Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

Maxfiy zikr

10.01.2018   7586   4 min.
Maxfiy zikr

Allohni zikr qilish nafsga eng qiyin, lekin ajri eng ulug‘ bo‘lgan amal hisoblanadi. U qalbni sayqallashtiradi, mo‘minni kufr va nifoqdan ajratib turadi. Zikr ibodatning iligi va najot kalitidir. Zikrning sunnatlaridan biri maxfiylikdir. Zero, maxfiy zikrning fazli jahriysiga qaraganda yetmish marta ko‘p bo‘ladi. Bu quyidagi dalillarda o‘z isbotini topgan:

Birinchidan, maxfiy zikrning afzalligiga oyatda ishora bor: “Robbingizga tazarru va maxfiylik bilan duo qiling”.

Ikkinchidan, hadislarda maxfiy zikr maqtalgan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zikrning eng yaxshisi maxfiysidir”, deganlar. Abu Muso Ash’ariy rahmatullohu alayh shunday rivoyat qiladi: “Xaybar g‘azotidan qaytayotib, bir vodiyda to‘xtadik. Shunda odamlar ovozlarini baland ko‘tarib takbir ayta boshlashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey insonlar, o‘zingizga erk bermanglar, albatta, sizlar kar va g‘oyib zotga duo qilmayapsizlar. Sizlar o‘ta eshituvchi va o‘ta yaqin Zotga duo qilyapsizlar”, dedilar.

Uchinchidan, sahobiylar ham maxfiy zikrni afzal ko‘rishgan. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu masjidga kirsa odamlar baland ovozda tahlil aytayotgan ekan. Shunda Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Sizlar bid’atchilarning ishini qilmoqdasizlar”, deb, ularni masjiddan chiqarib yubordi.

To‘rtinchidan, maxfiy zikr riyodan uzoq va xoli bo‘lib, uning samarasi va foydasi jahriy zikrnikidan ko‘ra ko‘proq va tezroq hosil bo‘ladi. Maxfiy zikr Alloh bilan bandasi orasidagi sir bo‘lib, uning ajrini Allohning o‘zi beradi. Jahriy zikrda esa riyoning xavfi kuchliroq bo‘ladi.

Beshinchidan, maxfiy zikr o‘zidan hushbo‘y hid yoki nur taratadi. Zero, maxfiy zikr qilgan odamning nafasi tavhid bilan chiqadi va xushbo‘y mushk bo‘lib taraladi. Manbalarning guvohlik berishicha, aksariyat tasavvuf pirlari qayerga borsalar, o‘sha yerda mushkning hidi anqib ketar ekan. Hatto shunday karomatlar ham ko‘rsatishganki, tariqat pirlarining olgan nafaslari nur bo‘lib ko‘rinib turgan. Bu maxfiy zikrning samarasidir. Farishtalar ham maxfiy zikrni nomai amolga ushbu xushbo‘y hid yoki nurning taralishiga qarab yozib borishadi. Jahriy zikrning har bir harfiga yaxshilik yozilsa, maxfiy zikrning nuri yoki hushbyo‘ hidining har bir zarrasiga savob yoziladi.

Oltinchidan, maxfiy zikr kasb bilan shug‘ullanishga ham xalal bermaydi. Chunki u qalbda kechadigan jarayon bo‘lib, boshqa a’zolarning harakatiga nuqson yetkazmaydi. Alloh taolo Jum’a surasida shunday marhamat qiladi: “Bas, agar namoz tugasa, (namozni o‘qib bo‘lgach) yer yuziga tarqalinglar va Allohning fazlidan (rizqu ro‘z) istanglar  hamda Allohni ko‘p zikr qilinglar! Shoyad najot topursizlar!” Oyatda kasb bilan shug‘ullanish asnosida Allohni ham zikr qilishga targ‘ib qilinmoqda. Ya’ni, bir so‘z bilan aytganda, Naqshbandiya tariqatining “Dast ba koru dil ba Yor” (“Qo‘l ish bilan, dil Yor – Alloh bilan mashg‘ul”) ta’limoti aynan shu oyatning samarasidir. Jahriy zikrning bu borada imkoniyatlari nisbatan kamroq. Chunki jahriy zikrlar orasida shundaylari borki, vaziyatga, atrofdagi odamlarga va boshqa shu kabi omillarga qarab bajariladi yoki tark qilinadi. Masalan, uxlab yotgan yoki biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib turgan odamning oldida Qur’on tilovatini jahriy qilish aksar faqihlarimizning fikricha makruh hisoblanadi. Lekin bu o‘rinlarda maxfiy tilovat qilishga ruxsat berilgan.

Yuqoridagi mulohazalardan jahriy zikr mutlaqo mumkin emas, degan xulosaga kelish noo‘rin. Shunday vaziyatlar borki, maxfiy zikrdan ko‘ra jahriysi afzal bo‘lib qoladi. Masalan, zikrni qalbga mustahkam joylashtirish, atrofdagilarni ham savobga doxil qilish, tariqat ustozi shogirdining holatini hisobga olib vazifa berishi, qiyomatda o‘zining foydasiga guvohlarni ko‘paytirishda va boshqa shu kabi holatlarda niyat xolis bo‘lishi va riyodan yiroq bo‘lish sharti bilan jahriy zikr maxfiysidan afzal bo‘ladi. Allohu a’lam bis sovab.

A.MALLABOYEV,

Manbalar xazinasi xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Odam alayhissalom jannatdan Hindistonga tushganmi?

6.01.2025   1660   4 min.
Odam alayhissalom jannatdan Hindistonga tushganmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Odam va Havvo alayhissalom man qilingan daraxt mevasini tanovul qilganlaridan keyin, Alloh ularni yerga tushirdi.

“So‘ng shayton unga vasvasa qilib: “Ey Odam, men senga abadiyat daraxtini va yo‘q bo‘lmas mulku davlatni ko‘rsataymi?”, dedi.

Bas, undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o‘zlarini jannat yaproqlari bilan to‘sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo‘lib, yo‘ldan ozdi.

So‘ngra Parvardigori uni saylab — O‘ziga yaqin qilib, tavbasini qabul etdi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildi.

Alloh aytdi: “Undan har ikkingiz tushingiz. Ayrim zurriyotlaringiz ayrimlariga dushmandir. Bas, sizlarga Men tarafdan hidoyat kelganida kim Mening hidoyatimga ergashsa, yo‘ldan ozmas va baxtsiz bo‘lmas” (Toha, 120-123).

Odam va Havvo alayhumissalomlarning qayerga tushgani haqida Qur’oni karimda ma’lumot kelmagan.

Ayrim ulamolar hadislarga tayangan holda, Odam alayhissalom Hindistonga tushirilgan, degan fikrni aytadilar.

Masalan, Ibn Asokir “Tarixi Dimashq” (7/437) kitobida Odam alayhissalomning Hindistonga tushgani va jannatdan chiqarilganidan keyin o‘zini yolg‘iz his qilgani haqida hadis rivoyat qilgan.

Shuningdek, boshqa hadislar ham rivoyat qilingan, ammo bularning aksarini ulamolar zaif deganlar.

Ayrim ulamolar va salaflar Odam alayhissalom Hindistonga, Havvo onamizni esa Jidda shahriga tushganlar, deb aytganlar. Odam alayhissalom o‘z juftini qidirish jarayonida Muzdalifaga yetib kelganlar. Bu yer “izdalafa” so‘zidan olingan bo‘lib, “yaqinlashish” ma’nosini anglatadi.

Bunday rivoyatlar “Mustadrak, Imom Hokim” (2/542), “Musannaf, Imom Abdurrazzoq” (5/93-116), “Tarixi Tabariy” (1/121) kabi manbalarda uchraydi.

Biroq, aksar ulamolar bu haqdagi ma’lumotlar ahli kitoblar rivoyatlariga asoslangan deyishgan.

Tabaroniy, Abu Nuaym va Ibn Asokirlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam alayhissalom Hindistonga tushgan”, deganlar.

Imom Tabaroniy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: “Alloh Odamni tushirganda Hind yeriga tushirgan. U keyin Makkaga kelgan. So‘ngra Shomga borib, o‘sha yerda vafot etgan”.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Islom tarixi” kitobida, tarixchilar Odam Ato va Momo Havvo yer yuzining qaysi hududiga tushganlari to‘g‘risida ixtilof qilgani haqida yozadi. Bu borada turli-tuman va juda ko‘p gaplar aytilgan. Odam Ato va Momo Havvo Arabiston yarimoroliga tushirilgan, degan fikr egalari ko‘pchilikni tashkil etadi. Yana Hindistondagi tog‘ yaqiniga tushirilgan, deganlar ham bor, deyilgan o‘sha kitobda.

“Durri Mansur” kitobida va Ibn Asokir Ibn Abbos roziyallohu anhumo qilgan rivoyatda va boshqa bir qancha manbalarda Odam va Havvo jannatdan chiqarilganda Yer yuzining qaysi mintaqasiga tushgani haqida turli naqllar bor:

Odam va Havvo Makka bilan Toif o‘rtasidagi Dajna degan joyga tushgan;

Odam Safo tog‘iga, Havvo Marva tog‘iga tushgan. Bu ikki tog‘ ham Makka shahrida hozirgi Haram hududida joylashgan.

Odam Hind diyoriga, Havvo Jidda shahriga tushgan. Odam Havvoni istab, uni Makka shahridagi Muzdalifada topgan. Shu bois, uni Jam’ deb ham ataladi. Chunki Odam va Havvo shu yerda jamlangan, uchrashgan. Uning Muzdalifa deb nomlanishi esa Havvoning Odamga yaqin kelishi, uchrashishi uchundir. Ulamolar Hindiston tomondagi joyni Sarandib, ya’ni Shri-Lanka oroli, Bavz nomli tog‘ deganlar. Shri-Lankani 1972 yilgacha yevropaliklar Seylon deb atashgan.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.