Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

Kunduzi mehnat – tunda ibodat qilamiz

9.01.2018   4453   3 min.
Kunduzi mehnat – tunda ibodat qilamiz

Qish – mo‘minning bahori ruknidan (8-maqola)

Parvardigorimizning mehribonligini qarangki, tunlari ibodat qiluvchi bandalarining bu mashaqqatlarini bee’tibor qoldirmasdan ularni O‘zining Kalomida maqtab qo‘ygan. Sobirlar, siddiqlar, tasbih aytuvchilar, istig‘for aytuvchilar, boshlarini sajdadan ko‘tarmaguvchilar, yonboshlari yotog‘idan yiroq qilib, toat-ibodatini samimiy ixlos bilan qiluvchi bandalariga shunday mukofotlar hozirlab qo‘yganini aytadiki, o‘sha mukofotlarni ko‘rganda ularning ko‘zlari quvonadi.

Zotan, tun yarmida qilingan ibodat har qanday riyodan xoli bo‘lgan eng samimiy ibodatdir. Chunki o‘sha vaqtda ibodat qilayotgan odamni hech kim ko‘rmaydi. U Rabbimiz bilan yolg‘iz qoladi.

Boborahim Mashrab:

Har kishining dardi bo‘lsa, yig‘lasin yor oldida,

Qolmasin armon yurakda, etsin izhor oldida, –

deganidek, ko‘nglida neki nekbin tuyg‘ulari bo‘lsa, faqat Unga aytadi. Jonini bir nafas himoyasida qilib qo‘ygan Buyuk Yaratuvchiga hamdu sanolar aytadi. Ana o‘shalarni Alloh taolo oyati karimalarda quyidagicha madh etadi:

Sabr qiluvchilar, sodiqlar, doimiy toat qiluvchilar, nafaqa qiluvchilar va saharda istig‘for aytuvchilardir” (Oli Imron, 17).

Ular kechayu kunduz tasbih aytarlar. Charchamaslar” (Anbiyo, 20).

Ular tunlarni Rabbilariga sajda qilib, bedor o‘tkazadilar” (Furqon, 64).

Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Ular Rabbilariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq qilurlar. Bas, hech bir jon o‘zlari uchun qilib o‘tgan amallari mukofotiga berkitib qo‘yilgan ko‘z quvonchlarini bilmas” (Sajda, 16-17).

Yo‘qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo‘rqib, Rabbi rahmatidan umidvor bo‘lgan odamga tengmi?! Sen: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!” – deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar” (Zumar, 9).

Albatta, taqvodorlar jannat va buloqlardadir. Rabbilari bergan narsalarni oluvchilardir. Chunki ular bundan oldin ehson qiluvchilardan bo‘lganlardir. Ular kechalari oz uxlar edilar” (Zaariyaat, 15-18).

Ular barobar emaslar. Ahli kitoblardan Allohning oyatlarini sajda qilgan hollarida kechasida tilovat qiladigan yaxshi toifalari ham bor” (Oli Imron, 113).

Tungi ibodatning shuncha fazilati borligini ko‘rgandan keyin har bir qalbi salim yurtdoshimiz uzun tunlarning fazilatidan foydalanib qolishga jiddu jahd etishi tabiiy.

Binobarin, kechasi oz uxlasak ham tong otadi, ko‘p uxlasak ham kun yorishadi. Ammo yonboshimizni yotoqqa emas, peshonamizni sajdaga ko‘proq qo‘ysak, Rabbimiz aytganidek, o‘zimiz tasavvur qila olmaydigan darajada katta mukofotlarga erishamiz.

Rabbimiz barchamizni har bir kunimizdan foyda va tunimizdan fazilat oluvchilardan qilsin!

O‘MI matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Unashtirishlik - uylanish va er‑xotin bo‘lish emas!

4.01.2025   3567   1 min.
Unashtirishlik - uylanish va er‑xotin bo‘lish emas!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Agar sovchi qo‘yilgan ayol yoki uning valiysi tomonidan mazkur sovchilikka rozilik javobi berilsa, unashtirilgan bo‘ladi.

Unashtirish ikki tomondan oila qurish uchun berilgan va’dadir. Bu narsa ham uylanish, er‑xotin bo‘lish emas. Shuning uchun ham unashtirilgan ikki kishi bir-biriga ajnabiy – begona holida turadilar. Ular "unashtirib qo‘yildik", deb xilvatda yolg‘iz qolishlari, bir-birlari bilan er‑xotindek muomalada bo‘lishlari mutlaqo mumkin emas, faqat nikoh aqdidan keyingina er‑xotin bo‘ladilar.

Unashtirilgandan keyin to‘y qilib, oila qurish eng marg‘ub ishdir. Unashtirilgandan so‘ng ajrashish yaxshi emas. Lekin uzrli sabablarga ko‘ra ajrashishsa, joiz.

Unashtirilish faqat va’dadan iborat bo‘lganligi uchun, undan keyin ajrashish oqibatida hech qanday majburiyatlar sobit bo‘lmaydi.

Agar bu orada hadya oldi-berdisi bo‘lgan bo‘lsa, aynigan tomon zarariga bo‘ladi. Misol uchun, erkak aynigan bo‘lsa, berganini qaytarib olishga haqqi bo‘lmaydi. Agar ayol kishi aynigan bo‘lsa, hadyani erkak tarafga qaytarib bergani yaxshi.

Ushbu ishlarning barchasi o‘zaro hurmat va Islomiy odob asosida olib borilishi lozim. Nasib bo‘lmay, oila qurishga ittifoq qilinmay, sovchilik yoki unashtirishdan keyin ajralish ro‘y beradigan bo‘lsa ham, bir-birlarining obro‘larini to‘kmay, yaxshilik bilan ajralishlari zarur.

«Baxtiyor oila» kitobidan