Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447

Munosabat: Bu kunlarni qanchalik orzu qilgan edik...

17.01.2018   4229   2 min.
Munosabat: Bu kunlarni qanchalik orzu qilgan edik...

Bizning bolalik yillarimiz ko‘p qaltis yillarga to‘g‘ri keldi. Ota-bobolarimiz muqaddas kitoblarimizni yashirib saqlar va doimo xavotir ostida yashar edilar. Ammo o‘sha, dahshatli sharpalar kezib yurgan pallalarda ham bizni Qur’on ilmiga solish uchun Alloh taologa tavakkal qilib o‘qitar edilar. Savodimiz ana o‘sha kezlarda chiqqan. Bolalikdan Qur’oni karimga muhabbat qo‘ydik. Tunlar uxlamasdan uni hijjalab o‘qib yodlab ham oldik...

Ammo, azizlar! nafaqat, mamlakatimiz, balki qo‘shni davlatlarda ham mamlakat miqyosida katta Qur’on musobaqasi bo‘libdi, unda istagan kishilar qatnashibdi deb eshitmaganman.

Biz ana shu kunlarni qanchalik orzu qilgan edik. Otalarimiz-bobolarimiz qanchalar orzu qilgan edi. Chunki Qur’on musobaqasi barchani birday ilm olishga chorlaydi: bunda qatnashgan qorilar ilmini ustozlar ko‘rigidan o‘tkazib puxtalab oladi; boshqalar esa qiroatlardan ta’sirlanib ilm olishni istab qoladi; farzandlarining qori bo‘lishini niyat qilib, ularni Qur’on ilmiga yo‘naltiradi.

Kecha musobaqa chog‘ida yosh qorilarimizning, qoriyalarimizning tilovatlarini tinglab o‘tirib, qaniydi shu kunlarni menga Qur’oni karimni o‘rgatgan qiblagohim ham ko‘rganida, qori bo‘lganimdan boshi osmonga yetgan onajonim ham ko‘rganida qanchalik sevingan bo‘lar edi, deb o‘ylab diydam yumshadi, ko‘zimga yosh keldi. Qorilarning shirali ovozda, aniq-tiniq o‘qiyotganini ko‘rib, shunday ajoyib qorilar yetishib chiqqaniga shukrlar qildim.

Bularning barchasi tabarruk ustozlarimizning, Ramazoni shariflarda qilingan uzundan uzoq duoi xayrlarning sharofatidir. Shu duolar sabab, mehribon Allohimiz yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, hayotimiz farovon bo‘lishi uchun xalqim, yurtim deydigan xalqparvar Rahbarni boshimizga keltirib qo‘ydi. Biz esa buning uchun har lahzada Allohimizga shukurlar aytib turishimiz, bu ne’matlarning qadriga yetishimiz, duoi xayrlarda bo‘lib turishimiz lozim. Shunda Alloh ta’olo bu ne’matlarini bardavom qiladi, inshoolloh.    

Kuni kecha boshlangan Qur’on musobaqasi oldindagi nihoyatda buyuk ishlarning poydevoridir. Zotan, poydevor mustahkam bo‘lsa, binoni istagan qadar yuksaltirib boraverish mumkin. Shu jihatdan, Qur’oni karimga asoslangan bilim, ma’rifat eng peshqadam ilmga aylanadi, yurtning esa kelajagi porloq bo‘ladi. Zotan, Qur’onni e’zozlab bag‘riga bosgan bandalarni Alloh taolo bag‘riga oladi, uni ko‘zlariga surgan xalqning Alloh taolo ko‘z nuri bo‘ladi, uni ne’mat bilgan xalqqa ne’matlarni ziyoda qilib qo‘yadi, uni e’zozlagan xalqning martabasini yuksaltiradi. 

Qur’on bayrami barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!

 

Markaziy Osiyo qorilarining faxriy ustozi Yahyo qori buva (88 yoshda)

O‘MI matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Agar bolam tuzalib ketsa...

27.06.2025   2321   1 min.
Agar bolam tuzalib ketsa...

Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.

Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi