Namoz – dinning ustuni va mo'minning me'roji. Bu ibodatning qadr-qimmati va fazlu barakoti baland. Namozning ahkomlari ko'pligi va amallari o'ta daqiqligini to'la anglab etmay, ularni ilmiy asosda o'rganmay, amalga to'liq tatbiq etish qiyin.
Namozga kirishda qo'llar quloq barobarigacha ko'tarilib, qo'lning bosh barmog'i quloqning yumshog'iga etkaziladi va “takbiri tahrima” aytib, namozga kiriladi. Qo'llar ko'tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo'ladi. Namozga kirishda qo'llar quloq barobarigacha ko'tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan.
Jumladan: Voil ibn Hujr roziyallohu anhu: “Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo'llarini ko'tarib, quloqlari barobariga ko'targanlarini ko'rdim”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so'ngra ikki qo'llarini ko'tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar” (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari). Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan “qo'lni quloq barobariga ko'tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog'iga qo'l tegishi qo'lning quloq barobariga ko'tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Al-Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma'ul anhur” shu kabi bir qancha mo''tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Namozda qo'l bog'lash tartibi. Hanafiy mazhabimizga ko'ra, namozda turgan kishi qo'llarini bir-biriga bog'lab, kindik ostiga qo'yadi. Bu haqda bir qancha rivoyatlar mavjud bo'lib, jumladan: Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan, u zot otalaridan rivoyat qilinadi. «U zot aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozda o'ng qo'llarini chap qo'llari ustiga – kindik ostiga qo'yganlarini ko'rdim“ (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati). “E'lous sunan” kitobida, bu hadisning roviylari ishonchlidir, deyilgan. Yana bir rivoyatda shunday keladi: Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda kaftning ustiga kaftni qo'yib, kindik ostida ushlanadi”» (Imom Abu Dovud rivoyati). Alloma Zafar Ahmad Usmoniy mana shu rivoyatni keltirib, shunday deganlar: “Muhammad ibn Sirin Abu Hurayra roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganlarida, u zotdan “Bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdanmi?” deb so'raganlar. Shunda Ibn Sirin rahmatullohi alayh: “Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdandir”, deb javob berganlar. Demak, bundan Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi marfu' (Rasulullohdan kelgan) ekanligi kelib chiqadi. Shunday qilib, namozda qo'llarni kindik ostiga qo'yish sunnat ekanligi sobit bo'lgan”.
Manbalar asosida
Uchqo'rg'on tumani "Baytul muqaddas" jome masjidi imom-hatibi
G'iyosiddin Tojimirzayev tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati