Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Kunduzi mehnat – tunda ibodat qilamiz

9.01.2018   4342   3 min.
Kunduzi mehnat – tunda ibodat qilamiz

Qish – mo‘minning bahori ruknidan (8-maqola)

Parvardigorimizning mehribonligini qarangki, tunlari ibodat qiluvchi bandalarining bu mashaqqatlarini bee’tibor qoldirmasdan ularni O‘zining Kalomida maqtab qo‘ygan. Sobirlar, siddiqlar, tasbih aytuvchilar, istig‘for aytuvchilar, boshlarini sajdadan ko‘tarmaguvchilar, yonboshlari yotog‘idan yiroq qilib, toat-ibodatini samimiy ixlos bilan qiluvchi bandalariga shunday mukofotlar hozirlab qo‘yganini aytadiki, o‘sha mukofotlarni ko‘rganda ularning ko‘zlari quvonadi.

Zotan, tun yarmida qilingan ibodat har qanday riyodan xoli bo‘lgan eng samimiy ibodatdir. Chunki o‘sha vaqtda ibodat qilayotgan odamni hech kim ko‘rmaydi. U Rabbimiz bilan yolg‘iz qoladi.

Boborahim Mashrab:

Har kishining dardi bo‘lsa, yig‘lasin yor oldida,

Qolmasin armon yurakda, etsin izhor oldida, –

deganidek, ko‘nglida neki nekbin tuyg‘ulari bo‘lsa, faqat Unga aytadi. Jonini bir nafas himoyasida qilib qo‘ygan Buyuk Yaratuvchiga hamdu sanolar aytadi. Ana o‘shalarni Alloh taolo oyati karimalarda quyidagicha madh etadi:

Sabr qiluvchilar, sodiqlar, doimiy toat qiluvchilar, nafaqa qiluvchilar va saharda istig‘for aytuvchilardir” (Oli Imron, 17).

Ular kechayu kunduz tasbih aytarlar. Charchamaslar” (Anbiyo, 20).

Ular tunlarni Rabbilariga sajda qilib, bedor o‘tkazadilar” (Furqon, 64).

Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Ular Rabbilariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq qilurlar. Bas, hech bir jon o‘zlari uchun qilib o‘tgan amallari mukofotiga berkitib qo‘yilgan ko‘z quvonchlarini bilmas” (Sajda, 16-17).

Yo‘qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo‘rqib, Rabbi rahmatidan umidvor bo‘lgan odamga tengmi?! Sen: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!” – deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar” (Zumar, 9).

Albatta, taqvodorlar jannat va buloqlardadir. Rabbilari bergan narsalarni oluvchilardir. Chunki ular bundan oldin ehson qiluvchilardan bo‘lganlardir. Ular kechalari oz uxlar edilar” (Zaariyaat, 15-18).

Ular barobar emaslar. Ahli kitoblardan Allohning oyatlarini sajda qilgan hollarida kechasida tilovat qiladigan yaxshi toifalari ham bor” (Oli Imron, 113).

Tungi ibodatning shuncha fazilati borligini ko‘rgandan keyin har bir qalbi salim yurtdoshimiz uzun tunlarning fazilatidan foydalanib qolishga jiddu jahd etishi tabiiy.

Binobarin, kechasi oz uxlasak ham tong otadi, ko‘p uxlasak ham kun yorishadi. Ammo yonboshimizni yotoqqa emas, peshonamizni sajdaga ko‘proq qo‘ysak, Rabbimiz aytganidek, o‘zimiz tasavvur qila olmaydigan darajada katta mukofotlarga erishamiz.

Rabbimiz barchamizni har bir kunimizdan foyda va tunimizdan fazilat oluvchilardan qilsin!

O‘MI matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Shifo oyatlarini o‘qing!

23.12.2024   1361   2 min.
Shifo oyatlarini o‘qing!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.

Bir kuni Imom Qosim Kushayriy rahimahullohning o‘g‘li kasal bo‘lib qoldi. Ota farzandining kasalligidan qattiq g‘amga botdi. Kunlarning birida tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘radi va o‘g‘liga shifo tilab duo so‘raydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “O‘g‘lingga shifo oyatlarini o‘qi”, deydilar. Qosim Qushayriy rahmatullohi alayhi ularni o‘qiydi va o‘g‘li tuzalib ketadi.

Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:

وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ

(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).

 

يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ

“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).

 

يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).

 

وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ

(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).

 

وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ

Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur (Shuaro surasi, 80-oyat).

 

قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ

Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).


Davron NURMUHAMMAD