Oila a’zolari orasidagi munosabatlar yaxshi bo‘lishi kerak
Tartib va intizom bo‘lgan joydagina qonun-qoida amal qiladi. Tartib bo‘lmagan joyda ish ham yurmaydi, rivojlanish ham bo‘lmaydi. Oilada tinchlik-xotirjamlikning bo‘lishi, oila a’zolari orasida mehr-oqibatning mavjudligi, ota-ona va farzandlarning o‘zaro samimiy munosbatalari bu kichkina jamiyat deb nomlangan oilaning ichki-tartib qoidalari hisoblanadi. Bizning oilamiz katta oroldagi tanho oila emas, balki aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, amaki-tog‘alarimiz, amma-xolalarimiz, biz bilan yaqin bordi-keldisi bo‘lgan do‘stu yor, qo‘ni-qo‘shnilarning oilalari orasida ekanini esimizdan chiqarmaylik.
Yangi ishga kirgan xodimga ham avval boshida kerakli shart-sharoitini yaratib berib, ichki tartib-qoidalar bilan tanishtirib undan keyin ish talab qilinadi. Oilada ham xuddi shunday bo‘lishi kerak emasmi? Oilamizda tartib o‘rnatganmiz, bolalarim aytganlarimni qiladi, to‘g‘ri yo‘lda olib ketyapman deymiz-u joyi kelganda farzandlarimizning qilib qo‘ygan ishlarini ko‘rib yoqamizni ushlab qolamiz. Yo‘q, bu mening farzandim emas, bu uning ishi emas, buni boshqa birov qilgan, uni majburlagan….. Koshki bu vajlarning endi foydasi bo‘lsa?
Ota-onaga xizmat qilib, ularning roziliklarini olish butun bir boshli oila, qarindosh-urug‘, hatto qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlar jamoasini o‘z ichiga oladigan kompleks xizmatlar majmuasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki oyat va hadislardan shu narsa ma’lum bo‘lmoqdaki, bu boradagi ilk qadam oilada bevosita ota-onadan boshlansa-da, u borib-borib aka-ukalar, amaki-tog‘alar, ota-onaning yoru do‘stlariga bo‘lgan munosabatalarni ham o‘z ichiga olmoqda.
Ikki yo uch yoki undan ko‘p farzandli oilalarda, keyinchalik ularning har biri oila qurib bola-chaqali bo‘lgandan keyingi bir butun katta oilani ko‘z oldingizga keltiring. Bu kichkina jamiyat garchi hammasi bir ota va onadan ko‘paygan bo‘lsa-da, turli xarakterdagi har xil salohiyatdagi katta-yu kichik odamlarni o‘z qaramog‘iga oladi. Mana shu kichkina kishilik jamiyatida hech kimning ko‘nglini og‘ritmasdan, imkon qadar hamma bilan yaxshi munosabat o‘rnatgan holda ota-onaning xizmatini qilib, roziliklarini topish lozim bo‘ladi. Kamchilik va xatolar hammada ham bo‘ladi. Ayniqsa bu bolalarda ko‘p uchraydi. Zotan inson qusurlardan xoli emas.
Oila a’zolari orasidagi, ayniqsa ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi muomalaning yaxshi bo‘lishligi, eng avvalo, ularning ba’zi qusur va kamchiliklariga ko‘z yumishlikka bog‘liqdir.
Agar oila a’zolari hisoblangan farzandlarning birortasida yomonroq odati bo‘lsa, buni unga chiroyli qilib, yumshoqlik bilan tushuntirish lozim. Bu chiroyli so‘zni misollar yoki ibratli hikoyalar bilan tushuntirilsa yanada yaxshi bo‘ladi. Bu jarayondagi, ya’ni oila a’zolariga tarbiya berishdagi eng muhim jihat, so‘zdan boshqa ortiqcha harakatlarga ehtiyoj qoldirmaslikdan iboratdir. Demak, aytilishi bilan xato va kamchiliklar bartaraf etiladigan bo‘lsa, ortiqcha gap-so‘zlarga o‘rin qolmaydi va bu tarbiyaning yaxshi ta’siridan darak beradi.
Ota-ona tomonidan buyurilgan ishlar farzand tomonidan qarshilik bilan qabul qilinsa, ijrosi kechiktirilsa yoki bajarilmaydigan bo‘lsa, bunday buyruqlarni bergandan ko‘ra bermaslik ma’qul, deyilgan tarbiya kitoblarimizda. Chunki aynan mana shu zarurat bolani ota-onaning amriga isyon qilib, Allohning azobiga giriftor bo‘lib qolmasligi uchun ham kerakdir. Zero hadisi sharifda:
“Farzandining itoatiga yordam bergan otaga, Alloh rahmat qiladi”, deb marhamat qilingan. (Sahoviy, “Maqosidul-Hasana”, 516)
Bu hadisi sharifda farzandi qarshi chiqib osiy bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladigan buyruqni bermagan ota nazarda tutilgan. Bu aslida har bir ota-ona uchun eng muhim va kerak bo‘ladigan ko‘rsatma hisoblanadi. Chunki bola to aqlini tanib, oq-qorani ajratib, savobu gunoh nimaligini yaxshi bilib olgunicha qanchadan qancha qovun pishig‘i o‘tishi lozim bo‘ladi. Hatto bola katta bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib ketganda ham ota-ona aynan shu masalada juda ehtiyotkor bo‘lsa, faqat yaxshi bo‘ladi.
Tarbiya kitoblarimizda ustozning darajasi otanikidek ulug‘ligi aytib o‘tiladi. Bu bejizga emas. Chunki ustoz insonning ma’naviy tarbiyasi bilan shug‘ullanib, uni komil inson bo‘lib yetishiga asosiy e’tiborini qaratadi. Shuning uchung ham ularning ta’lim-tarbiya berish usullarida, avvalo, ustozning o‘zi chiroyli odob egasi bo‘lishligi, keyin og‘ir-vazminlik, sabr-toqatlik, chidamlilik kabi qobiliyatlarga ega bo‘lish eng birinchi talablardan hisoblangan. Islom olamining buyuk shayxlari hayoti haqidagi tarixiy manbalarda yozilishicha, ilm dargohlarida ta’lim olayotgan ayrim shogirdlarda kuzatilgan kamchilik yoki nuqsonni talabaga aytish uchun ustozi yillab, hatto, ayrimlari qirq yil kutganlari bayon etilgan. Bu nima degani? Inson xato va kamchilikdan xoli bo‘lmaganidek, shu nuqsonlarini birdaniga qabul qilib, uni bartaraf etishga ham loyiq emas degani. Insonga o‘z xatosini to o‘zi aql-idroki bilan tushunib yetishi uchun unga yillar kerak bo‘ladi. Ba’zida esa shu kamchiligini unga aytish uchun zarur va qulay fursatni topish uchun ham ota-onalarga kunlar, balki oylar kerak bo‘lar. Shuning uchun farzand tarbiyasida, ayniqsa, ota-onalarning ularga nisbatan munosabatlarida tarbiyaning mana shunga o‘xshash nozik jihatlarini eslaridan chiqarmasliklari ayni muddao bo‘ladi.
Hikmat. Abu Lays Samarqndiyning “Tanbehul g‘ofiliyn” asarida alloma Fuzayl bin Iyyos rahmatullohi alayhning quyidagi xulosalari ifoda etilgan:
“Shu ishlarni qilgan odam mutlaqo muruvvat va fazilat sohibi bo‘ladi: ota-onasiga yaxshilik qiladigan, qarindoshlarini ziyorat etadigan, din birodarlariga iltifot va hurmat ko‘rsatadigan, ahli ayoli, bolalari va xizmatchisi bilan yaxshi muomalada bo‘lib, hayot kechiradigan, dinini muhfaza qiladigan, molini shariat buyurgan tarzda halol saqlab, ortig‘ini ehson qiladigan, tilini tiygan, ko‘zlari uyiga, ibodatga qaratilgan tarzda hayot kechiradigan, behuda ishlar va keraksiz odamlardan uzoqda yurgan.”
Tarbiya kitoblarimizda, bolalar yetti yoshigacha oilaning rayhonlari ekani, ularni mazza qilib hidlash mumkinligi, yetti yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha ota-onaning xizmatchisi ekani, keyin esa yo dushmaningiz yoki do‘stingiz bo‘ladi, deb aytilgan.
O‘qigan-bilganlarimizdan shu narsa ma’lum bo‘lmoqdaki, birorta kishiga, shu jumladan, o‘z farzandiga ham bir narsani o‘rgatishda tarbiyani shuni qilgin, buni bajarmagin kabi keskin buyruq va majburlash tarzida bermaslik kerak ekan. Har qanday tarbiya jarayonida chiroyli o‘rnak ko‘rsatish eng yaxshi natija berishi tajribalardan bilinmoqda.
Shundan kelib chiqib, ota-onalar ham yaxshi va xayrli ishlarni faqat tushuntiravermasdan, nasihatlarini amalda o‘zlari bajarib ko‘rsatib tursalar, yaxshi o‘rnak bo‘ladi.
Ulug‘bek Sultonovning
"Ota – onaga xizmat qilish
odoblari" kitobidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi