Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Silai rahm

11.01.2018   12256   6 min.
Silai rahm

Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash Islomda «silai rahm» deyiladi va dinimiz musulmonlarni doimiy ravishda silai rahmga buyurgan. Alloh taolo qarindoshchilik rishtalariga rioya qilish haq-huquqini oqil, donishmand kishilarning ulug‘ sifatlaridan deb baholaydi.

Jamiyat saodati, qonuniy tartib va nizom mustahkamlanishida asosiy omil bo‘lgan qarindoshlik aloqalarining, ya’ni silai rahmning ahamiyati adolat, yaxshilik qilish va boshqa chiroyli amallar kabi muhimdir. Zero, Alloh taolo aytadi: «Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur» (Nahl, 90).

Alloh taboraka va taolo qarindoshchilik rishtalarini mahkam bog‘lashga chaqirar ekan, bunda qarindoshlarga va qarindosh qo‘shnilarga alohida e’tibor qaratishga buyuradi, hatto buni ibodat darajasiga ko‘taradi va ota-onaga yaxshilik qilish bilan tenglaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham ummatlarini silai rahmga chaqirganlar va qarindoshlik aloqalarini uzganlarni oxiratda og‘ir azob-qiynoqlar kutayotgani haqida ogohlantirganlar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam  marhamat qiladilar: “Silai rahm qilmagan, ya’ni qarindoshlaridan aloqani uzgan odam jannatga kirmaydi. Silai rahm doimiy bordi-keldi emas, balki uzoqlashib ketgan qarindosh holidan xabar olishdir”.

Qarindoshchilik rishtalarini turli yo‘l va usullar bilan mustahkamlashga harakat qilish insonning rizqi va umriga baraka berishi haqida ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bashorat berib, bunday deganlar: “Kimni rizqu ro‘zi keng bo‘lishi va umri uzoq bo‘lishi xursand etsa, bas u silai rahm qilsin, ya’ni qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Shu bilan birga qarindoshlik rishtalarini uzish eng katta gunohlardan va yomon ishlardan bo‘lib, bemehrlik, toshbag‘irlik va hissiyotsizlik deb bilinadi. Bunday kimsadan biron bir yaxshilik kutilmaydi, undan rahm-shafqat umid qilinmaydi. Zero, odam o‘z yaqinlariga yaxshilik qilmasa, begonalardan butunlay chetda bo‘ladi. Uning qalbi o‘z tug‘ishganlariga nisbatan toshbag‘ir bo‘lsa, ulardan boshqalarga esa yanada qattiq va bemehr bo‘ladi. Islom ta’limoti bunday ishlardan qat’iy ogoh etadi.

Qavm-qarindoshlar bilan aloqani bog‘lash imondandir, bu aloqalarni uzish esa kofir-fosiqlarga xos xislatdir. Ulamolar aytishadiki: «Kishi qarindoshlari orasida bo‘lsa, o‘zaro hadya va ziyorat ila bog‘lanib turishi vojib bo‘ladi. Mol bilan marhamat ko‘rsatishga qodir bo‘lmasa, ziyorat qilish, ishlariga yordam berish bilan bog‘lansin. Agar buning ham iloji yo‘q bo‘lsa, ular bilan xat orqali bog‘lanib tursin. Borishga imkoni bo‘lsa, borgani afzal».

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Qarindoshlar bilan bog‘lanish savobidek tez keladigan yaxshilik yo‘q. Dunyoda tezgina azob berib, oxiratda ham azob bo‘ladigan gunoh qarindoshlardan aloqani uzishdir»; «Qon-qarindoshlik aloqalarini uzganlar jannatga kirmaydi»; «Kim rizqi mo‘l bo‘lishini, ajali orqaga surilishini istasa, qarindoshlik aloqalarini uzmasin»; «Qarindoshga qilingan sadaqa – ham sadaqa, ham silai rahm hisoblanadi. Ularga ikki ajr beriladi: biri – qarindoshlik ajri, ikkinchisi – sadaqa ajri», dedilar.

Qarindoshlik aloqalarini bog‘lash vojib bo‘lgan qarindoshlar aka-ukalar, amaki, tog‘alar, xolalar, ammalar va ularning farzandlaridir. Qarindoshlar bilan aloqani uzish tez orada jazolanishning, uqubatga uchrashning asosiy sabablaridan biridir. Silai rahmda o‘nta maqtalgan xislat bor: 1.Alloh taoloning roziligi bor, chunki Alloh taolo shunga buyuradi. 2.Mo‘minlarga xursandchilik yetkazish bor – bu haqda xabar kelgan. 3.Silai rahm bilan farishtalar xursand bo‘ladilar. 4.Silai rahmda musulmonlarga yaxshi maqtov bor. 5.Iblisga g‘am yetkazish bor. 6.Silai rahmda umr uzayadi. 7.Rizqda baraka bo‘ladi. 8.Marhumlar xursandligi bor, chunki ota-ona va bobolar ortlarida qolganlarning silai rahmidan mamnun bo‘ladilar. 9.Do‘stlik kuchayadi, chunki bir sabab bilan qavm-qarindoshlar to‘planishib, quvonch yoki g‘amda bir-birlariga sherik bo‘ladilar va bu hol ularda do‘stlikning kuchayishiga sabab bo‘ladi; 10.O‘lgandan keyin ham ajrining ko‘payishi bor. Chunki qarindoshlar ortidan duo qiladilar, hamma vaqt yaxshiliklarini eslab yuradilar.

Rivoyatlarda keltirilganiday, aka singlisi holidan xabar olish uchun ketayotganida qarshisidan bug‘doyzor dala chiqib qolsa, yo‘lni qisqartirish uchun uni payxonlab o‘tishiga ijozat berilganining o‘zi ham akalarning o‘z singillariga qanday munosabatda bo‘lishlari kerakligini ko‘rsatib turibdi.

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Qarindoshlik aloqasini uzishdan ko‘ra egasiga tez uqubat yetkazadigan va qolgani oxiratga saqlab qo‘yiladigan gunoh yo‘q», deganlar». 

 Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kishining otasi yaxshi ko‘rgan odamlarga silai rahm qilishi yaxshiliklarning yaxshisidir», deganlar. Izoh: ota vafotidan keyin u yaxshi ko‘rgan kishilar bilan aloqani uzib yubormaslik (silai rahm) yaxshilikning eng a’losi, deyilmoqchi.

Abdulloh ibn Abu Avfdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Oralarida qarindoshlik aloqasini uzuvchisi bor qavmga rahmat tushmaydi», deganlar».

Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qarindoshlik aloqasini uzgan odam jannatga kirmaydi», deganlar».

Kim o‘zi boy bo‘lsayu takabburlik ortidan kambag‘al qarindoshlaridan aloqasini uzsa, ularga xayr-ehson qilmasa, Yaratganning g‘azabiga uchrab, mukofotidan mahrum bo‘ladi. Faqat tavba qilib, ehsonini ko‘paytirsa va ularning ko‘nglini olsagina gunohi kechiriladi. Qarindoshlar bilan aloqani bog‘lash rizqning ziyoda, umrning uzun va yomon o‘limdan saqlanish sabablaridandir.

Muslim Atayev,

tarix fanlari nomzodi,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo bo‘limi xodimi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Alloh naqadar buyuk Zot!

25.12.2024   7213   1 min.
Alloh naqadar buyuk Zot!

Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:

وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).

 وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).

Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!

Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV