1-savol: Arab tilini yaxshi bilgan kishi Qur’ondan o‘zicha hukm chiqarsa bo‘ladimi?
Javob: Yo‘q. Qur’on va hadisga ma’no berish va undan hukm chiqarish uchun kishi bir qancha ilmlarni bilishi shart. Jumladan, birinchi navbatda arab grammatikasini (nahv, sarf), Qur’on va hadis ilmini, undagi oyatlarning nozil bo‘lish sabablarini bilmog‘i, nosix-mansuh, mutlaq va muqayyad, om va xos kabi oyatlarni ajrata olishi lozim. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Qur’onni o‘zicha tafsir qilsa, do‘zaxdan o‘ziga joy tayyorlasin”, deganlar.
2-savol: Namoz hali farz bo‘lmagan bola Qur’oni karimni tahoratsiz ushlasa bo‘ladimi?
Javob: Ba’zi ulamolar, yosh bolalar Qur’oni karimni tahoratsiz ushlasa bo‘ladi, deyishgan. Shunday bo‘lsada ular Qur’oni karimni hurmatlash, e’zozlash ruhida voyaga yetishlari uchun ularga Qur’on odoblarini, uni tahoratsiz ushlab bo‘lmasligini, shuning uchun tahorat bilan ushlashlari lozimligini o‘rgatish zarur.
3-savol: Bugunda juda ko‘plab gazeta va jurnallarda Qur’oni karim oyatlari, hadisi sharif yoki Allohning go‘zal ismlari, shuningdek, har xil rivoyat va ibratli hikoyalar yozilgan. Albatta, bu ishlar yoshlarimizning diniy bilimlari oshishiga xizmat qiladi. Lekin ayrim kimsalar bu sahifalarni nopok joylarga tashlashyapti. O‘sha qog‘ozlarni o‘qib bo‘lgandan so‘ng, nima qilish kerak?
Javob: Juda o‘rinli savol. Haqiqatdan ham bugungi kunda ko‘plab gazeta va jurnallarda Qur’oni karim oyatlari, hadisi sharif va umuman dinimizga doir maqolalar chop etilishi oldingiga nisbatan sezilarli darajada ko‘paydi. Bunday gazeta, jurnal va qog‘ozlar o‘qib bo‘lingach, ularni saqlab qo‘yish yoki odamlar bosmaydigan yerga ko‘mish lozim bo‘ladi. Ammo zinhor ko‘chaga uloqtirish yoki u bilan biror narsani o‘rash yo undan dasturxon o‘rnida foydalanish mumkin emas. Aks holda, ilohiy kalimalarga nisbatan hurmatsizlik qilingan bo‘ladi.
4-savol: Qur’on oyatlaridan o‘qib dam solish mumkinmi?
Javob: Ha. Alloh taoloning kalomi jismoniy va ma’naviy illatlarga shifo bo‘lishligiga shubha yo‘q. Bunga ahli sunna valjamoa aqidasi ittifoqdir. Alloh taolo marhamat qiladi:
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim (kofir)larga faqat ziyonni orttirur” (Isro).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Alloh kitobining fotihasida (Fotiha surasida) har bir dardga shifo bor!” (Imom Dorimiy va Bayhaqiy rivoyatlari).
Sahobai kiromlar hatto chayon chaqqanga ham Qur’on o‘qib dam solganlari sahih hadislarda vorid bo‘lgan. Dam solish uchun Qur’onni to‘liq o‘qib chiqish shart emas. Bilgan oyatlarini o‘qib, ixlos bilan dam solsa bo‘ladi, xudo xohlasa, shifo beradi.
5-savol: Qur’on o‘qish odoblarini o‘rganmoqchi edim. Iltimos, yordam bering?
Javob: Qur’on o‘quvchi qori bularga rioya etishi lozim:
Qorining odob-axloqi, fe’lu atvori va siyratu shamoili yuksak darajada, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak.
Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) aytar edilar: “Qorilar qandaydir xususiyatlari bilan boshqalardan ajralib turishlari kerak. Masalan, tunda odamlar uxlaganida, u Qur’on tilovati bilan bedor, kunduzi odamlar ovqatlanganida, u ro‘zador, odamlar o‘yin-kulgi bilan mashg‘ul bo‘lganida, u g‘amgin, odamlar behuda gaplar gapirishganida, u sukutda bo‘lishi kerak”.
Qori o‘qiganiga amal qilib, harom va makruhlardan taqvo qilishi kerak.
Qorilar Qur’on tilovatini tirikchilik manbaiga aylantirib olmasliklari lozim.
6-savol: Qur’oni karimni xatm qilishda nimalarga e’tibor berish lozim?
Javob: Qur’oni karimni xatm qilishda eng muhimi, to‘g‘ri tajvid bilan o‘qilishiga e’tibor berish kerak. Birovga xatm qildirganida ham uning Qur’onni to‘g‘ri o‘qishini bilish kerak.
Qur’on tilovati mutlaqo xolis bo‘lishi kerak. Pul ta’masida yoki boshqa dunyoviy istaklar bilan tilovat qilinsa, tilovatga savob berilmaydi (Ibn Humom, Ibn Obidin, Imom Barkaviy).
Qur’onni xatm qilish uch kun yoki undan ziyoda kunlarda amalga oshiriladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimki Qur’onni uch kundan kam muddatda o‘qisa, hech narsa tushunmaydi”, deganlar.
Xatmi Qur’on vaqtida ahlini chaqirib, hammalari birgalikda duo qilsa, inshoalloh, ijobat bo‘ladi (“Fatovoyi Qozixon”).
7-savol: Hurmatli Muftiy hazratlari! Qur’oni karim oyatlarining soni kitoblarda har xil aytilgan. Ba’zilarida 6666 ga deyilsa, boshqalarida undan kam adad ko‘rsatilgan. Oyatlarning soni qancha?
Javob: Qur’on oyatlari soni haqida ko‘p rivoyatlar kelgan. Ko‘faliklar Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) rivoyatiga suyanilib 6236 oyat, deyishgan. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) Qur’on 6218 oyat desa, Ibn Abbos (roziyallohu anhu) 6216 oyat deydi. Ismoil ibn Ja’far Madaniyga ko‘ra 6214 oyat, yana 6212, 6204 va 6226 oyatdan iborat deganlar ham bor.
Bu degani Qur’on oyatlari ko‘p yoki kam degani emas, balki ba’zi ulamolar Qur’onning oyatlarini bir-biriga qo‘shib, ikki oyatni bitta deb (ma’nosidan kelib chiqib) hisoblaganlari uchun ularning soni turlicha hisob qilingan.
O‘MI Matbuot xizmati
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.