بسم الله الرحمن الرحيم
IMON HALOVATI – AQIDA MUSAFFOLIGIDA
Muhtaram birodarlar! Islom dini beshta ruknga bino qilingan bo‘lib, ularning eng birinchisi, qolgan to‘rttasining maqbul bo‘lishiga asos sanalgan rukni imondir. Aqida masalasi aynan mana shu ruknga tegishli bo‘lib, bu haqda barcha musulmonlar yetarli darajada ilmga ega bo‘lishlari lozimdir. Zero, ulug‘ mashoyixlardan So‘fi Ollohyor aytganlaridek:
Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa yeldur.
Aqida borasida bitilgan eng mo‘tabar kitoblardan birinchisi Imom Abu Hanifa r.h.ga mansub “Al-fiqhul akbar” kitobi bo‘lib, bu asar biz moturidiy aqidasiga ergashuvchi musulmonlar uchun asosiy manba sanaladi. Abu Hanifa r.h. bu kitobda shunday deganlar:
أَصْلُ التَّوْحِيدِ وَ مَا يَصِحُّ اْلاِعْتِقَادُ عَلَيْهِ يَجِبُ أنْ يَقُولَ: آمَنْتُ بِاللهِ، وَ مَلاَئِكَتِهِ، وَ كُتُبِهِ، وَ رُسُلِهِ، وَ الْبَعْثُ بَعْدَ الْمَوْتِ، وَ الْقَدَرِ خَيْرِهِ وَ شَرِّهِ مِنَ اللهِ تَعَالَى، وَالْحِسَابُ وَ الْمِيزَانُ، وَالْجَنَّةُ وَ النَّارُ حَقٌّ كُلُّهُ. وَاللهُ تَعَالَى وَاحِدٌ لاَ مِنْ طَرِيقِ اْلعَدَدِ، وَلَكِنْ مِنْ طَرِيقِ أنَّهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ: قُلْ هُوَ اللهُ أحَدٌ* اَللهُ الصَّمَدُ* لَمْ يَلِدْ وَلَمْ يُولَدْ* وَلَمْ يَكُنْ لَهُ كُفُواً أحَدٌ
(سورة الإخلاص).
ya’ni: “Tavhidning asli va e’tiqod qilish to‘g‘ri bo‘lgan narsa shuki: har bir musulmon shunday deb aytishi vojib bo‘ladiki: Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, vafot etgandan so‘ng qayta tirilishga, taqdirning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekanligiga imon keltirdim. Hisob, tarozu, jannat va do‘zax barchasi haqdir. Alloh taolo birdir, lekin sonoq jihatidan emas, balki Uning sherigi yo‘qligi jihatidan. Qur’oni karimda aytilganidek: “(Ey Muhammad!), ayting: “U Alloh yagonadir. Alloh behojat, (lekin) hojatbarordir. U tug‘magan va tug‘ilmagan ham. Shuningdek, Uning hech bir tenggi yo‘qdir” (Ixlos surasi).
Ushbu matnda aqidaning asoslari va uning to‘g‘ri bo‘lish tarzi zikr etib o‘tilmoqda. Banda yuqorida aytilgan aqidalarga avvalo chin dildan ishonmog‘i lozim. So‘ngra uni tilida aytsa imoni komil bo‘ladi. Agar dilida tasdiqlab, uzrsiz tilida aytmasa u Allohning nazdida mo‘min bo‘ladi, lekin odamlarning nazdida mo‘min hisoblanmaydi. Aksincha, tilida aytib, dilida tasdiqlamasa odamlarning nazarida mo‘min hisoblansada, lekin aslida munofiq bo‘ladi. Shuning uchun imonning komil bo‘lishi uchun dilda tasdiq va tilda iqror bo‘lishi shart qilingan.
Har bir musulmonning aqidasi to‘g‘ri bo‘lishi o‘ta muhimdir. Ya’ni, aqidaning zaruriy masalalarini bilmagan kishi har qancha ibodat qilsa ham, aqidasi to‘g‘ri bo‘lmagani sababli, qilgan ibodatlari unga hech qanday naf bermaydi.
Muhtaram jamoat! Aqidani yaxshi bilmaslik dinda chuqur ketishga olib boradi. Dinda g‘uluvga ketish esa, insonni halokatga eltadi. Bu borada Rasululloh s.a.v. shunday deganlar:
عن ابن مسعود رضي الله عنه أنَّ النبي صلى الله عليه وسلم قَالَ: "هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ" قَالَهَا ثَلاَثا"
(رواه الإمام مسلم).
ya’ni: Ibn Mas’ud r.a.dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar s.a.v.: “Haddan tashqari chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar”, deb uch marta takrorladilar (Imom Muslim rivoyati). Bundan murod musulmon kishi diniy ishlarda Qur’oni karim va sunnati nabaviyada bo‘lmagan turli ibodatlarni ko‘paytirib olib, me’yorga rioya qilmasdan haddan oshirib yuborishdir. Shuni ta’kidlash lozimki, ba’zilar dinni juda ham yengil olib, Alloh taolo buyurgan amallarni ado qilishni ortga sursalar, yana ba’zilar esa uni haddan oshirib yuborishadi. Bu ikkisi ham noto‘g‘ridir.
Dinda g‘uluvga ketish - musulmon xalqlarining o‘rtasini bo‘lib yuborishga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida vatanda beqarorlik vujudga keladi. Yurtning quvvati zaiflashadi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَلَا تَنَازَعُوا فَتَفْشَلُوا وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ
(سورة الأنفال/46).
ya’ni: “Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro‘yingiz) ketib qolur” (Anfol surasi, 46-oyat). Demak, o‘zaro kelishmovchilikda, nizoda va ixtilofda bo‘lish, turli oqim va firqalarga bo‘linish shu xalqning sustlashishi va quvvatining ketib qolishiga sabab bo‘ladi.
Bugungi kunda diniy bilimni yoshlarimiz turli internet vositasi orqali o‘rganib, o‘zlari bilmagan holda noto‘g‘ri e’tiqodga kirib qolishmoqda. Bolalarimizning aqidasi to‘g‘ri shakllanishi uchun ular madrasa ko‘rgan, intizomiy dars o‘qigan ustozlardan namuna olishlari zarurdir. Bundan tashqari islomiy aqidadan umuman bexabar kishilar orasida muqaddas islom dinini mensimasdan missionerlarning da’vatiga aldanib qolayotganlar ham uchramoqda. Musulmon kishining o‘z dinidan voz kechib, o‘zga dinni qabul qilishi Alloh taoloning dargohida kechirilmas gunohdir. Mo‘min musulmon xalqimiz bunday ishlardan hazarda bo‘lishlari lozim.
Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, xalqimiz farovonligini bundan ham ziyoda aylab, barchamizni rushdu hidoyatda barqaror bo‘lmog‘imizni nasibu ro‘zi qilsin. Omin!
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning Hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar bayoni qismida jamoat namozi xususida so‘z yuritamiz.
Besh vaqt namoz uchun imom bilan birga ikki kishi, juma namozi uchun esa imomdan tashqari uch kishi jamoat hisoblanadi.
Juma va ikki hayit namozlarini jamoatsiz ado etib bo‘lmaydi. Ya’ni hech bir kishi yolg‘iz holida mazkur namozlarni o‘qishi mumkin emas.
Besh vaqt namoz uchun jamoat sunnati muakkadadir. Ya’ni uzrsiz kishilar uchun besh vaqt namozni masjidda jamoat bilan ado etish ta’kidlangan sunnatdir.
Agar ikki kishi namozni jamoat bo‘lib o‘qimoqchi bo‘lsa, imom chap tarafda turadi, unga iqtido qiluvchi esa, imomning o‘ng tarafida bir qadam orqada turadi. Agar iqtido qiluvchilarning soni ikkitadan ortiq bo‘lsa, imomning ortidan saf tortadilar.
Ayollar namozni jamoat qilib o‘qimaydilar, imomlikka o‘tmaydilar.
Masjidda jamoat namozi o‘qib bo‘lingandan keyin kech qolib kelgan kishilarning namozi borasida ikki xil holat mavjud:
Shuni bilmoq lozimki, keyingi jamoatga yetib olishdan umidvor bo‘lib avvalgi jamoatga qasddan kech qolib kelish makruhdir.
Tahoratli kishi uzrli kishi (sohibi uzr)ga iqtido qilmaydi. Qori (qiroati namozga yaroqli) kishi omiy (qiroati tajvidga muvofiq bo‘lmagan) kishiga iqtido qilmaydi. Ruku va sajda qilishga qodir bo‘lgan kishi imo-ishora bilan namoz o‘qiydigan kishiga iqtido qilmaydi. Farz o‘qiydigan kishi nafl o‘qiyotgan kishiga yoki boshqa farzni o‘qiyotgan kishiga iqtido qilmaydi.
Tahorat olgan kishi tayammum qilgan kishiga, a’zolarini yuvgan kishi mas'h tortgan kishiga, nafl o‘qiydigan kishi farz o‘qiydigan kishiga iqtido qilishi joiz.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Butun arablar musulmonlarga qarshi oyoqqa turdi. Ichki tomondan Bani Qurayza yahudiylarining xiyonati dard ustiga chipqon bo‘ldi. G‘atafon qabilasidan Uyayna ibn Hisn Bani Qurayza yo‘lidan yurib, ahvolni yanada og‘irlashtirdi. Musulmonlar go‘yo ombirning ikki tishi orasida qolgandek edilar: biri Arab sahrolaridan kelgan uzoqdagi dushman, ikkinchisi esa ahdni buzib xiyonat yo‘liga o‘tgan yaqindagi dushman!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uyayna ibn Hisn agar G‘atafon qabilasini mushriklarga yordam bermasdan olib chiqib ketsa, Madina hosilining uchdan birini bermoqchi bo‘ldilar. Shu maqsadda maslahat qilish uchun Avs qabilasining boshlig‘i Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu bilan Xazraj qabilasining boshlig‘i Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuni chaqirtirdilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblari edi. Zero, Madinaning mevalari ularniki edi, ulardan ruxsat olmasdan qat’iy qaror chiqarishni istamadilar. Shu masala haqida gaplashganlarida ular aytishdi:
– Ey Allohning Rasuli! Agar buni sizga Alloh amr qilgan bo‘lsa, bosh ustiga. Ammo agar buni biz uchun qilmoqchi bo‘lsangiz, aslo hojati yo‘q. Biz ham, ular ham mushrik edi. But va sanamlarga sig‘inardik. O‘shanda ular Madina xurmosini yemoqchi bo‘lishsa, faqatgina sotib olib yoki ziyofat bo‘lganida yeyishar edi. Endi Alloh bizni siz tufayli Islom bilan ikrom qilganida ularga molimizni beramizmi?! Allohga qasamki, ularga faqatgina qilichimizni beramiz!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni maqtadilar, fikrlarini qo‘llab-quvvatladilar va dedilar: «Arablar sizga qarshi bir yoqadan bosh chiqargani uchun men buni siz uchun qilmoqchi edim!».
Masala, ko‘rib turganingizdek, siyosiy edi. Urush boshlangan. Hamma ham urushdan kamroq talafot ko‘rib, g‘olib bo‘lib chiqish yo‘lini qidiradi. Barchaning o‘z fikri bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam G‘atafon qabilasi bilan muzokara olib borib, ularga qaytib ketish evaziga Madinaning uchdan bir hosilini bermoqni istadilar. Ammo Sa’d ibn Muoz bilan Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhumo bu ishda xorlikni ko‘rdilar. Agar Alloh amr qilgan bo‘lsa, bo‘ysunishlarini bildirishdi. Ammo Nabiy alayhissalom qon to‘kilmasligi va Madinani saqlab qolish uchun shunday qilayotgan bo‘lsalar, bu fikrga qo‘shilmasliklarini aytishdi. Dushmanga faqatgina qilich bilan javob qaytarishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham ularning fikrini quvvatladilar!
Har bir insonning shaxsiy fikri, qarashi va voqelikdan chiqargan xulosalari bo‘ladi. Bu uning ma’lumotlarni tahlil qilishi va shu orqali foyda-zararni belgilashidir. Musibatimiz shundaki, biz o‘zimizning fikrimizga yurishga odamlarni majburlamoqchi bo‘lamiz. Go‘yo buni o‘zgartirib bo‘lmaydigan vahiy deb xayol qilishadi. Vaholanki, vahiy sohibi bo‘lmish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining fikrini olyaptilar, e’tirozlarini qabul qilyaptilar. Chunki Nabiy alayhissalomning fikrlari vahiy emas, siyosat, ijtihod va shaxsiy qarash edi!
Boshqa tomondan, har qanaqangi siyosiy fikr, ijtihod va shaxsiy qarashni xiyonat deydiganlar bor. Ular to‘shakda yonboshlab olib, chegarada turganlarga fatvo berib o‘tirishadi. Falon joyda tinchlik mumkin emas, piston joyda urush mumkin emas, deb o‘tirishadi!
Siyosat bilan shug‘ullanayotgan kishi ham insonligini unutmaslik kerak. U ham xato qiladi, to‘g‘ri aytadi. Uning insonlarni o‘zining fikriga majburlashga haqqi yo‘q. Ommaning ishi bilan mashg‘ul bo‘ladigan kishilar mujtahidni ma’zur tutishi, u haqda yaxshi gumon qilishi, unga nasihatda bo‘lishi lozim!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi