Allohni zikr qilish nafsga eng qiyin, lekin ajri eng ulug‘ bo‘lgan amal hisoblanadi. U qalbni sayqallashtiradi, mo‘minni kufr va nifoqdan ajratib turadi. Zikr ibodatning iligi va najot kalitidir. Zikrning sunnatlaridan biri maxfiylikdir. Zero, maxfiy zikrning fazli jahriysiga qaraganda yetmish marta ko‘p bo‘ladi. Bu quyidagi dalillarda o‘z isbotini topgan:
Birinchidan, maxfiy zikrning afzalligiga oyatda ishora bor: “Robbingizga tazarru va maxfiylik bilan duo qiling”.
Ikkinchidan, hadislarda maxfiy zikr maqtalgan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zikrning eng yaxshisi maxfiysidir”, deganlar. Abu Muso Ash’ariy rahmatullohu alayh shunday rivoyat qiladi: “Xaybar g‘azotidan qaytayotib, bir vodiyda to‘xtadik. Shunda odamlar ovozlarini baland ko‘tarib takbir ayta boshlashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey insonlar, o‘zingizga erk bermanglar, albatta, sizlar kar va g‘oyib zotga duo qilmayapsizlar. Sizlar o‘ta eshituvchi va o‘ta yaqin Zotga duo qilyapsizlar”, dedilar.
Uchinchidan, sahobiylar ham maxfiy zikrni afzal ko‘rishgan. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu masjidga kirsa odamlar baland ovozda tahlil aytayotgan ekan. Shunda Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Sizlar bid’atchilarning ishini qilmoqdasizlar”, deb, ularni masjiddan chiqarib yubordi.
To‘rtinchidan, maxfiy zikr riyodan uzoq va xoli bo‘lib, uning samarasi va foydasi jahriy zikrnikidan ko‘ra ko‘proq va tezroq hosil bo‘ladi. Maxfiy zikr Alloh bilan bandasi orasidagi sir bo‘lib, uning ajrini Allohning o‘zi beradi. Jahriy zikrda esa riyoning xavfi kuchliroq bo‘ladi.
Beshinchidan, maxfiy zikr o‘zidan hushbo‘y hid yoki nur taratadi. Zero, maxfiy zikr qilgan odamning nafasi tavhid bilan chiqadi va xushbo‘y mushk bo‘lib taraladi. Manbalarning guvohlik berishicha, aksariyat tasavvuf pirlari qayerga borsalar, o‘sha yerda mushkning hidi anqib ketar ekan. Hatto shunday karomatlar ham ko‘rsatishganki, tariqat pirlarining olgan nafaslari nur bo‘lib ko‘rinib turgan. Bu maxfiy zikrning samarasidir. Farishtalar ham maxfiy zikrni nomai amolga ushbu xushbo‘y hid yoki nurning taralishiga qarab yozib borishadi. Jahriy zikrning har bir harfiga yaxshilik yozilsa, maxfiy zikrning nuri yoki hushbyo‘ hidining har bir zarrasiga savob yoziladi.
Oltinchidan, maxfiy zikr kasb bilan shug‘ullanishga ham xalal bermaydi. Chunki u qalbda kechadigan jarayon bo‘lib, boshqa a’zolarning harakatiga nuqson yetkazmaydi. Alloh taolo Jum’a surasida shunday marhamat qiladi: “Bas, agar namoz tugasa, (namozni o‘qib bo‘lgach) yer yuziga tarqalinglar va Allohning fazlidan (rizqu ro‘z) istanglar hamda Allohni ko‘p zikr qilinglar! Shoyad najot topursizlar!” Oyatda kasb bilan shug‘ullanish asnosida Allohni ham zikr qilishga targ‘ib qilinmoqda. Ya’ni, bir so‘z bilan aytganda, Naqshbandiya tariqatining “Dast ba koru dil ba Yor” (“Qo‘l ish bilan, dil Yor – Alloh bilan mashg‘ul”) ta’limoti aynan shu oyatning samarasidir. Jahriy zikrning bu borada imkoniyatlari nisbatan kamroq. Chunki jahriy zikrlar orasida shundaylari borki, vaziyatga, atrofdagi odamlarga va boshqa shu kabi omillarga qarab bajariladi yoki tark qilinadi. Masalan, uxlab yotgan yoki biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib turgan odamning oldida Qur’on tilovatini jahriy qilish aksar faqihlarimizning fikricha makruh hisoblanadi. Lekin bu o‘rinlarda maxfiy tilovat qilishga ruxsat berilgan.
Yuqoridagi mulohazalardan jahriy zikr mutlaqo mumkin emas, degan xulosaga kelish noo‘rin. Shunday vaziyatlar borki, maxfiy zikrdan ko‘ra jahriysi afzal bo‘lib qoladi. Masalan, zikrni qalbga mustahkam joylashtirish, atrofdagilarni ham savobga doxil qilish, tariqat ustozi shogirdining holatini hisobga olib vazifa berishi, qiyomatda o‘zining foydasiga guvohlarni ko‘paytirishda va boshqa shu kabi holatlarda niyat xolis bo‘lishi va riyodan yiroq bo‘lish sharti bilan jahriy zikr maxfiysidan afzal bo‘ladi. Allohu a’lam bis sovab.
A.MALLABOYEV,
Manbalar xazinasi xodimi
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.