Qish – mo‘minning bahori ruknidan (8-maqola)
Parvardigorimizning mehribonligini qarangki, tunlari ibodat qiluvchi bandalarining bu mashaqqatlarini bee’tibor qoldirmasdan ularni O‘zining Kalomida maqtab qo‘ygan. Sobirlar, siddiqlar, tasbih aytuvchilar, istig‘for aytuvchilar, boshlarini sajdadan ko‘tarmaguvchilar, yonboshlari yotog‘idan yiroq qilib, toat-ibodatini samimiy ixlos bilan qiluvchi bandalariga shunday mukofotlar hozirlab qo‘yganini aytadiki, o‘sha mukofotlarni ko‘rganda ularning ko‘zlari quvonadi.
Zotan, tun yarmida qilingan ibodat har qanday riyodan xoli bo‘lgan eng samimiy ibodatdir. Chunki o‘sha vaqtda ibodat qilayotgan odamni hech kim ko‘rmaydi. U Rabbimiz bilan yolg‘iz qoladi.
Boborahim Mashrab:
Har kishining dardi bo‘lsa, yig‘lasin yor oldida,
Qolmasin armon yurakda, etsin izhor oldida, –
deganidek, ko‘nglida neki nekbin tuyg‘ulari bo‘lsa, faqat Unga aytadi. Jonini bir nafas himoyasida qilib qo‘ygan Buyuk Yaratuvchiga hamdu sanolar aytadi. Ana o‘shalarni Alloh taolo oyati karimalarda quyidagicha madh etadi:
“Sabr qiluvchilar, sodiqlar, doimiy toat qiluvchilar, nafaqa qiluvchilar va saharda istig‘for aytuvchilardir” (Oli Imron, 17).
“Ular kechayu kunduz tasbih aytarlar. Charchamaslar” (Anbiyo, 20).
“Ular tunlarni Rabbilariga sajda qilib, bedor o‘tkazadilar” (Furqon, 64).
“Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Ular Rabbilariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq qilurlar. Bas, hech bir jon o‘zlari uchun qilib o‘tgan amallari mukofotiga berkitib qo‘yilgan ko‘z quvonchlarini bilmas” (Sajda, 16-17).
“Yo‘qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo‘rqib, Rabbi rahmatidan umidvor bo‘lgan odamga tengmi?! Sen: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!” – deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar” (Zumar, 9).
“Albatta, taqvodorlar jannat va buloqlardadir. Rabbilari bergan narsalarni oluvchilardir. Chunki ular bundan oldin ehson qiluvchilardan bo‘lganlardir. Ular kechalari oz uxlar edilar” (Zaariyaat, 15-18).
“Ular barobar emaslar. Ahli kitoblardan Allohning oyatlarini sajda qilgan hollarida kechasida tilovat qiladigan yaxshi toifalari ham bor” (Oli Imron, 113).
Tungi ibodatning shuncha fazilati borligini ko‘rgandan keyin har bir qalbi salim yurtdoshimiz uzun tunlarning fazilatidan foydalanib qolishga jiddu jahd etishi tabiiy.
Binobarin, kechasi oz uxlasak ham tong otadi, ko‘p uxlasak ham kun yorishadi. Ammo yonboshimizni yotoqqa emas, peshonamizni sajdaga ko‘proq qo‘ysak, Rabbimiz aytganidek, o‘zimiz tasavvur qila olmaydigan darajada katta mukofotlarga erishamiz.
Rabbimiz barchamizni har bir kunimizdan foyda va tunimizdan fazilat oluvchilardan qilsin!
O‘MI matbuot xizmati
Hanafiy mazhabimiz fiqh kitoblarida namozdagi qiroatga doir masalalar, shuningdek, qiroat hamda alohida bob yoki fasllarda batafsil bayon qilingan. Chunki qiroat namoz ichidagi farzlardan biridir. Namozda qiroat mukammal bo‘lmog‘i zarur.
Fiqh kitoblarimizda, shuningdek, namozga tegishli ilmlarni o‘qib-o‘rganish tungi nafl (tahajjud)ning savobidan ortiqroq va afzal ekani ham ta’kidlangan.
Biz “Hidoya”, “Muxtasarul-viqoya”, “al-Ixtiyor”, “Maslakul-muttaqiyn” va boshqa o‘nlab hanafiy mazhabimiz fiqh kitoblarida bayon etilgan namozda Qur’on oyatlarini xato qilmaslikka doir masalalarni va fatvolarni jamlab, ikki qismli kitob qilinadi.
Kitobning 1-qismi besh vaqt namozda zam sura qilib o‘qiladigan oyatlar qiroatida yuz beradigan xatoliklarga doir muhim ma’lumotlar to‘plandi. Quyida shu kitobning 1-qismidan parcha havola etmoqdamiz:
Imom Saraxsiyning “Muhit” asari va boshqa manbalar asosida
O‘zRFASHI katta ilmiy xodimi, ToshDSHU dots.nti
Bahriddin UMURZOQOV tayyorladi.