“G‘ayb ochqichlari Uning huzuridadir. Undan o‘zga ularni bilmaydi. U quruqlik va dengizdagi barcha narsani biladi. Bir yaproq (uzilib) tushsa ham biladi. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi har bir urug‘, ho‘lu quruq ochiq-ravshan Kitobda (yozilgan)dir” (An’om, 59).
Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “G‘ayb ilmlari beshtadir, ularni Alloh taolodan o‘zga bilmaydi: bachadonlar qachon tashlashini, ertaga nima bo‘lishini, qachon yomg‘ir yog‘ishini, har bir tirik jon qayerda o‘lishini va qiyomat qachon qoim bo‘lishini” (Imom Buxoriy rivoyati).
Oisha onamiz roziyallohu anho bunday deganlar: “Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertaga nima bo‘lishini aytadilar, deb o‘ylasa, Alloh taologa katta bo‘hton qiladi. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Ayting: “Osmonlar va yerdagi birorta g‘aybni bilmaydi. Faqat Alloh biladi” (Naml, 65, Imom Muslim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Odamlar ichida yaxshiliklarga ochqich, yomonliklarga yopqich bo‘lganlari va yomonliklarga ochqich, yaxshiliklarga yopqich bo‘lganlari bor. Alloh taolo yaxshilikka ochqich qilgan insonlarga saodat bo‘lsin. Alloh taolo yomonlikka ochqich qilgan kimsalarga voy bo‘lsin” (Ibn Moja rivoyati).
Oyati karimadagi “mafotih” (ochqichlar) kalimasi ko‘chma ma’noda, g‘ayblarni bilish ma’nosidadir.
G‘aybni Alloh taolodan o‘zga bilmaydi. Alloh taolo g‘ayb ilmidan faqat payg‘ambarlaridan O‘zi istaganini ogoh etadi. “(U) g‘aybni biluvchidir. O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas. Faqat O‘zi rozi bo‘lgan (tanlagan) payg‘ambarnigina (O‘zining ba’zi g‘aybidan ogoh etar)” (Jin, 26-27).
Suddiy va Hasan Basriy “mafotih”ni “rizq xazinalari” deb tafsir qilgan. Muqotil va Zahhok esa uni “yerosti xazinalari”, deya ta’vil qilishgan. “Mafotih”ni ajal va uning yetishi, kishilar umri qanday nihoyalanishi, amallar xotimasi deb tafsir qilganlar ham bor.
Ulamolar aytadi: “Alloh taolo bir qancha oyatlarida g‘ayb ilmini faqat O‘zi bilishi va uni tanlangan payg‘ambarlariga bildirishini bayon etgan. Shuning uchun “ertaga yomg‘ir yog‘adi”, deya qat’iy aytmaslik kerak. Tajribadan kelib chiqqan holda, bulutlar va shamolning harakati yomg‘ir yog‘ishidan darak ekani bilinsa ham, “yomg‘ir yog‘ishi kutiladi”, deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, Alloh taolo istasagina o‘sha yomg‘ir yog‘adi”.
Imom Muslimning “Sahih”ida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan biridan bu rivoyat naql qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Kim arrofning oldiga borib, undan biror narsa haqida savol so‘rasa, qirq kun namozi qabul bo‘lmaydi”.
G‘aybni va yo‘qolgan narsa qayerdaligini bilishini da’vo qilgan kimsani “arrof” deyishadi.
“U quruqlik va dengizdagi barcha narsani biladi”. Alloh taolo oyatda maxluqotlari orasidan quruqlik va dengizni zikr qildi. Sababi u ikkisi hamisha insonlar ko‘z o‘ngida eng yirik maxluqotlardandir. Ya’ni, Alloh taolo u ikkisidagi har bir narsani biladi.
“Bir yaproq uzilib tushsa ham uni biladi”. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Yer yuzidagi har bir ekinga, daraxtlardagi har bir mevaga, yerning qa’ridagi har bir urug‘ga “Bismillahir rohmanir rohim. Bu falonchining rizqidir”, deb yozib qo‘yilgan”. Bu “Yer zulmatlari (qa’ri)dagi har bir urug‘, ho‘lu quruq, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul Mahfuz)da (yozilgan)dir”, mazmunli oyati karima ifodasidir.
Ba’zi mufassirlar bu muborak jumlalarning ma’nosi, har daraxtning bargi havoda qancha uchib yuradi, qayerga tushadi; yer qa’ridagi urug‘ qachon unib chiqadi, qancha hosil beradi, uni kim yeydi, bularni hammasini Alloh taolo biladi, deb tafsir qilishgan.
“...(hammasi) ochiq-ravshan Kitobda (yozilgan)dir”. Ya’ni, farishtalar ibrat olishlari uchun Lavhul Mahfuzda yozib qo‘yilgan. Alloh taolo unutish aybidan pokdir.
Imom Qurtubiy tafsiri asosida
No‘mon ABDULMAJID
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.