Muhtaram yurtboshimizning 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga taqdim etgan Murojaatnomasi yurtimizdagi barcha ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi. Davlatimiz rahbarining mamlakat tarixida birinchi marta parlamentga Murojaatnomasi bu – nafaqat parlamentimizga, balki bevosita xalqimizga bo‘lgan tarixiy murojaatidir.
Murojaatnomada yurtboshimiz barcha sohalar qatori yurtimizda hukm surayotgan diniy erkinlik va muqaddas islom dini ta’limotini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq ba’zi masalalarni ham aytib o‘tdi, “...bu yurtda olimu ulamolar, buyuk mutafakkir va shoirlar, aziz-avliyolar yetishib chiqqan. Ularning aniq fanlar va diniy ilmlar sohasida qoldirgan bebaho merosi, butun insoniyatning ma’naviy mulki hisoblanadi” deb ta’kidladi.
Haqiqatan, O‘zbekiston – ulug‘ alloma va avliyolar yurti. Hozirgacha ulug‘ bobokalonlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy merosi, dunyo kutubxonalarida saqlanmoqda, o‘rganilmoqda.
Prezidentimiz buyuk alloma va mutafakkirlar merosini yanada puxta o‘rganish, ular qoldirgan ma’naviy merosni to‘plash, jahon standartlariga mos ravishda saqlash va ona tilimizga tarjima qilish bo‘yicha ham aniq ko‘rsatmalar berdi. Jumladan, o‘tgan 2017 yilda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari va Islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlab yuborildi. Imom Buxoriy majmuasi qoshida hadis va kalom, Buxoroda hazrati Bahouddin Naqshband majmuasi qoshida tasavvuf, Qarshi shahrida Abu Muin majmuasi qoshida aqida, Farg‘onada fiqh maktablari o‘z faoliyatlarini boshlab, bugungi kunda ushbu maktablarda imom-xatib va ularning o‘rinbosarlaridan tanlov asosida qabul qilingan diniy xodimlar maxsus dasturlar asosida bilimilarini yanada oshirishayotgani quvonarli holdir.
Yurtimizdagi kitob fondlarida 100 mingdan ortiq qadimiy qo‘lyozma va toshbosma manbalar saqlanmoqda. Yurtboshimiz aytganidek, ushbu kitoblar hanuzgacha o‘rganilmagan, tadqiq etilmagan. Biz islomiy bilimlardan ancha ortda qolgan edik, xalq dindan cho‘chib qolgan edi. Lekin Islom insoniyatni halollik, ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan dindir. Islom bu nurli hayot sari qadam qo‘yishdir.
Bugungi kunda yurtimizda barcha sharoitlarga ega ana shunday markazlarda bizga qoldirilgan bebaho merosni olib, o‘rganib, tarjimalari bilan shug‘ullanadigan yoshlarni tarbiyalab yetishtirish barchamizni burchimizdir.
Ushbu noyob manbalardagi hadislar va allomalarimiz o‘gitlarida Vatan, ota-ona, xalq manfaati, insonlarga mehr-oqibatli bo‘lish, yetimlar va miskinlarning boshini silash, kattalarga hurmat va kichiklarga izzat kabi insoniy fazilatlar mujassamdir. Biz o‘rta asrlarda yashab, ijod qilib, dunyoga dovrug‘ solgan ulug‘ alloma va mutafakkirlarning kelajagi buyuk vorislarimiz.
Biz muqaddas dinimizni har doim himoya qilamiz. Bu yo‘lda qudratli davlatimiz va aziz allomalariz qoldirgan boy ilmiy merosga tayanamiz.
Davlatimiz biz din ahliga shunchalik katta e’tibor qaratib turgan bir paytda bu ne’matni qadriga yetmaslik ham noshukrlik hisoblanadi. Noshukrlik esa bizning dinimizda qattiq qoralanadi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ilmiy muassasa va maktablarda o‘zlarining diniy va dunyoviy bilimlarini rivojlantirayotgan har-bir kishi sof islom g‘oyalarini ochib berish, din hech qachon insoniyatni yovuzlikka boshlamasligini isbotlab berishdek ulkan fazilatlarni ko‘rsatmog‘i lozim.
Xulosamiz shuki, jaholatga qarshi ma’rifat va ezgulik bilan kurashish g‘oyasining naqadar ahamiyatli ekanini ich-ichimizdan his qilib, buni butun O‘zbekiston yoshlari ongi-tafakkuriga yetkazmog‘imiz darkor.Buyuk Alloh barchamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin!
Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati