Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Farzandlarimizga e’tibor beraylik

11.01.2018   5143   2 min.
Farzandlarimizga e’tibor beraylik

Farzand – Alloh taolo bizga bergan ulug‘ ne’matlaridan biri, hayotimiz ma’nosi, qalbimiz quvonchi. Vazifamiz ularni yaxshi tarbiyalash, yomonliklardan asrashdir. Ularning saodati biz bu vazifani qanday ado etishimizga bog‘liq. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli-oilalaringizni o‘tini odamlar va toshlar bo‘lgan do‘zaxdan saqlangiz. U (do‘zax) ustida qattiqdil va qattiqqo‘l, Alloh o‘zlariga buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat o‘zlariga buyurilgan narsani qiladigan farishtalar turar” (Tahrim, 6).

Ushbu oyat tushganida hazrat Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh, o‘zimizni do‘zaxdan saqlaymiz, bu tushunarli. Ammo ahli oila va farzandlarimizni qanday saqlay olamiz?” deb so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizni qaytargan narsalardan ularni ham qaytarasiz va Alloh sizga buyurgan ishlarga ularni ham undaysiz. Shu yo‘l bilan ularni do‘zaxdan saqlagan bo‘lasiz”, deb javob berganlar (Qurtubiy tafsiridan).

Bola tarbiyani dastlab oilada oladi. Kattalarning butun xatti-harakatlarini xuddi suratga olgandek ongiga joylab, ulg‘aygach, ularni hayotiga tatbiq etadi. Axloqi yomon bolalar asosan muhiti sog‘lom bo‘lmagan oiladan chiqishi ma’lum. “Bugungi o‘g‘ri, firibgar va xulqi yomon kimsalar kecha tarbiyasiga e’tibor berilmagan bolalardir!” degan edi Abdulla Avloniy.

Oiladagi tarbiyadan tashqari, bolalarimizning ko‘cha-ko‘yda yurish-turishlariga va kimlar bilan aloqa qilayotganiga ham alohida ahamiyat berishimiz kerak. Yoshlarning ichkilikbozlik, giyohvand moddalar iste’mol qilish va axloqsiz, ko‘ngilochar maskanlarda tentirab yurishlari kabi milliy va diniy qadriyatlarimizga mutlaqo zid, zararli illatlarga chalinishlari bizning beparvoligimizdan boshlanishini unutmaylik.

Menimcha, faqat ota-onasini yo‘qotgan emas, balki qarovsiz qolgan, tarbiyasiga birov ahamiyat bermagan bola ham yetim hisoblanadi. Kelajagimiz bo‘lgan bolalarimiz tarbiyasiga katta ahamiyat berishimiz, ularning yuksak axloqiy qadriyatlar, milliy va diniy an’analarimizga sodiq bo‘lishlariga g‘ayrat qilishimiz lozim. Payg‘ambarimizning “Ota o‘z farzandiga chiroyli tarbiyadan yaxshiroq meros qoldirolmaydi(Termiziy rivoyati), degan hadisi sharifini yodimizdan chiqarmaylik.

 

“Hidoyat” jurnalidan

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on so‘zlamayman

21.07.2025   366   1 min.
Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on so‘zlamayman

Bismillahir Rohmanir Rohiym

وحدثنا إسحاق بن إبراهيم بن جبلة نا عبيد الله بن موسى أنا إسرائيل، عن سماك أنه سمع موسى بن طلحة يحدث عن أبيه قال: مررت مع النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم في نخل فرأى قوما في رءوس النخل يلقحون النخل فقال: ما يصنع هؤلاء؟ قالوا: يجعلون الذكر في الأنثى قال: ما أظن ذلك يغني شيئا فبلغهم ذلك فتركوه فنزلوا عنها فبلغ ذلك النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: إنما هو ظن ظننته، إن كان يغني شيئا فاصنعوه، فإنما أنا بشر مثلكم وإن الظن يخطئ ولكن ما قلت لكم: قال الله تعالى فلن أكذب على الله عز وجل.


Muso ibn Talha otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bilan birga (Madina) xurmozorlari orasidan o‘tdim. U zot xurmolar ustiga chiqib olib, changlatayotgan odamlarni ko‘rib: “Anavilar nima qilishmoqda?” dedilar.

Odamlar: “(Xurmoning) erkagini urg‘ochisiga qo‘shmoqda”, dedi.

U zot: “Menimcha, undoq qilish biror foyda bermas, deb gumon qilaman”, dedilar.

Haligi odamlarga buning xabari yetib borganda, ular u(changlatish)ni tark qildi va xurmolardan tushdi. Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallamga bu haqda xabar berilganda: “U mening bir gumonim, agar o‘sha narsa ularga manfaat bersa, uni qilaversin! Albatta, men ham sizlar kabi basharman. Albatta, gumon xato qiladi. Lekin sizlarga “Alloh taolo bunday dedi”, deb biror narsa aytsam, zinhor Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on so‘zlamayman”, dedilar.

 

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar