Kecha diyorimizda boshlangan Qur’oni karim musobaqasi barcha yurtdoshlarimiz tomonidan ko‘tarinki ruh, xursandchilik bilan qarshi olindi. Jizzax viloyatining Zomin tumanida bo‘lib o‘tgan kechagi Qur’on bayramini kuzatib borgan hamyurtlarimiz qalblarining tubidagi samimiy dil izhorlarini quyidagicha ifoda etdilar.
G‘iyosiddin Habibulloh nomli foydalanuvchi “Alloh rozi bo‘lsin Prezidentimizdan. Ilohim Prezidentimizning butun ajdodlarining ruhlarini shod qilsin. Avvalambor o‘zlarini va barcha yaqinlarini Alloh panohida asrasin. Avlodlaridan ham olimu fuzalolar chiqsin. Omin”, deb o‘z fikrlarini bayon qilgan.
Ummu Sayfulloh ismli muxlis “Assalomu alaykum. Bu ulug‘ ishlarni bosh tashabbuskori muhtaram Prezidentimiz sog‘-omon bo‘lsinlar! Doimo bunday savob ishlarda boshu qosh bo‘lsinlar!” deya o‘z fikrlarini qoldirgan.
Abduvalijon Hakim “Alhamdulillah hali musulmon ummatiga solih va soliha farzandlar yetishtirib beradigan qoriyalarimiz ko‘p ekan” degan iliq so‘zlarni bitgan.
“Alloh rozi bo‘lsin, xursandligimning chek-chegarasi yo‘q” deya o‘z xursandchiligini namoyon etgan Amina Mamadaliyeva nomli foydalanuvchi.
Yoqibjon Nizomivich “Assalomu alaykum ahli mo‘min va mo‘mina qorilar. Mana biz Koreya davlatidan turib ko‘rib turibmiz, Allohga hamdlar bo‘lsin. Duodamiz hammalaringga ajr savob, ilmlarimizni ziyoda qilsin, omin” deya fikrini yakunlagan.
Nurillo Saydullayev nomli foydalanuvchi 80 yoshdagi onalari “Yurtboshimizni umrlari uzoq bo‘lsin, dunyo turguncha tursinlar” deb duo qilayotganliklarini aytib o‘tganlar.
Ulug‘bek Oybekovich boshqa davlatdagilar ko‘rsa havas qilgudek Qur’on musobaqasi bo‘layotganini aytib o‘tgan: “Tashkil qilgan Prezidentimizga mingdan-ming rahmat. Alloh rozi bo‘lsin!”, deya fikrlariga yakun yasagan.
“Alhamdulillah o‘zbek ayol qizlari ham o‘z ibratlari bilan yurtimizni obro‘sini ko‘taradigan kunlar ham keldi. Allohim davomli qilsin” deya fikr qoldirgan Muslima Davron nomli muxlisa.
Onlay efirlarga qoldirilgan 6 mingdan ortiq izohlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari musobaqaning dastlabki bosqichi haqida o‘zlarining iliq va ijobiy fikrlarini bildirib o‘tganlar. Foydalanuvchilar tashkiliy masalalar bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini bildirib o‘tganlar.
Ma’lumot uchun, musobaqaning dastlabki bosqichi “muslim.uz” sahifasida 54 mingdan ortiq muxlislar tomonidan ko‘rilgan. Umumiy qamrov esa 265 ming nafarni tashkil etgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: «Qur’onni o‘qish va yodlashda bardavom bo‘linglar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Qur’on ipini yechib, qochib ketish borasida tuyadan ham tezroq», dedilar (Imom Buxoriy, 5033; Imom Muslim, 791).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni yod olgan (Qur’onni o‘ziga do‘st tutgan) kishining misoli bog‘lab qo‘yilgan tuyaning misoliga o‘xshaydi. Agar qattiq turib, uni bog‘lashda bardavom bo‘lsa, tuyasini saqlab qoladi. Agar bo‘sh qo‘sa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, 5031; Imom Buxoriy, 789).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimningdir men falon-falon oyatni sedan chiqardim, deb aytishi qanday ham yomon. Balki, u sedan chiqartirildi. Qur’onni (o‘qish bilan uni) esda saqlanglar. Chunki u kishilarning qalbidan ketib qolishda tuyalardan ham tez”, dedilar.
"Qur’on fazilatlari haqida qirq hadis" kitobidan