Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Hech shubha yo‘q, har bir dinning o‘ziga xos xulqi bor. Islom dinining o‘ziga xos xulqi hayodir”. Hayo – kishini insoniy axloqqa to‘g‘ri kelmaydigan har qanday narsadan tiyilishga undovchi sifat. Hayo xijolat chekish, istiholadan farq qiladi. Chunki xijolat chekish hamisha ham ijobiy xislat hisoblanmaydi. Ba’zan u salbiy oqibatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Hayo bir vaqtning o‘zida joiz bo‘lmagan ish va so‘zlardan qaytargani kabi, yaxshi ishlarga undovchi hamdir. Bu go‘zal xislat odamlar orasida ham, o‘zi yolg‘iz qolganida ham egasining ikkiyuzlamachilik qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Hayoning hammasi yaxshidir”, deganlar.
Hayo insonning ikki dunyosi, shuningdek, atrofidagilar uchun ham foydali fazilat. Ulamolarimiz hayo haqida: “Hayo yomon, qabih ish va qiliqlarni tark etishga undaydigan, haqdor kishining haqiga putur yetkazishdan qaytaradigan yaxshi sifatdir”, deyishgan.
Imonimizning bir bo‘lagi – hayo bizdan uzoqlashib, begonasirab ketishiga yo‘l qo‘ymaylik.
Yormuhammad ESHNAZAROV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati