Inson o‘zi yashayotgan yurt, mahalla obodligi, tinch-osoyishtaligi va taraqqiyotiga hissa qo‘shishi kerak. Bu sharafli ishni o‘zidagi kamchiliklarni tuzatib, savobli ishlarini ko‘paytirib, gunohlardan saqlanib, yon-atrofidagilarni ham yomonlikdan qaytarish orqali bajarishi mumkin.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: «Inson gunoh ish qilsa, qalbida qora dog‘ paydo bo‘ladi. Agar shu ishidan pushaymon bo‘lib, istig‘for aytsa, u dog‘ o‘chiriladi. Ammo gunoh qilishdan to‘xtamasa, qalbining hamma qismini zulmat qoplab oladi» (Abu Hurayra rivoyati). Natijada qalbda Alloh taolodan qo‘rqish hissi yo‘qoladi, insonning buzg‘unchilik qilishi oddiy holga aylanadi.
O‘zimiz gunoh ishlardan saqlanishimiz, xayrli amallarni ko‘paytirishimiz bilan birga boshqalarni ham yomonliklardan qaytarish payida bo‘lishimiz kerak. Chunki ba’zilar yomonliklarni haddan oshirishlari sababli ko‘pchilik boshiga kulfat yog‘ilishi mumkin. Rabbimiz bandalarni Qur’oni karimda: «Oralaringizdagi sitamkorlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaninglar...» (Anfol, 25), deb ogohlantirgan.
Ushbu oyat tafsirida mufassir olimlar: «Qaysi jamiyatda gunoh, boshqalar haqiga tajovuz va hokazolar ko‘paysa, u ishlarni qilganlar va ularga befarq bo‘lganlar birday ofatga yo‘liqadi», deyishgan.
Muhammad Said Tantoviy «At Tafsirul Vasit» kitobida “Insoniyatning boshiga keladigan balolar odamlarning yomon ishlarga mukkadan ketishlari, boshqalarni yaxshilikka chaqirmasliklari, yomonlikdan qaytarmasliklari sababidandir»1, deb yozadi.
Alloh taolo yaxshi amallarda bardavom, ma’naviyati yuksak, ezgu ishlarda o‘zaro hamkorlik qilgan kishilarining hamisha yuzini yorug‘, qo‘lini baland qiladi.
Hoshimjon OMONOV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
O‘MI Matbuot xizmati
1Muhammad Rashid ibn Ali Rizo. «Tafsirul Manor». Misr. «Dorul Manor». 1990. 12-juz, 530-bet.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi murojaatchilarning tobora ortib borayotganligi munosabati bilan ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida "Qo‘ng‘iroqlar xizmati" (Kol-markaz)ning ish grafigini haftasiga yetti kunlik rejimga o‘tayotganini ma’lum qiladi!
Endilikda shanba va yakshanba kunlari ham biz bilan bog‘lanishingiz mumkin.
Qo‘ng‘iroqlar markazining ish vaqti har kuni soat 09:00 dan 17:00 gacha.
Markaz raqami: +998781503344
Ulashing: @diniysavollar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati