2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi ishlab chiqildi.
Dastur loyihasi 237 ta banddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlisga tadqim etgan murojaatnomasida ko‘rsatilgan asosiy g‘oya va takliflari hamda 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Jamoatchilik muhokamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi farmoyishiga ko‘ra 2018 yilning 15 yanvariga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasining beshinchi yo‘nalishi “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar” deb nomlanib unda diniy-ma’rifiy sohaga oid bo‘lgan quyidagi bandlar kiritilgan.
211-band. Ekstremizm tahdidlarini oldini olish, unga qarshi kurashish va bartaraf etishga qaratilgan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish. Muddat 2018 yil 30 avgust etib belgilangan.
Loyihada ekstremizm tushunchasining ta’rifi, unga qarshi kurashish, oldini olish va bartaraf etish mexanizmlari, tamoyillari, usullari, mas’ul organlarning vakolatlari hamda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish masalalari belgilanadi.
213-band. Ekstremizm g‘oyalari ta’siriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni sog‘lom hayotga qaytarish tizimini yanada takomillashtirish.
Muddat 2018 yil 30 iyun etib belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi tayyorlanishi va unda:
- terrorizm va diniy ekstremizmga aloqador fuqarolarni, ayniqsa, yoshlarni kechirish va sog‘lom hayotga qaytarish, aholi o‘rtasida zararli diniy g‘oyalar ta’siriga tushish holatlarining oldini olish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish;
- mazkur ishlarda mahalla fuqarolar yig‘inlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitalari va boshqa idoralar tomonidan kafillikka olish institutining tashkiliy-huquqiy asoslari va amaliyotda qo‘llash mexanizmlarini ishlab chiqish;
- ushbu toifadagi shaxslarning bandligi, ta’lim olishi, ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalari nazarda tutiladi.
218-band. Diniy ta’limot sohasida tadqiqotlar o‘tkazish tizimini rivojlantirish. Muddati 2018 yil 20 iyun etib belgilangan.
Loyihada diniy sohada fundamental tadqiqotlar o‘tkazish, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy-intellektual merosini ommalashtirish hamda xalqaro va xorijiy diniy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari nazarda tutiladi.
219-band. Qur’on tilovati bo‘yicha I xalqaro festivalni tashkil etish. Muddati 2018 yil 10 iyul etib belgilangan bo‘lib, festivalni Buxoro viloyatida o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Tashkiliy chora-tadbirlar:
- islom dinining asl mohiyatini jahon hamjamiyatida targ‘ibot qilish;
- iqtidorli Qur’on tilovat qiluvchilarni turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirish;
- jamoatchilik hamda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy yetuklikka erishishiga ko‘maklashish;
- O‘zbekistonning boy tarixiy, diniy merosi va obidalarini xorijiy sayyohlarga targ‘ib etish nazarda tutiladi
230-band. Islom olamining jahon fani va sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos merosini targ‘ib qilish borasida musulmon davlatlari bilan o‘zaro muloqotni yanada faollashtirish. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini tayyorlash ko‘zda tutilgan.
O‘MI matbuot xizmati
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati