Musobaqada qatnashuvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni hali davom etmoqda, deb xabar beradi Qur’on musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita.
Tashkiliy qo‘mitaning O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmatiga ma’lum qilishicha, musobaqada ishtirok etish uchun joriy yilning 9 yanvar holatiga ko‘ra, Respublika bo‘yicha 847 nafar erkak va 284 nafar ayol kishi jami 1101 nafar yurtdoshlarimiz hujjat topshirishgan. Yodingizda bo‘lsa bu raqam kechagina 733 tani tashkil etgan edi. Bugun esa 1101 kishi, bir kundagi farqni ko‘ring. Bu esa, xalqimizning Allohning kalomiga bo‘lgan cheksiz muhabbatidan dalolat.
Eslatib o‘tamiz, Qur’on musobaqasida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolarimiz hifz va tilovat yo‘nalishlari bo‘yicha qatnashishlari mumkin. Ishtirokchilarini ro‘yxatga olish 13 yanvar kuniga qadar davom etadi.
O‘MI Matbuot xizmati
#Haj_2025
Yurtimizda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar Islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etmoqdalar.
2016 yilda 5200 nafar vatandoshimiz haj amallarini ado etgan bo‘lsa, 2017 yildan bunday sharafga erishganlar soni yana ikki ming kishiga ko‘payib, 7200 nafarga yetdi. 2022 yilda 12 mingdan ziyod, 2023–2024 yillarda esa 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmon hajni ado etdi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning beshinchi ruknini ado etadilar, inshoalloh.
Bugun Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida shu yil hajga boruvchi guruh rahbarlari ishtirokida ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi bo‘limi boshlig‘i Maqsud Karimov qatnashgan yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domda Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbirda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan bu yil ellikboshi bo‘lib hajga boruvchi diniy soha xodimlari ishtirok etgan bo‘lsalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridan boruvchi guruh rahbarlari ZOOM platformasi orqali onlayn qatnashdilar.
Yig‘ilishda guruh rahbarilariga haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatilib, ularga guruhlar aniq bo‘lgach, ziyoratchilar bilan uchrashib, Islomning beshinchi rukni bo‘lgan hajga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari, ehrom bog‘lash, hajning arkonlari, shartlari, farzlari, vojib va sunnatlarini atroflicha tushuntirishlari zarurligi qayd etildi.
Alloh taolo bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada o‘tkazishni nasib etsin. Har bir ziyoratchining haji mabrur bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati