Masjidlar yer yuzidagi eng pokiza joydir. U yerda Alloh zikr etiladi, namoz o‘qiladi, ilm-ma’rifat olinadi, yaxshi amallar qilinadi. Masjidga borish, u yerda o‘zini tutishning ham tartib-qoidalari, odoblari bor. Jamoat bilan namoz o‘qish uchun masjidga ketayotganda mana shu odoblarga amal qilgan kishi sergak tortadi, xayoli bir yerga jamlanadi, dilida ixlos paydo bo‘ladi.
Masjidga yo‘l olganda mana bu duo o‘qiladi: “Allohummaj’al fiy qolbiy nuvro, va fiy basoriy nuvro, va fiy sam’iy nuvro, va ay yamiyniy nuvro, va av yasaariy nuvro, va favqiy nuvro, va tahtiy nuvro, va amaamiy nuvro, va xolfiy nuvro, vaj’al liy nuvro”. Ma’nosi: “Yo Alloh, mening qalbimda nur qil, ko‘zimda nur qil, qulog‘imda nur qil, o‘ng tomonimdan nur qil, chap tarafimdan nur qil, tepamda nur qil, tagimda nur qil, oldimda nur qil, ortimda nur qil, men uchun nur qil” (Muttafaqun alayh).
Kishi masjidga ketayotganda noma’qul ishlardan tiyiladi. Jumladan, barmoqlarini bir-birining ichiga kirgizmaydi. Chunki yaxshilab tahorat qilib namozni kutayotgan odam namoz o‘qiyotgan hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar birontangiz chiroyli tahorat qilib masjid(da namoz o‘qish)ni maqsad qilib chiqsa, barmoqlarini bir-biriga kirgizmasin. Chunki u namozdadir” (Termiziy rivoyati).
Barmoqlarni bir-birining ichiga kirgizish axloqsizlik, behuda ish sanaladi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz alayhissalom bundan qaytarganlar. Zero, musulmon odam bema’ni ishlardan yiroq yuradi. Jumladan, jamoat bilan namoz o‘qiyman degan niyatda mukammal tahorat qilib yo‘lga chiqqan kishi muhim ishga otlangan, din asoslaridan bo‘lmish namozni ado etish sari odimlagan bo‘ladi. Bunday kishi foydasiz narsalardan saqlanadi, tili, qalbi ila Allohni yod etadi. Shunda nomai a’moliga namoz o‘qish savobi to‘xtovsiz yozilib turadi.
Masjid Allohga ibodat qilinadigan, gunohlar uchun istig‘for aytiladigan, duoyu iltijolar etiladigan, inson qalbi taskin topadigan muborak joydir. Shuning uchun musulmon kishi masjidga borishdan oldin o‘zidagi yomon hidlarni ketkazadi, tishini tozalaydi, eng chiroyli, pokiza liboslarini kiyadi, xushbo‘ylik sepadi, oyoq kiyimiga alohida e’tibor beradi. Agar nopok narsalar ilashgan bo‘lsa, masjidga kirishdan oldin poyabzalini yaxshilab tozalaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Agar birontangiz masjidga kelsa, qarasin, mabodo poyabzalida nopok yoki aziyat beradigan narsa bo‘lsa, (tuproqqa) ishqalab, unda namoz o‘qiyversin!” (Abu Dovud rivoyati).
Avvallari masjidlarda joynamozlar bo‘lmagan, yerda namoz o‘qilgan. Shuning uchun kimning oyoq kiyimi toza bo‘lsa, unda namoz o‘qiyvergan. Hozir holat boshqacha: masjidlarga gilamlar, joynamozlar to‘shab qo‘yiladi, u yerga oyoq kiyimda kirilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, namozxon odam Allohning uyiga kelishdan oldin poyabzalini tozalaydi, ust-boshiga bir qarab qo‘yadi, yonidagilarga, farishtalarga aziyat yetkazadigan narsalardan saqlanadi. Bu mo‘minning go‘zal odoblaridandir.
Shuningdek, namozxonlarni ranjitadigan, maloikalarga ozor beradigan sigaret, nos, piyoz, sarimsoq kabilarni iste’mol qilib masjidga borish durust emas.
Kishi masjidga ohista yurib boradi, yo‘l-yo‘lakay ma’sur (ya’ni, Qur’oni karimda, hadisi shariflarda kelgan) duolarni o‘qib ketadi, ibodatga – Alloh bilan yuzma-yuz turishga ruhan tayyorlanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga hovliqmasdan, sekin-asta yurib borishni tavsiya etganlar: “Agar namozga iqomat aytilsa, hech biringiz unga shoshilmasin, balki xotirjam holda, viqor bilan kelsin. Yetgan joyingni o‘qi, o‘tib ketganini qazo qil” (Muslim rivoyati). Tashqi omillar ham xushuga mone’lik qiladi. Zero, namozga halloslab, terlab-pishib kelgan kishining xotirjamligi yo‘qoladi.
Xoh juma namoziga, xoh boshqa namozlarga bo‘lsin, kishi masjidga viqor bilan, ohista yurib keladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir tavsiyalarida hikmat bor. Agar ularga amal qilsak, ikki dunyoda baxtli bo‘lamiz.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati