Fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan diniy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun moddiy va boshqa tarzda rag‘batlantiriladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqinda qabul qilingan “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida o‘z ifodasini topdi.
Endilikda fuqarolar va jamoat tashkilotlarining
qasddan sodir etilishi rejalashtirilayotgan yoki sodir etilayotgan ma’muriy huquqbuzarlikning oldini olishi yoxud to‘xtatishi;
tayyorgarlik ko‘rilayotgan jinoyat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi natijasida jinoyat sodir etilishining oldi olinishi;
qasddan sodir etilayotgan jinoyatni to‘xtatishi va uni to‘liq fosh etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘maklashishi;
fosh etilmagan jinoyat bo‘yicha uni fosh etishga ko‘maklashuvchi dalillarni aniqlashi yoki uni sodir etgan shaxslar yoxud ularning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi natijasida jinoyatning fosh etilishi;
qonun hujjatlariga muvofiq qidiruv e’lon qilingan shaxsning yashiringan manzili haqida xabar berishi, uni ushlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘maklashishi;
bedarak yo‘qolgan shaxs haqida bergan ma’lumoti asosida uning aniqlanishi;
aholi o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etishi va uni bevosita amalga oshirishi;
jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida taklif va tashabbuslarni amalga joriy etishi kabi asoslardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda rag‘batlantirilishi mumkin.
Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirish tegishli idoralararo komissiyalar tomonidan quyidagi miqdordagi to‘lovlarni to‘lash yo‘li bilan amalga oshiriladi:
tuman (shahar) idoralararo komissiyalari — eng kam oylik ish haqining o‘n baravarigacha;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo komissiyalari — eng kam oylik ish haqining o‘n besh baravarigacha;
Respublika idoralararo komissiyasi — eng kam oylik ish haqining yigirma baravarigacha miqdorda.
Fuqarolar va jamoat tashkilotlarining vakillari huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat mukofotlariga ham tavsiya etilishi mumkin.
O‘MI Matbuot xizmati
1. Diniy ibodatlarni bajarish
1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.
1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.
1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).
2. Oilaga yaxshilik qilish
2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).
2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ilm olish, kitob o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.
4. Tafakkurga vaqt ajratish
Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.
5. Muhtojlarga yordam berish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).
6. Silai rahm qilish
Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin)” (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).
7. Sport bilan shug‘ullanish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.
8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!
Davron NURMUHAMMAD