Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Boy bo‘lishni istaysizmi?

10.01.2018   12321   5 min.
Boy bo‘lishni istaysizmi?

Hayotda har bir inson boy bo‘lishni istaydi va bu yo‘lda tinmay harakat qiladi. Agar bu harakat Alloh ko‘rsatgan halol tarzda bo‘lsa dinimizda unga boy bo‘lishga hech qanday taqiq yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ey Amr, solih boylik solih kishining qo‘lida bo‘lsa, qandoq ham yaxshi! deganlar (Imom Buxoriy Imom, Imom Tabaroniy rivoyat qilgan).

Biroq bugun ba’zi odamlarning hamma narsani boylik bilan o‘lchaydigan, foyda yo‘lida imon, e’tiqod, barcha muqaddas tuyg‘ular va insoniylikdan ham voz kechayotganlarini guvohi bo‘lmoqdamiz. Ular boy bo‘lish yo‘lida hatto o‘zining jigarlarini ham chuv tushirishdan tap tortmayaptilar. Umrlarida biror badiiy yoki ilmiy kitob o‘qishga odatlanmagan bo‘lsalar-da, kitob do‘konlaridagi “Boy bo‘lish sirlari”, “Folbinlar bashoratlari” mazmunidagi kitoblarni topib o‘qishadi. Har gal yangi chiqqan folbinning “eng yaqin mijoz”iga aylanib ulguradilar. Eng achinarlisi, mo‘may daromad topish ilinjida xorijga ketayotgan ayollarning odam savdosi bozorining mahsulotiga aylanib qolayotganidir.

«Biz xorij davlatlaridan biriga borganimizdan so‘ng, aldanganimizni bildik. Daromadli ish topib beramiz, deganlar bizga yolg‘on gapirganini, aslida esa fohishalik bilan shug‘ullanishimiz uchun sotilganimizni aytishdi. Bizni bu jirkanch ishga majburlashar, aytganlariga ko‘nmasak, uch-to‘rt erkak ovozimiz chiqmay qolguncha tepkilashar, xo‘rlashardi...» afsuski bu gaplar ham aynan boylik ortidan quvgan bir o‘zbek ayoliga tegishli.

Ma’lumotlarga ko‘ra, odam savdosidan jabrlanganlar soni yiliga o‘rtacha 2,7 million kishini tashkil etmoqda. Odam savdosi bozori narkotik va qurol savdosidan keyingi uchinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Jahon bozorida odam savdosidan ko‘rilayotgan yillik daromad 7 milliard dollar miqdorida baholanmoqda.

Nega bugun millatdoshlarimiz o‘z ajdodlari ming yillardan buyon tarixning eng og‘ir kunlarida ham amal qilishgan din ko‘rsatmalarini qo‘yib, safsatalarga ishonishmoqda. Mahalla, turli tadbir va jamoat joylarida ularning qilmishlaridan ehtiyot bo‘lishga qanchalik targ‘ib etilmasin, ularning qarmog‘iga ilinganlarning soni kamaymayapti? Bu savol javobi sabrsizlikdir.Ular sabrni bir chetga surib qo‘yib, hamma narsaga osongina erishmoqchi bo‘lmoqdalar. Qadimda ota-bobolarimiz ne-ne qonli sinovlarni boshidan o‘tkazmagan, bir burda nonga muhtoj bo‘lgan bo‘lsalarda, lekin hech qachon sabrsizlik qilmaganlar.

Faraz qiling, bir xonadonda turli sabablar bilan biror tangchilik bo‘ldi. Oila a’zolari boshqa xonadonga chiqib ketmaydi-ku. Farzandlar boshqa ota-onani o‘zining ota-onasi deb bilmaydi-ku.

Aksariyat odamlar boylik ortidan qanchalik yugursa-da, yer yuzini kezib chiqsalarda boyliklarida ham, umrlarida ham baraka, halovatning yo‘qligidan shikoyat qiladilar. Bunga Allohning kalomi Qur’onda ko‘rsatib qo‘yilgan halol yo‘l bilan rizq izlashni unutib qo‘yganlari bosh sababdir. Aslida boy bo‘lishning, boylik, mol-dunyo orttirishning yagona yo‘li taqvo bilan, halol yo‘l bilan boylik topishdir. Taqvodorlik rizqning kaliti hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) o‘zi unga kifoya qilar. Albatta, Alloh o‘zi (xohlagan) ishiga yetuvchidir. Alloh barcha narsa uchun miqdor (me’yor va muddatni tayin) qilib qo‘ygandir» (Taloq surasi, 2-3-oyat).

Alloh taolo har bir jon uchun rizq tayin qilib qo‘ygan. Banda xoh o‘z yurtida bo‘lsin xoh xorijda bo‘lsin belgilab qo‘yilgan rizqgagina egalik qiladi. Undan ortig‘iga ham kamiga ham erishib bo‘lmaydi. Ayni shu haqiqatni har birimiz yaxshi tushunib olishimiz darkor. Chunki yurtdoshlarimizning xorijga ketishlariga ham aynan shu aqidaga amal qilmasliklari sabab bo‘lmoqda. Ota-ona duosini olib, qalb tinch bo‘lib bir burda bo‘lsada nonni o‘z oila a’zolari atrofida yeyishga nima yetsin. Alloh bunday marhamat qiladi: «Agar ular Alloh va Rasuli ularga ato etgan narsaga rozi bo‘lib: “Bizga Alloh kifoya. Bizga, albatta, Alloh o‘z fazlidan ato etur va Rasuli ham. Biz Alloh (roziligi)gagina rag‘bat qiluvchilarmiz, – desalar edi (o‘zlariga yaxshi bo‘lur edi)» (Tavba surasi, 59-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Boylik mol-mulkning ko‘pligida emas. Balki   boylik ko‘ngil to‘qligidir (Imom Muslim, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).

Allohning bergan ne’matiga shukr qilish ne’matning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Va aksincha, ne’matga shukr qilmaslik, ne’matning zavol topishiga olib keladi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir» (Ibrohim surasi,7-oyat).

Chindan ham, bugun yurtimiz tinch, turmushimiz farovon. Biroq bu ne’matlarning qadriga yetmay, yanada ko‘proq daromad topish maqsadida farzandlar, yaqinlarni ham unutib xorijga ketayotgan millatdoshlarimiz yaxshi tushunib olishlari lozimki aslida ota-ona, farzandlar bilan birga boriga shukr, yo‘g‘iga sabr qilib, chiroyli tarzda umrguzaronlik qilish, farzandlarini o‘z yurti, xalqi taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiladigan avlod qilib tarbiyalash haqiqiy boylikdir.

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   4722   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.