Alloh taolo mo‘minlarni bunday vasf qiladi: «Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o‘qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va)ehson qiladigan kishilardir. Aynan o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2–4-oyat).
Demak, haqiqiy mo‘minlar yuksak sifatlarga ega bo‘lgan kishilardir: «...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan...»
Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Bu haqda Qur’onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz! (Ahzob surasi, 41-42-oyat); «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!» (Baqara surasi, 152-oyat).
Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o‘y-xayoli Alloh taologa bog‘langan bo‘ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo‘ldir. Banda o‘z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti osoyishta va xotirjam bo‘ladi.
«...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan...». Banda Qur’onni qanchalik ko‘p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma’nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo‘ladi.
«...O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...». Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo‘minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g‘aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g‘ofil emasdir» (Hud surasi, 123-oyat).
Mo‘min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo‘lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.
«...Namozni barkamol o‘qiydigan...». Haqiqiy mo‘minlar namozni benuqson ado etishadi.
«...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...». Mo‘min qo‘lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo‘ladigan yo‘llarga sarf qiladi, qo‘lidagi boylikning ko‘p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo‘lida sarflaganidan sevinadi.
Alloh yo‘lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko‘payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami)keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi, 261-oyat).
Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo‘lgan musulmon haqiqiy mo‘min nomiga loyiqdir va ular uchun «...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...».
Haqiqiy mo‘minlardan bo‘lishni istagan banda o‘z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo‘lishi mo‘minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug‘ darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog‘imiz zarur.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Shu yil 16 aprel kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Qatar Davlati vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Taniqli olimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Salim Dusanov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi katta o‘qituvchisi Bahodir Pirmuhamedov kutib oldi.
Uchrashuv avvalida Akademiya rektori Muzaffar Komilov hurmatli mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi.
Muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Akademiya davlat ta’lim muassasasi sifatida ta’sis etilgani, unda uzluksiz ta’lim yo‘lga qo‘yilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida ta’lim berilishini qayd etdi.
O‘z navbatida G‘anim bin Shahin al-G‘anim mehmondo‘st va ulug‘ allomalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga tashrifidan mamnunligini, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-ma’rifiy soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor kun kelib, ajdodlariga munosib avlodlar yetishishiga zamin bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasidagi do‘stona muloqot, samimiy hamkorlik tobora kuchayib borayotgani e’tirof etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar "Manbalar xazinasi" bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, "Usmon Mus'hafi" hamda "Langar Qur’oni"ning nusxalari bilan tanishdilar.
Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari ko‘rsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
iiau.uz