Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

O‘zbekiston “Osiyo lochini” deb e’tirof etildi

9.01.2018   4573   5 min.
O‘zbekiston “Osiyo lochini” deb e’tirof etildi

Shveysariyada nashr etiladigan “Diva International” jurnali sahifasida “Osiyo lochinining parvozi: O‘zbekistonning 2018 yilga mo‘ljallangan yuksak rejalari” sarlavhali maqola bosildi. Unda mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishi hamda istiqboliga oid ma’lumotlar atroflicha qalamga olingan, deb yozadi “Jahon” axborot agentligi. 

“Xuddi lochin yerni pastda qoldirgani holda tobora yuqoriga ko‘tarilishi singari O‘zbekiston ham o‘zining yangi rahbari boshchiligida rivojlanish va farovonlikning yangi qirralarini zabt etish yo‘lida chuqur va tub islohotlarni hayotga tadbiq etish asnosida qanotlari bilan yuksalmoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlagan boshqaruvi ostida O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishini aynan shunday ta’riflash mumkin. 2017 yilning dekabrida u milliy parlamentga Murojaatnoma taqdim etib, o‘tgan yilning yakunlarini sarhisob qilgani barobarida yaqin istiqbolga mo‘ljallangan keng qamrovli islohotlar to‘g‘risida ham batafsil to‘xtaldi. 

Qayd etilganidek, davlat rahbari Murojaatnomasi O‘zbekiston yetakchisining iqtisodiyot, jamiyat va siyosatdagi mavjud muammolarni naqadar teran anglashini hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha juda oqilona takliflar bildirilganini namoyon etdi. Mamlakat parlamenti a’zolari hamda siyosatchilarga aniq va lo‘nda qilib “Uyg‘onish vaqti yetdi, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, deya da’vat etgani tushunarli holdir”. 

Maqolada O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba bo‘lgan mazkur Murojaatnomada o‘z ifodasini topgan ayrim jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan. 

“Birinchidan, bu o‘tgan yillar davomidagi haqqoniy bo‘lmagan raqamlar ortidan quvish va nomaqbul ish uslublarini tanqid qilish. Shu bois Markaziy bank hamda xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan tekshirilgan aniq-ravshan raqamlarga muvofiq, 2017 yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 5,5 foizni tashkil etishi e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil centyabrida valyuta tizimini liberallashtirishga kirishgani holda iqtisodiyotni isloh etish yo‘lida juda dadil qadam tashladi. U, shuningdek, mamlakat farovonligining qudratli harakatlantiruvchi kuchi sifatida kichik va xususiy biznes mustahkamlanishining jiddiy tarafdori hamdir. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirgani holda Prezident barcha tadbirkorlik subektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni 2 yilga to‘xtatishni taklif etdi. Shuningdek, davlat rahbari 2018 yili O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashini ham ma’lum qildi”, deb yozadi Shveysariya nashri. 

Nashr e’tirof etganidek, davlatimiz rahbarining Prezident virtual qabulxonasi va joylarda Xalq qabulxonalarini ochish, 2017 yilni mamlakatda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi tashabbuslari ko‘pchilik tomonidan, shu jumladan, o‘tgan yili respublikaga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn tomonidan ham yuqori baholandi. 

“Prezident parlamentga Murojaat chog‘ida bu g‘oyani rivojlantirish, ya’ni mamlakat fuqarolari davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishlari uchun Internet tarmog‘ida “Mening fikrim” deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etishni taklif qildi. Bundan tashqari, u fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni Oliy Majlis yoki xalq deputatlari Kengashlari ko‘rib chiqishi majburiy ekani qonunda belgilab qo‘yilishi lozimligini ham tavsiya etdi”. 

Mahalliy organlarga katta vakolatlarni berish asnosida hokimiyat markazlashuvidan chekinish bo‘yicha chuqur islohotlarning ko‘zlanayotgani ham jurnal e’tiboridan chetda qolmagan. Shu o‘rinda nashr mamlakat mintaqalarini rivojlantirish, odamlarning erkin harakatlanishi, ichki va tashqi savdo hajmlarini oshirish, iqtisodiy faoliyat va sayyohlikni rivojlantirish ta’minlanishi yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ichki sayyohlikni rag‘batlantirish va korruptsiya darajasini keskin pasaytirishga qaratilganini qayd etgan. 

“Prezident mamlakatda 2018 yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb nom berishni taklif etdi. Davlat rahbari bu bilan islohotlar o‘tkazishdan boshqa yo‘lning yo‘qligini va odamlar ishonchini qozonish uchun hali ko‘p ishlarni amalga oshirish lozimligini ma’lum qildi. Shubha yo‘qki, 2018 yili O‘zbekiston katta e’tibor qaratiladigan mamlakatlardan biri bo‘ladi, chunki lochin o‘z parvozini endi boshlamoqda”, deb yozadi “Diva International”. 

“Diva International” – ingliz, frantsuz va ispan tillarida 2000 yildan buyon chop etiladigan jurnal. Nashr adadi 5 ming nusxa. Nafaqat Shveysariyadagi, balki dunyodagi boshqa mamlakatlarning diplomatlari, xalqaro tashkilotlar xodimlari, tadbirkor va jamoatchilik arboblari ushbu jurnalning asosiy o‘quvchilari hisoblanishadi.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Videolar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   9767   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.

Videolavhalar