Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

O‘zbekistonda Qur’on tilovati bo‘yicha xalqaro festival o‘tkaziladi

10.01.2018   6132   4 min.
O‘zbekistonda Qur’on tilovati bo‘yicha xalqaro festival o‘tkaziladi

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi ishlab chiqildi. 

Dastur loyihasi 237 ta banddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlisga tadqim etgan murojaatnomasida ko‘rsatilgan asosiy g‘oya va takliflari hamda 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. 

Jamoatchilik muhokamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi farmoyishiga ko‘ra 2018 yilning 15 yanvariga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasining beshinchi yo‘nalishi “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar” deb nomlanib unda diniy-ma’rifiy sohaga oid bo‘lgan quyidagi bandlar kiritilgan. 

211-band. Ekstremizm tahdidlarini oldini olish, unga qarshi kurashish va bartaraf etishga qaratilgan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish. Muddat 2018 yil 30 avgust etib belgilangan. 

Loyihada ekstremizm tushunchasining ta’rifi, unga qarshi kurashish, oldini olish va bartaraf etish mexanizmlari, tamoyillari, usullari, mas’ul organlarning vakolatlari hamda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish masalalari belgilanadi. 

213-band. Ekstremizm g‘oyalari ta’siriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni sog‘lom hayotga qaytarish tizimini yanada takomillashtirish.

Muddat 2018 yil 30 iyun etib belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi tayyorlanishi va unda: 

- terrorizm va diniy ekstremizmga aloqador fuqarolarni, ayniqsa, yoshlarni kechirish va sog‘lom hayotga qaytarish, aholi o‘rtasida zararli diniy g‘oyalar ta’siriga tushish holatlarining oldini olish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish; 

- mazkur ishlarda mahalla fuqarolar yig‘inlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitalari va boshqa idoralar tomonidan kafillikka olish institutining tashkiliy-huquqiy asoslari va amaliyotda qo‘llash mexanizmlarini ishlab chiqish; 

- ushbu toifadagi shaxslarning bandligi, ta’lim olishi, ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalari nazarda tutiladi. 

218-band. Diniy ta’limot sohasida tadqiqotlar o‘tkazish tizimini rivojlantirish. Muddati 2018 yil 20 iyun etib belgilangan. 

Loyihada diniy sohada fundamental tadqiqotlar o‘tkazish, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy-intellektual merosini ommalashtirish hamda xalqaro va xorijiy diniy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari nazarda tutiladi. 

219-band. Qur’on tilovati bo‘yicha I xalqaro festivalni tashkil etish. Muddati 2018 yil 10 iyul etib belgilangan bo‘lib, festivalni Buxoro viloyatida o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 

Tashkiliy chora-tadbirlar: 

- islom dinining asl mohiyatini jahon hamjamiyatida targ‘ibot qilish; 

- iqtidorli Qur’on tilovat qiluvchilarni turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirish; 

- jamoatchilik hamda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy yetuklikka erishishiga ko‘maklashish; 

- O‘zbekistonning boy tarixiy, diniy merosi va obidalarini xorijiy sayyohlarga targ‘ib etish nazarda tutiladi 

230-band. Islom olamining jahon fani va sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos merosini targ‘ib qilish borasida musulmon davlatlari bilan o‘zaro muloqotni yanada faollashtirish. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini tayyorlash ko‘zda tutilgan.

O‘MI matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   7016   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.