JANNAT (arab. جَنَّة – bog‘, behisht, bo‘ston) – imon keltirib, yaxshi amallar qilgan, taqvodor, g‘azabini yutadigan, kechirimli, og‘ir sinov va musibatlarga sabr qilgan insonlarga oxiratda nasib etadigan joy. Qur’oni karimda narigi dunyoda erishiladigan rohat-farog‘at makoni, ajr-mukofot va “bog‘” ma’nolarida 73 suraning 147 joyida keladi. Jannat tilla va kumush g‘ishtlardan, loyi mushkdan, tuprog‘i za’fardan, toshlari marvarid va yoqutdan bino qilingan, daraxtlarning tomirlari oltin va kumushdan, shoxlari marvarid va zabarjaddan, deb ta’riflanadi. Jannatning anhorlari miskdan bo‘lgan tog‘dan otilib chiqadi. Bu anhorlarda tiniq va sof sharob oqadi, rangi sutdan ham oppoq, ta’mi asaldan ham shirin. Bu sharobning hech bir zarari yo‘q, uni ichgan odam mast ham bo‘lmaydi.
Taqvoli zotlar uchun va’da qilingan jannatning misoli (sifati budir): Unda aynimas suvdan iborat anhorlar ham, ta’mi o‘zgarmas sutdan iborat anhorlar ham, ichuvchilar uchun lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) maydan bo‘lmish anhorlar ham va musaffo asaldan iborat anhorlar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (u joyda) Parvardigorlari (tomoni)dan mag‘firat bordir” (Muhammad, 15);
“Ular ostidan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlarga kirurlar. Ular uchun u yerda xohlagan narsalari bordir. Taqvodorlarni Alloh mana shunday mukofotlagay” (Nahl, 31).
Qur’oni karimda jannat ahli quyidagicha vasf etiladi: “U (jannat) Allohga va Uning rasullariga imon keltirganlar uchun tayyorlangandir” (Hadid, 21);
“Imon keltirib, yaxshi amallarni qilganlar, ana o‘shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar” (Baqara, 82).;
“Go‘zal amal qilganlar uchun go‘zal savob va ziyodalik bordir. Ularning yuzlarini qarolik ham, xorlik ham qoplamas. Ana o‘shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar” (Yunus, 26).
Ular Jannat eshiklariga yaqinlashganlarida qo‘riqchi farishtalar ularni: “Sizga salomlar bo‘lsin! Xush keldingiz! Unga mangu qoluvchi holingizda kiring” (Zumar, 73) deya olqishlar bilan kutib oladilar. Jannat ahli usti va atrofiga go‘zal pardalar tutilgan so‘rilarda, astarlari shoyidan bo‘lgan ko‘rpachalar, yashil bolishlar va go‘zal gilamlar ustida o‘tiradilar, oltindan bo‘lgan bilakuzuklar va marvarid-marjonlar bilan bezanadilar, liboslari esa harir-ipak bo‘ladi. “Aynan ular uchun ostilaridan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlar bor bo‘lib, ular u joyda oltin bilakuzuklar bilan bezanurlar va yashnab turuvchi shoyi liboslar kiyib, so‘rilarda suyanib o‘tirurlar. Naqadar yaxshi mukofot u, naqadar go‘zal joy u!” (Kahf, 31). Shuningdek, ular doimo quyuq soya joylarda bo‘ladilar: “Ularni quyuq soyalarga kiritarmiz” (Niso, 57). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Jannatda bir daraxt bor, uning soyasini ulov mingan odam ming yilda kesib o‘tadi. Bu – abadiylik daraxtidir”, deganlar. Qur’oni karimda zikr etilgan Jannatdagi mevalar bu dunyodagi mevalarga o‘xshash. Ammo bu o‘xshashlik faqat ismi va shaklida, ta’mi esa o‘zgacha. Banda bu dunyoda iste’mol qilgan ne’matlarni jannatda ko‘rganida sevinadi, ta’mini totganida kutganidan ziyoda lazzat ekani ayon bo‘ladi. Jannatda insonlar qarimaydi va kasal ham bo‘lmaydi, g‘am-g‘ussa chekmaydi. Jannatda yuzta daraja bor. Har bir daraja osmon bilan yer orasicha. Eng balandi Firdavsdir. Firdavsning ustida Arsh bor. Jannat daryolari o‘sha yerdan oqib chiqadi. Alloh taolo Jannat ahliga O‘zining jamolini namoyon qiladi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyiladi: Jarir ibn Abdulloh Bajliy deydi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurida o‘tirgan edik. Oy to‘lishgan kechasi oyga qarab, shunday dedilar: “Mana shu oyni qanday ko‘rib turgan bo‘lsangiz, albatta Rabbingizni ham shunday (aniq va tiniq) ko‘rursiz”. Jannat ahli Alloh taoloni ko‘rgan vaqtida, Uning tasvirlab bo‘lmaydigan darajada ulug‘ligidan boshqa ne’matlarni unutib, Unga mahliyo bo‘lib qoladilar. U zot jamolini to‘sganidan keyin esa, ko‘rilgan narsani tasvirlab, tushuntirib bera olmasliklari, qanday ekanini idrok eta olmasliklari sababli yana Jannat ne’matlaridan rohatlanib yashayveradilar. Jannat ahlining pok va xushsurat xizmatkorlari bo‘ladi. Jannatni qo‘riqlovchi farishtalar esa “Rizvoni jannat” deb ataladi. Qur’oni karimda Jannat Firdavs, Adn, Na’im, Xuld, Ma’vo, Dorus salom nomlari bilan ham ataladi.
O‘MI Matbuot xizmati
#Sayyor_yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil haj mavsumida xurmatli Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning hol-ahvollarini so‘radilar.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Shu tashabbus ayni kunlarda amalga ko‘chib, hojilarimiz mahallalarga kirib, tinchlik va ma’naviyatni targ‘ib etmoqdalar.
Bugun, 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi raisliklarida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh shakllantirildi.
Abduqahhor domla amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha imom-xatiblar hojilar bilan birgalikda hududdagi 20 ta mahallaga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Ajrim yoqasiga kelib qolgan bir oilaga kirilib, ularga hojilar zarur tavsiyalarni berishdi. Oila boshliqlari xato qilganlarini anglab yetdilar.
Tadbir doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan onaxonga maxsus aravacha hadya qilindi. Onaxon ko‘zidagi quvonch yoshlari bilan shu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqab, ularga minnatdorligini izhor qildi.
Ehtiyojmand bir oilaga zamonaviy televizor hamda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Yosh oilaga adabiy-badiiy kitoblar ulashildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar holidan xabar olingani tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda hojilarimizning xizmati beqiyos ekanini ko‘rsatmoqda.
Aslida imom-xatiblarimiz har kuni shunday xayrli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bugunga kelib bu ish tizimli va keng ko‘lam kasb etib, takomillashib bormoqda.
Tadbir ishtirokchilari yana «Mulla Qosim» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
* * *
Peshin namozidan so‘ng Abduqahhor domla «Mulla Qosim» jome masjidida jamoatga «Shukronalik va tinchlikning qadri» mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish o‘z nihoyasiga yetdi.
* * *
Eslatib o‘tamiz, keyingi shunday tadbir Sergeli tumanida o‘tkaziladi.
Ulashing | @MuslimShosh