«G‘iybat» so‘zi lug‘atda bir narsaning ko‘zdan to‘silishini bildiradi. Ulamolar g‘iybatni quyidagicha ta’riflaydilar:
Jurjoniy aytadi: «G‘iybat insondagi bor ayblarni uning o‘zi yo‘qligida zikr qilishdir».
Imom G‘azzoliy: «G‘iybat birodaringni unga yoqmaydigan narsa ila zikr qilishingdir. O‘sha yoqmaydigan narsa (noqislik) uning badanida, nasabida, xulqida, fe’lida, so‘zi yoki dinida, hattoki libosi, turar joyi va ulovida bo‘lsa ham, farqi yo‘q».
Badanidagi noqislik: novcha, pakana, qora, sariq, cho‘loq, oqsoq va hokazo.
Nasabdagi noqislik: qibtiy, hindiy, xabashiy.
Xulqqa oid fe’llar: xulqi yomon, mutakabbir, riyokor, serg‘azab, ojiz, qo‘rqoq, baxil, xasis.
Dinga taalluqli bo‘lgan fe’llar: o‘g‘ri, kazzob, aroqxo‘r, zolim, xoin, benamoz, betaqvo, g‘iybatchi, fosiq.
Dunyoga taalluqli bo‘lgan fe’llar: Odobsiz, odamlarni tahqirlovchi yoki haqiqatni ko‘rolmaydigan va har doim o‘zinikini haq deb biluvchi.
Kiyinishdagi yomon fe’llar: Qimmatbaho kiyimlarni kiyish, nopok kiyimlarni kiyish, qo‘lansa hidli kiyimlarni kiyish, keng yoki tor kiyinish va hokazo.
G‘iybatning eng mukammal ta’rifi quyidagi hadisi sharifda kelgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Ey Allohning Rasuli, g‘iybat nima?» deb so‘rashdi.
«Birodaringni o‘ziga yoqmagan narsa bilan eslashing», dedilar. Shunda:
«Birodarimda men aytgan narsa bo‘lsa-chi, bunga nima deysiz?» deyishdi.
«Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan, aytganing unda bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan», deb javob berdilar» (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Odatda g‘iybatchilar o‘zlari g‘iybat qilayotgan insonning ayblarini, kamchilik va nuqsonlari haqida gapira turib, «Bu g‘iybat emas, bor gapni aytyapman», deyishadi. Bu da’vo va tushunchalari to‘g‘ri emasligini aynan mazkur hadisi sharifdan bilib olamiz. Afsuski, bu tushuncha bizning davrimizdagina paydo bo‘lgan emas, balki sahobai kiromlar davridan buyon davom etib kelyapti. Buni hadisi sharifdagi «Birodarimda men aytgan narsa bo‘lsa-chi, bunga nima deysiz?» degan savoldan ham bilib olishimiz mumkin. Ya’ni g‘iybat to‘g‘risidagi tushuncha to‘g‘ri bo‘lmagani sababli sahobalarda mazkur savol paydo bo‘lgan. Javob esa g‘iybatga oid barcha noo‘rin tushunchalarga barham bergan. Mazkur ma’no quyidagi hadisi sharifda o‘z ta’kidini topdi.
Xuzayfa roziyallohu anhu Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladi:
«U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bir ayol haqida eslab, «U pakana edi», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uni g‘iybat qilding», dedilar».
Hujurot surasi 12 oyatida esa bunday deyiladi:
«…Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmasin. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘plab qabul qiluvchidir, o‘ta rahmlidir».
G‘iybat eng katta gunohlardan biridir. Shuning uchun ham u qat’iy harom qilingan mazkur oyati karimada Alloh taolo O‘z bandalariga g‘iybatning qanchalik yomon illat ekanligini tushuntirish uchun ajoyib bir uslubni qo‘llagan. Ya’ni g‘iybatchining g‘iybati go‘yoki g‘iybat qilinganning go‘shtini yeyish bilan barobardir. Odatda inson o‘zi yomon ko‘rgan kishini g‘iybat qiladi, butun borlig‘i bilan undan nafratlanadi. Bu nafratini g‘iybat qilish orqali boshqalarga oshkor qiladi. Go‘shtini yeyish u yoqda tursin, hatto u bilan o‘tirishni ham istamaydi. Uni shu qadar haqir sanaydiki, qo‘lidan biror piyola choy ichishni ham o‘ziga or deb biladi. Lekin g‘iybat qilishi bilan go‘yoki uning go‘shtini yegandek bo‘lar ekan. Bu esa har qanday sog‘lom aqlli insonning nafratini qo‘zg‘atadigan, mutlaqo tabiati tortmaydigan ishdir. Hammaga ma’lum bo‘lgan ushbu haqiqatni Alloh taolo: «...Ha, yomon ko‘rasizlar...» deb ta’kidlamoqda.
Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey tili bilan iymon keltirib, dilida iymon keltirmaganlar, musulmonlarni g‘iybat qilmang va ularning kamchiliklarini qidirmang. Kimki ularning kamchiligini qidirsa, Alloh taolo o‘zining kamchiligini qidiradi. Alloh kimning kamchiligini qidirsa, uni uyida sharmanda qiladi», dedilar» (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Bu hadisi sharifdagi xitob munofiqlarga qaratilgandir. G‘iybat qilish, musulmonlardan kamchilik axtarishga harakat qilish munofiqlarning ishidir. Dunyoda esa nuqson va kamchiligi bo‘lmagan insonning o‘zi yo‘q. Shunday ekan, munofiqlar uchun mo‘minlarni g‘iybat qilishga har doim sabab topiladi. Bundan maqsad – musulmonlarning kamchiligini topib, boshqalarda ular haqida salbiy fikr uyg‘otishga erishish, Islomning quvvatini pasaytirishdir. Aslida esa ular boshqalarning kamchiligini axtarar ekan, Alloh taolo ham ularning kamchiligini qidiradi va albatta, ularni sharmanda qiladi. Bu holat tarixda juda ko‘p kuzatilgan. Musulmonlar munofiqlarga xos bo‘lgan boshqa illatlardan hazar qilganlaridek, ularning sifatlaridan biri bo‘lmish g‘iybatdan ham xuddi jahannam olovidan saqlangandek saqlanishlari kerak. G‘iybatchi odam nafaqat bu dunyoda sharmanda bo‘lish, obro‘-e’tiboridan mosuvo bo‘lish bilan jazolanadilar, balki oxiratda ham turli daxshatli azob-uqubatlarga duchor bo‘ladilar.
Rasuli Akram alayhissolatu vassalom: «Me’rojga chiqqanimda misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuzlariyu ko‘ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o‘tdim. Men: «Ey Jabroil, ular kim?» deb so‘radim. U: «Bular u dunyoda odamlarning go‘shtini yeb, obro‘larini to‘kkanlar», deb javob berdi», deya ko‘rganlarini hikoya kilib berganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir musulmonning qoni, moli va obro‘si boshqa musulmonga haromdir», dedilar» (Muslim rivoyat qilgan).
G‘iybat insonning obro‘siga ham ta’sir qiladi. Ushbu hadisi sharifda esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir musulmon uchun o‘zining birodari bo‘lgan boshqa musulmonning uch narsasi haromligini ta’kidladilar. Odatda o‘zgalarning qonini to‘kish kishilar orasida qotillik, molini tortib olish zo‘ravonlik, zolimlik, qaroqchilik kabi nomlar bilan ataladi. Ularning yillar davomida yiqqan obro‘-e’tiborlarini yo‘qqa chiqaradigan illat – g‘iybatga esa mutlaqo e’tibor bermaydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam g‘iybat ham gunohi kabiralar qatoriga kirishini ta’kidlash uchun uni musulmon uchun harom bo‘lgan boshqa gunohlar qatorida zikr qilgan bo‘lsalar, ajab emas.
Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kimki bir birodarining obro‘sini himoya qilsa, qiyomat kuni Alloh taolo uning yuzidan do‘zaxni daf qiladi», dedilar» (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
G‘iybatga qarshi chiqib, g‘iybat qilinayotgan insonni himoya qilish uning do‘zaxdan himoya qilinishi bilan mukofotlanar ekan. Chunki agar keskin raddiya bilan o‘z o‘rnida g‘iybatchining og‘ziga urilmasa, bu illat jamiyatda yanada rivojlanib, chuqur ildiz otib ketishi shubhasizdir. Natijada hamma o‘zaro dushmanga, bir-birining obro‘sini to‘kadigan kishilarga aylanib qoladi. Shuning uchun ham mazkur illatning rivojlanishiga qarshi chiqib, o‘z birodarining obro‘sini himoya qilish do‘zaxdan himoyalanishdek buyuk mukofot bilan taqdirlanar ekan.
Alloh taolo Muso alayhissalomga: «Kimki g‘iybatdan tavba qilgan holda o‘lsa, u jannatga oxiri kiradi. Kimki g‘iybatda bardavom bo‘lgan holda o‘lsa, u do‘zaxga birinchi kiradi», deb vahiy qildi.
G‘iybat qanchalik katta gunoh ekanligini quyidagi hadisi sharifdan ham bilib olish mumkin: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mo’izni zino qilgani uchun toshbo‘ron qildirdilar. Shunda bir kishi sherigiga:
«Anavi xuddi it o‘ldirilgandek o‘ldirildi», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular bilan birga ketayotgan edilar. Yo‘lda sasib yotgan bir o‘laksaning yonidan o‘tdilar va ikkoviga:
«Anavindan yenglar», dedilar. Ular:
«O‘limtikni yeymizmi?» deyishdi. U zot:
«Birodarlaring to‘g‘risida aytgan gaplaring u o‘limtikdan ham ko‘ra sassiq va jirkanchroqdir», dedilar» (Imom Abu Dovud taxrij qilgan).
Sahl ibn Mu’oz ibn Anas Juhaniydan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kimki bir mo‘minni g‘iybatchi munofiqdan himoya qilsa, qiyomat kuni Alloh taolo uning go‘shtini do‘zax o‘tidan himoya kiluvchi farishta yuboradi. Kimki bir mo‘minni so‘kmoqchi bo‘lib, uni g‘iybat qilsa, Alloh taolo uni gapidan qaytmagunicha jahannam ko‘prigi ustida ushlab turadi», dedilar» (Ahmad rivoyat qilgan).
G‘iybatchining g‘iybatidan biror kishini himoya qilish oson ish emas, chunki g‘iybatchi bunday holatda himoya qiluvchini ham tinch qo‘ymaydi, balki o‘zini oqlash, g‘iybat qilinuvchini qoralash uchun endi u tuhmat-bo‘htonga ham o‘tishi va hattoki himoya qiluvchining o‘ziga ham hujumga o‘tib qolishi mumkin. Agar u g‘iybatchi hadisi sharifda aytilganidek, munofiq bo‘lsa-chi? U holda bu xavf yana bir necha barobar oshadi. Chunki munofiq odam qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham mo‘minlarning va ularning himoyachilarining obro‘sini to‘kishga, boshqalar oldidagi ularning obro‘-e’tiborini yo‘qotishga harakat qiladi. Mo‘minni munofiqning g‘iybatidan himoya qiluvchiga
«Qiyomat kuni Alloh taolo uning go‘shtini do‘zax o‘tidan himoya qiluvchi farishta yuboradi».
Chunki u inson o‘zining dindoshi bo‘lmish bir mo‘minni uning sha’niga otilayotgan tuhmat, bo‘hton va g‘iybat toshlaridan himoya qildi. Shuning uchun Allohning O‘zi qiyomat kuni himoya qiluvchi farishtasi bilan uni himoya qiladi.
«…Kimki bir mo‘minni so‘kmoqchi bo‘lib, uni g‘iybat qilsa, Alloh taolo uni gapidan kaytmagunicha jahannam ko‘prigi ustida ushlab turadi».
Mo‘minni so‘kish, uni g‘iybat qilish o‘ta qabih ishlardan bo‘lgani uchun Alloh taolo bunday kimsani qiyomat kunida jahannam ko‘prigi ustida ushlab turish bilan jazolaydi. Bu jazoning eng og‘ir turlaridan biridir, chunki doimiy holatda ko‘prikdan yiqilib, jahannamga tushish xavfi bilan turish oson ish emas, lekin bundan qutulishning chorasi ham bor.
«Kimning zimmasida bir birodarining obro‘si yoki moliga tegishli biror haqqi bo‘lsa, dinor va dirhamlar o‘tmaydigan (qiyomat) kuni kelishidan oldin haqqini ado qilsin. Chunki u kunda buning yaxshiliklari haqdorga olib beriladi. Agar yaxshiliklari bo‘lmasa, birodarining gunohlari uning gunohlariga qo‘shib qo‘yiladi» (Muttafaqun alayh).
U g‘iybatdan, haqoratdan qaytishi, tavba qilishi kerak. Ulamolarimiz bunday gunohlarni birovning haqqiga qilingan xiyonat deb hisoblaydilar. Bundan tavba qilishni esa quyidagicha ta’riflaydilar.
Agar g‘iybat g‘iybat qilingan kishiga yetib bormagan bo‘lsa, g‘iybat qiluvchi qilgan ishiga nadomat, pushaymon, afsus chekishi va boshqa bunday gunohga qaytmaslikka azmu qaror qilishi lozim.
Agar g‘iybat g‘iybat qilingan kishiga yetib borgan bo‘lsa, uning huzuriga borib, undan kechirim so‘rashi va u inson buni kechirishi shart qilinadi. Qolaversa, uni qayerda va qanday jamoatda g‘iybat qilgan bo‘lsa, aynan ana shu joylarda endi u insonni maqtashi va uni yomon gap-so‘zlar bilan g‘iybat qilganini aytib, tavba qilganini e’lon etishi kerak.
Aksincha, g‘iybatchini qilayotgan gunohidan qaytarish o‘rniga uning gaplariga quloq solgan, eshitgan kishi uni tasdiqlagan bo‘ladi va unga sherik hisoblanadi. Uning gapini tili bilan inkor kilsagina, gunohidan qutuladi. Agar ochiq inkor qilishdan qo‘rqsa, qalbi ila inkor qilsin va gapni boshqa tarafga burishga yoki turib ketishga harakat qilsin.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Allohni zikr qilinglar, chunki bu davodir. Lekin odamlarni gapirishdan saqlaninglar, chunki bu darddir», deganlar.
Qatoda roziyallohu anhu: «Qabr azobi uch bo‘lakdir. Undan biri g‘iybat, yana biri chaqimchilik, yana biri peshobdan saqlanmaslikdir», deganlar.
Ba’zi ulamolar aytadilar: «Salaflarning ibodati ro‘zada, namozda emas, balki odamlarning obro‘sini to‘kishdan saqlanishda ekanini ko‘rdik».
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Biror kishini ayblamoqchi bo‘lsang, o‘zingning ayblaringni esla».
Abu Hurayra roziyallohu anhu: «Sizlardan biringiz birovning ko‘zidagi zarrani ko‘radi-yu, lekin o‘zining ko‘zidagi yog‘ochni ko‘rmaydi», deganlar.
Hasan roziyallohu anhu: «Ey Banu Odam, toki o‘zingda bor ayblar ila boshqalarni g‘iybat qilishdan to‘xtamaguningcha, hech qachon iymon haqiqatiga yetolmaysan», deydilar.
Yana u kishi aytadilar: «Birovni zikr qilish uch xil bo‘ladi. Biri – g‘iybat, ikkinchisi – bo‘hton, uchinchisi esa tuhmatdir. Bularning barchasi Alloh taoloning Kitobida zikr qilingan. G‘iybat unda bor narsani gapirmog‘ing, bo‘hton unda yo‘q narsani gapirmog‘ing, tuhmat senga yetib kelgan narsa haqida gapirmog‘ingdir».
Ibn Sirin bir kishini esladilar-da, «U qora edi», dedilar, so‘ngra Allohga istig‘for aytib, «Men uni g‘iybat qilib qo‘ydim», dedilar.
Ibrohim ibn Adham rohimahumulloh bir qancha kishilarga ziyofat berdilar. Ular dasturxon atrofida o‘tirganlarida g‘iybat qila boshlashdi. Shunda Ibrohim rohimahumulloh: «Bizlardan avvalgilar go‘shtdan oldin non yer edilar, sizlar esa nondan oldin go‘sht yeyishni boshladingiz», dedilar.
Hasan Basriydan rivoyat qilinadi: «Bir kishi: «Sizni falonchi g‘iybat qildi», dedi. Unga bir tovoq xurmo berib yubordilar va: «Menga yetishicha, siz menga hasanotlaringizni hadya qilibsiz, buning uchun sizni mukofotlashni istadim, uzrimni qabul qiling. Chunki men sizni to‘liq mukofotlashga qodir emasman», dedilar».
Avf rahimahulloh aytadilar: «Ibn Sirinning oldiga kirib, Hajjojning nuqsonlarini aytdim. Shunda u: «Alloh odil hakamdir. Xuddi Hajjoj kimga zulm qilsa, uning uchun qasos olgani kabi, kim Hajjojni g‘iybat qilsa, uning uchun qasos oladi. Agar sen ertaga Alloh taologa yo‘liqsang, sening qilgan eng kichik gunohing o‘zing uchun Hajjoj qilgan katta gunohdan ko‘ra shiddatliroqdir», dedi».
G‘iybatga ruxsat berilgan o‘rinlar.
Shariatning maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun ba’zi holatlarda boshqalarning nuqsonlarini zikr qilishga ruxsat beriladi. Chunki mazkur maqsadlarga erishish uchun shundan boshqa yo‘l yo‘q. Ular olti o‘rindan iborat bo‘lib, bunday holatda g‘iybatning gunohi daf qilinadi.
Birinchisi: Zulm. Bir kishi qoziga o‘zining falonchidan zulm ko‘rganligi yoki uning xiyonati va poraxo‘rligi to‘g‘risida xabar berishi mumkin. Agar ushbu holatda u mazlum bo‘lmasa, bu g‘iybat hisoblanadi. Ammo qozi tarafidan zulm ko‘rsa, sultonga shikoyat qilishi mumkin. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Haq egasining so‘zi bor», deganlar.
Ikkinchisi: Isloh qilish uchun osiyga raddiya berish va uni bu ishdan qaytarish uchun yordam talab qilish ma’nosida. Ya’ni mazkur ishlardan qaytarishga o‘zining kuch va imkoniyati yetmasa, kuch va imkoniyati bor rahbarlar va mahkamaga murojaat qilishi mumkin.
Uchinchisi: Fatvo so‘rash uchun muftiyga: «Otam menga zulm qildi» yoki «Ayolim mana bunday qilyapti, undan qanday xalos bo‘lishim kerak?» kabi arz qilishda. Chunki Hind binti Utba Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Abu Sufyon baxil, men va bolalarimga kifoya qiladigan narsani bermaydi, unga bildirmasdan biror narsa olishim mumkinmi?» dedi. Shunda u zot: «O‘zing va bolalaringga yetarli narsani yaxshilik ila ol», dedilar. Bu suhbatda Abu Sufyonning baxilligi va zulmi eslandi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam e’tiroz bildirmadilar.
To‘rtinchisi: Musulmonni yomonlikdan ogohlantirish: Agar bir faqih bid’atga berilib, fosiqlik qilsa va uning bu yomonligi boshqalarga ham ta’sir qilish xavfi bo‘lsa, uning bid’atchi va fosiqligi haqida boshqalarga ogohlantirish ma’nosida aytish mumkin.
Ulamolarimiz: «Fojir imomning, bid’atchining va oshkora fosiqlik qiluvchining haqlarida g‘iybat yo‘q», deydilar.
Beshinchi: Bir inson o‘zida bo‘lgan nuqsoni bilan laqablanib, tanilib qolgan bo‘lsa. Masalan: Shilpiq, Cho‘loq kabi. Chunki tarixda A’mash–shilpiq va A’raj–cho‘loq kabi mashhur zotlar bo‘lishgan.
Ulamolar mazkur shaxslarni tanitish uchun shunday laqablar bilan zikr qilishni zarurat, deydilar. Mazkur shaxslar o‘z laqablari bilan shu darajada mashhur bo‘lganlarki, o‘zlarining bunday laqablanishlarini mutlaqo karih ko‘rmaganlar.
Oltinchi: Fosiqligi bilan tanilgan kishining sifatlarini aytib tanitish. Masalan: «xunasa», «aroqxo‘r», «tajovuzkor»ga o‘xshash. Ularni mazkur ayblari bilan zikr qilish g‘iybat hisoblanmaydi, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki yuzidan hayo pardasini olib tashlasa, uning uchun g‘iybat yo‘q», dedilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Fojirning hurmati yo‘qdir», deganlar. Bu bilan u kishi oshkora fisqu fujur bilan shug‘ullanuvchini iroda qilganlar. Lekin fisqu fujurni yashirincha qilsa, uning hurmati rioya qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ning huzurlarida bir ayolning solih amallari, tutgan ro‘zalari to‘g‘risida gapirildi. Lekin uning qo‘shnilariga tili bilan ozor berishi ham eslandi. Shunda u zot: «U jahannamdadir», dedilar.
Boshqa bir rivoyatda esa: «Bir ayolning baxilligi to‘g‘risida eslandi. Shunda u zot: «Unday bo‘lsa, unda hech qanday yaxshilik yo‘q», dedilar», deyilgan.
Ushbu rivoyatda mazkura ayolning dindagi yutuq va kamchiliklari to‘g‘risida eslanyapti, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni g‘iybat qilishda ayblamadilar, aksincha, mazkura ayol to‘g‘risida yomon xabar berdilar. Shundan kelib chiqib, ulamolarimiz dindagi fosiq, fojirlar to‘g‘risida, xususan, ahli ilmlarning huzurida bu haqdagi hukm va masalalarni bilib olish uchun eslash va so‘rash mumkinligini aytadilar. Qolaversa, fojir va fosiqlarning qilayotgan jinoyatlaridan boshqalarni ogohlantirish va undan qaytarish uchun ular haqida gapirish mumkin, deydilar. Xususan, din nomidan noto‘g‘ri fatvo beradiganlar, musulmonlar o‘rtasida fitna va fasod qo‘zg‘aydiganlar, har xil bid’atu xurofotlarga ruxsat beradiganlar to‘g‘risida xalqni ogohlantirish uchun gapirishga ruxsat bor, deydilar.
G‘iybatning kafforoti.
G‘iybatchi bir yo‘la ikki haqqa nisbatan jinoyat qiladi:
Agar g‘iybat bandaning o‘ziga yetgan bo‘lsa, g‘iybatchi uning oldiga borib, kechirim surashi va nadomatini bildirishi lozim bo‘ladi.
Ulamolar: «Uning tavbasi to‘liq bo‘lishi uchun qayerda, qaysi majlisda g‘iybat qilgan bo‘lsa, o‘sha yerda, o‘sha majlisda g‘iybat qilingan kishi haqida yaxshi gaplarni gapirishi kerak», deganlar.
Agar gap g‘iybat qilingan odamga yetmagan bo‘lsa, tavba qilgan g‘iybatchi uning haqqiga istig‘for aytadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kimni g‘iybat qilgan bo‘lsang, buning kafforoti uning haqqiga istig‘for aytmog‘ingdir», deganlar.
Mujohid aytadi: «Birodaringning go‘shtini yeganingning kafforoti uning haqqiga maqtovlar aytib, yaxshilik ila duo qilmog‘ingdir».
Ato ibn Abu Rabohdan g‘iybatning tavbasi haqida so‘raldi. Shunda u kishi: «G‘iybat qilinganning huzuriga borib, «Siz haqingizda aytgan gaplarim yolg‘on, men sizga zulm qildim, agar haqqingizni olishni xohlasangiz, oling va agar xohlasangiz, afv eting», deyishdir», dedilar.
Agar shunday hol sodir etilsa, g‘iybat qilingan kishi g‘iybat qiluvchini afv etishi matlubdir. Zotan, Alloh taolo marhamat qiladi: «Kechirimli bo‘l, ma’rufga buyur va johillardan yuz o‘gir» (A’rof surasi, 199-oyat)
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ey Jabroil, bu qanday afv?» deb so‘radilar. U zot: «Alloh taolo sizga zulm qilgan kishini afv etishga, sizdan aloqani uzganlar bilan silai rahm qilishga va sizni mahrum qilganlarga ato berishga buyuradi», dedilar.
Is'hoqjon domla BЕGMATOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 23 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahar va viloyatlar vakilliklarining huquqshunoslari, kadrlar masalalari bo‘yicha mutaxassislari uchun onlayn seminar-trening o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Huquqshunoslik bo‘limi mudiri v.b. Jahongir Xotamov va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov huquqiy va hujjat yuritish bo‘yicha nutq qildilar. Jumladan, diniy tashkilotlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini barcha mas’ul xodimlarga yetkazish orqali ularning huquqiy savodxonligini muntazam ravishda oshirib borish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati ijrochilarga to‘liq yetkazish, mehnat qonunchiligiga oid hujjatlarni to‘g‘ri yuritish va mas’ul xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, diniy soha xodimlarini qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilib borish, kadrlar faoliyatiga oid buyruqlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, hujjatlar almashinuvini to‘liq tizimlashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida hisobot taqdim etish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish kabi masalalarga ham urg‘u qaratildi.
Yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar javob berish barobarida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati