va qoriyalar1182 kishi ekan.
Farg‘ona viloyati 219 hisob bilan eng ko‘p murattab qori bo‘yicha ham birinchi o‘rinda turibdi. Andijon viloyati bu borada ham 174 o‘rin bilan ikkinchi o‘rinda. Ammo Andijon hifz yo‘nalishida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan qorilar ichida 74 hisob bilan hammadan oldinda.
Murattab qoriyalar bo‘yicha Toshkent shahri va Namangan viloyati 8 ta hisob bilan birinchi o‘rinda, Surxondaryo va Toshkent viloyati 7 hisobi bilan ikkinchi o‘rinda turibdi.
Ayni kunlarda Buxoro, Jizzax, Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasida murattab qoriyalar yo‘q ekan. Navoiy viloyatida esa bir nafar qoriya bor ekan. Lekin ushbu viloyat yoshlarining ilm olishi uchun yaratilgan qulayliklar va ayol-qizlarimizning ilmga chanqoqligi, inshoalloh, yaqin yillar ichida bu kamchilikni yopib ketadi va keyingi yillarda o‘tkaziladigan tanlovlarda ushbu hududlardan ham murattab qoriyalar chiqib qatnashadi.
Ushbu qorilar va qoriyalar – Qur’oni karimda marhamat qilinganidek, oramizdagi yaxshilarimiz, hadisi sharifda ta’riflanganidek, Qiyomatda Qur’onni o‘qib ko‘tarilib boraveruvchilar, ota-onasiga toj kiydiruvchi eng fazilatlilarimizdir. Bu insonlarga xayrixoh bo‘lgan, ularning safi kengayishiga hissa qo‘shgan, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan kishilar aslo kam bo‘lmaydi. Qur’oni karimga qarash ham savob, uni eshitish ham savob. Uni o‘qib o‘rganish, yodga olishning savobi haqida gapirishga til ojiz. Qur’oni karim tilovat qilingan joyga Alloh ta’oloning fayzi ilohiysi yog‘ilib turadi, rahmat farishtalari hoziru nozir bo‘ladi, baloyu qazolar, ofatlar daf’ bo‘ladi, shaytonning hiylalari kesiladi. Qur’oni karimni sevuvchilar ko‘p bo‘lgan yurtda baraka ham, farovonlik ham, tinchlik-xotirjamlik ham bardavom bo‘ladi. Zero, biz bilmagan yana qanchadan qancha ne’matlar borki ularning barchasi Alloh taoloning Kalomi sharofatdidandir.
Barchangizga Qur’on bayrami muborak, aziz yurtdoshlar!
O‘MI Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati