frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’oni karimda haqiqiy mo‘minlar sifati

13.01.2018   15268   3 min.
Qur’oni karimda haqiqiy mo‘minlar sifati

Alloh taolo mo‘minlarni bunday vasf qiladi: «Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o‘qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va)ehson qiladigan kishilardir. Aynan o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2–4-oyat).

Demak, haqiqiy mo‘minlar yuksak sifatlarga ega bo‘lgan kishilardir: «...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan...»
Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Bu haqda Qur’onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz! (Ahzob surasi, 41-42-oyat); «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!» (Baqara surasi, 152-oyat).

Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o‘y-xayo­li Alloh taologa bog‘langan bo‘ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo‘ldir. Banda o‘z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti oso­yishta va xotirjam bo‘ladi.

«...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan...». Banda Qur’onni qanchalik ko‘p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma’nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo‘ladi.

«...O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...». Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo‘minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g‘aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g‘ofil emasdir» (Hud surasi, 123-oyat).

Mo‘min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo‘lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.

«...Namozni barkamol o‘qiydigan...». Haqiqiy mo‘minlar namozni benuqson ado etishadi.

«...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...». Mo‘min qo‘lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo‘ladigan yo‘llarga sarf qiladi, qo‘lidagi boylikning ko‘p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo‘lida sarflaganidan sevinadi.

Alloh yo‘lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko‘payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savo­bini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami)keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi, 261-oyat).

Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo‘lgan musulmon haqiqiy mo‘min nomiga loyiqdir va ular uchun «...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...».

Haqiqiy mo‘minlardan bo‘lishni istagan banda o‘z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo‘lishi mo‘minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug‘ darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog‘imiz zarur.

Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   50407   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari