Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

O‘z joniga qasd qilish – osiylik va qo‘rqoqlik

8.01.2018   4572   5 min.
O‘z joniga qasd qilish – osiylik va qo‘rqoqlik

Parvardigori olam O‘zini tanitish uchun yeru osmonni barpo qilib, unda barcha maxluqot va mavjudotlarni yaratdi. Shularning ichida insonni boshqalaridan afzal ekanini va yaratganning oldida hurmatli ekanini bildirib qo‘ydi. Bu borada Alloh taolo shunday deydi:

“Darhaqiqat, (Biz) odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik hamda dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni (o‘zimiz) yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70). 

Darhaqiqat, Alloh taolo borliqdagi turli-tuman mavjudodlarni bir-biridan afzal qilib yaratgan, shularning ichida odam bolasini barchasidan mukarram etganini ma’lum qilmoqda. Odamning shakli, barcha a’zolarining tuzilishi, harakati va unga berilgan aql ne’mati azizu mukarramlikdan dalolatdir.

Insonning yaralishi va bu dunyoga kelishi buyuk mo‘jiza bo‘lib, barchasi Yaratgannnig xohish-irodasi bilandir. Bu olamda taqdir qilganicha yashab o‘tishi ham bir mo‘jiza. Demak, insonning yaralishi, bu dunyoda yashashi va dunyoni tark qilishi Yaratganning irodasi bilan bog‘liq ekan, endi insonlar Uning bandalari uchun  iroda qilgan qonunlari ham bor ekanini bilishlari shart bo‘lib qoladi. Zero, Alloh taolo mehribon va rahimli zotki, bandalariga zulm qilmas. Bu qonun – dindir! Unga amal qilgan bandalarni musulmon deyiladi.  Shu bilan inson baxtli hayot kechiradi. Bu borada Alloh taolo shunday dedi:

«Bas, (ey Muhammad!) Yuzingiz (o‘zingiz)ni to‘g‘ri bo‘lgan dinda (Islomda) tuting! Insonlarni o‘sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o‘zgartirish yo‘q. Eng to‘g‘ri din shudir, lekin ko‘p odamlar (buni) bilmaslar.  Unga o‘zingizni topshirgan hollaringizda  (dinni mahkam tutingiz) va Undan qo‘rqingiz hamda namozni barkamol ado etingiz,  mushriklardan bo‘lmangiz» (Rum surasi, 30-31-oyatlar).

Alloh taoloning ta’limotida insonlar yer yuzini obod qilishi, ezgu amallar bilan mashg‘ul bo‘lishi, jamiyatga manfaatli bo‘lishi va berilgan ne’matlarga shukrona qilib yashashga buyurilgan.

Insonga yetadigan ba’zi dard, qiyinchilik va musibatlar bandaga sinov yoki uning gunohlariga kafforot ekanini suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalom aytib o‘tganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam dedilar: Musulmon kishiga yetadigan har bir dard, qiyinchilik, musibat, qayg‘u-alam, ozor yoki g‘am va hatto unga kirgan tikan sababli ham Alloh taolo uning xatolarini kafforot qiladi”.  

Hayotning qadriga yetmagan, unga berilgan ne’matning shukronasini qilmagan, yashashni istamagan, atrofdagilardan norozi kishilarning xatti-harakatlari natijasi  o‘z jonigan qasd qilish bilan nihoya topadi. Bu borada dinimizda bir qancha va’idlar bayon etilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tog‘dan tashlab o‘zini o‘zi o‘ldirsa, u jahannam otashida abadulabad o‘zini tog‘dan tashlab turadi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, u zaharni qo‘lida tutgan holida jahannam otashida abadulabad zahar ichib turadi. Kim o‘zini o‘zi temir (tig‘) bilan o‘ldirsa, u temirni qo‘lida tutgan holda jahannam otashida abadulabad o‘sha temirni qorniga sanchib turadi”, dedilar. (Muttafaqun alayhi)

Inson o‘z joniga qasd qilishi Allohning qazoi qadariga qarshi chiqishi, qolaversa, takror berilmaydigan ne’mat hisoblangan umr ne’matiga noshukrlik, osiylik, irodasizlik va musulmongan xos bo‘lmagan qo‘rqoqlikdir. Bunga musulmonlar jiddiy e’tibor bermog‘i lozim. Chunki hayotda yo‘qotilgan ne’matlarning barchasi, bandaning tavbasi va istig‘fori bilan yana qaytarilishi mumkin, ammo umr ne’mati ko‘tarilsa, boshqa qaytib kelmaydi. Agar fikr yuritib, ibrat nazari bilan kuzatadigan bo‘lsak, inson umrining o‘tishi, kecha va kunduzning ketma-ket almashishi kabi juda ham tezlik bilan harakatlanadi. Shuning uchun Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishiga nasihat qilib: “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil: keksayishdan oldin yoshlikni, kasal bo‘lishdan oldin sog‘likni, faqir bo‘lishdan oldin boylikni, band bo‘lishdan oldin bo‘shlikni va o‘limdan oldin hayotni”, dedilar. 

Darhaqiqat, inson butun umr davomida Allohning roziligini topay, mukofoti jannatiga yetay deb yashaydi, garchi gunohkor va xato qiluvchi bo‘lsa ham. Alloh taolo ham bandasi qilgan gunohlarini chin dildan pushaymon bo‘lib tavba qilsa, kechirishini va’da qilgan. Ammo, dinimiz xatolar ichida besabrlik sababli o‘z joniga qasd qilishni ulkan gunoh ekanini va bunday kishilar uchun jannat harom qilinganining ham xabarini bergan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi qudsiyda: “Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoqni oldi-da, qo‘lini (tomiri) kesdi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: “Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim” dedi”, dedilarHa azizlar, umr – bebaho ne’mat. Zero, uning qadriga yetishda va atrofimizdagi kishilarga bu borada nasihatchi bo‘lishimizda bizdan shijoat va jiddu jahd talab qilinadi.

 

Xayrulloh SATTOROV,

 Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Li iylafi quraysh" surasi

8.01.2025   2974   2 min.

"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi. 

Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.

Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi. 
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.

Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.

Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV