Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Qur’oni karimda jannat vasfi

11.01.2018   12522   4 min.
Qur’oni karimda jannat vasfi

JANNAT (arab. جَنَّة – bog‘, behisht, bo‘ston) – imon keltirib, yaxshi amallar qilgan, taqvodor, g‘azabini yutadigan, kechirimli, og‘ir sinov va musibatlarga sabr qilgan insonlarga oxiratda nasib etadigan joy. Qur’oni karimda narigi dunyoda erishiladigan rohat-farog‘at makoni, ajr-mukofot va “bog‘” ma’nolarida 73 suraning 147 joyida keladi. Jannat tilla va kumush g‘ishtlardan, loyi mushkdan, tuprog‘i za’fardan, toshlari marvarid va yoqutdan bino qilingan, daraxtlarning tomirlari oltin va kumushdan, shoxlari marvarid va zabarjaddan, deb ta’riflanadi. Jannatning anhorlari miskdan bo‘lgan tog‘dan otilib chiqadi. Bu anhorlarda tiniq va sof sharob oqadi, rangi sutdan ham oppoq, ta’mi asaldan ham shirin. Bu sharobning hech bir zarari yo‘q, uni ichgan odam mast ham bo‘lmaydi.

Taqvoli zotlar uchun va’da qilingan jannatning misoli (sifati budir): Unda aynimas suvdan iborat anhorlar ham, ta’mi o‘zgarmas sutdan iborat anhorlar ham, ichuvchilar uchun lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) maydan bo‘lmish anhorlar ham va musaffo asaldan iborat anhorlar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (u joyda) Parvardigorlari (tomoni)dan mag‘firat bordir” (Muhammad, 15);

Ular ostidan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlarga kirurlar. Ular uchun u yerda xohlagan narsalari bordir. Taqvodorlarni Alloh mana shunday mukofotlagay” (Nahl, 31).

Qur’oni karimda jannat ahli quyidagicha vasf etiladi: “U (jannat) Allohga va Uning rasullariga imon keltirganlar uchun tayyorlangandir” (Hadid, 21);

Imon keltirib, yaxshi amallarni qilganlar, ana o‘shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar” (Baqara, 82).;

Go‘zal amal qilganlar uchun go‘zal savob va ziyodalik bordir. Ularning yuzlarini qarolik ham, xorlik ham qoplamas. Ana o‘shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar” (Yunus, 26).

Ular Jannat eshiklariga yaqinlashganlarida qo‘riqchi farishtalar ularni: “Sizga salomlar bo‘lsin! Xush keldingiz! Unga mangu qoluvchi holingizda kiring” (Zumar, 73) deya olqishlar bilan kutib oladilar. Jannat ahli usti va atrofiga go‘zal pardalar tutilgan so‘rilarda, astarlari shoyidan bo‘lgan ko‘rpachalar, yashil bolishlar va go‘zal gilamlar ustida o‘tiradilar, oltindan bo‘lgan bilakuzuklar va marvarid-marjonlar bilan bezanadilar, liboslari esa harir-ipak bo‘ladi. “Aynan ular uchun ostilaridan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlar bor bo‘lib, ular u joyda oltin bilakuzuklar bilan bezanurlar va yashnab turuvchi shoyi liboslar kiyib, so‘rilarda suyanib o‘tirurlar. Naqadar yaxshi mukofot u, naqadar go‘zal joy u!” (Kahf, 31). Shuningdek, ular doimo quyuq soya joylarda bo‘ladilar: “Ularni quyuq soyalarga kiritarmiz” (Niso, 57). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Jannatda bir daraxt bor, uning soyasini ulov mingan odam ming yilda kesib o‘tadi. Bu – abadiylik daraxtidir”, deganlar. Qur’oni karimda zikr etilgan Jannatdagi mevalar bu dunyodagi mevalarga o‘xshash. Ammo bu o‘xshashlik faqat ismi va shaklida, ta’mi esa o‘zgacha. Banda bu dunyoda iste’mol qilgan ne’matlarni jannatda ko‘rganida sevinadi, ta’mini totganida kutganidan ziyoda lazzat ekani ayon bo‘ladi. Jannatda insonlar qarimaydi va kasal ham bo‘lmaydi, g‘am-g‘ussa chekmaydi. Jannatda yuzta daraja bor. Har bir daraja osmon bilan yer orasicha. Eng balandi Firdavsdir. Firdavsning ustida Arsh bor. Jannat daryolari o‘sha yerdan oqib chiqadi. Alloh taolo Jannat ahliga O‘zining jamolini namoyon qiladi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyiladi: Jarir ibn Abdulloh Bajliy deydi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurida o‘tirgan edik. Oy to‘lishgan kechasi oyga qarab, shunday dedilar: “Mana shu oyni qanday ko‘rib turgan bo‘lsangiz, albatta Rabbingizni ham shunday (aniq va tiniq) ko‘rursiz”. Jannat ahli Alloh taoloni ko‘rgan vaqtida, Uning tasvirlab bo‘lmaydigan darajada ulug‘ligidan boshqa ne’matlarni unutib, Unga mahliyo bo‘lib qoladilar. U zot jamolini to‘sganidan keyin esa, ko‘rilgan narsani tasvirlab, tushuntirib bera olmasliklari, qanday ekanini idrok eta olmasliklari sababli yana Jannat ne’matlaridan rohatlanib yashayveradilar. Jannat ahlining pok va xushsurat xizmatkorlari bo‘ladi. Jannatni qo‘riqlovchi farishtalar esa “Rizvoni jannat” deb ataladi. Qur’oni karimda Jannat Firdavs, Adn, Na’im, Xuld, Ma’vo, Dorus salom nomlari bilan ham ataladi.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

16.07.2025   5585   1 min.
“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.

Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.

U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.

Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.


Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD