Parvardigori olam O‘zini tanitish uchun yeru osmonni barpo qilib, unda barcha maxluqot va mavjudotlarni yaratdi. Shularning ichida insonni boshqalaridan afzal ekanini va yaratganning oldida hurmatli ekanini bildirib qo‘ydi. Bu borada Alloh taolo shunday deydi:
“Darhaqiqat, (Biz) odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik hamda dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni (o‘zimiz) yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).
Darhaqiqat, Alloh taolo borliqdagi turli-tuman mavjudodlarni bir-biridan afzal qilib yaratgan, shularning ichida odam bolasini barchasidan mukarram etganini ma’lum qilmoqda. Odamning shakli, barcha a’zolarining tuzilishi, harakati va unga berilgan aql ne’mati azizu mukarramlikdan dalolatdir.
Insonning yaralishi va bu dunyoga kelishi buyuk mo‘jiza bo‘lib, barchasi Yaratgannnig xohish-irodasi bilandir. Bu olamda taqdir qilganicha yashab o‘tishi ham bir mo‘jiza. Demak, insonning yaralishi, bu dunyoda yashashi va dunyoni tark qilishi Yaratganning irodasi bilan bog‘liq ekan, endi insonlar Uning bandalari uchun iroda qilgan qonunlari ham bor ekanini bilishlari shart bo‘lib qoladi. Zero, Alloh taolo mehribon va rahimli zotki, bandalariga zulm qilmas. Bu qonun – dindir! Unga amal qilgan bandalarni musulmon deyiladi. Shu bilan inson baxtli hayot kechiradi. Bu borada Alloh taolo shunday dedi:
«Bas, (ey Muhammad!) Yuzingiz (o‘zingiz)ni to‘g‘ri bo‘lgan dinda (Islomda) tuting! Insonlarni o‘sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o‘zgartirish yo‘q. Eng to‘g‘ri din shudir, lekin ko‘p odamlar (buni) bilmaslar. Unga o‘zingizni topshirgan hollaringizda (dinni mahkam tutingiz) va Undan qo‘rqingiz hamda namozni barkamol ado etingiz, mushriklardan bo‘lmangiz» (Rum surasi, 30-31-oyatlar).
Alloh taoloning ta’limotida insonlar yer yuzini obod qilishi, ezgu amallar bilan mashg‘ul bo‘lishi, jamiyatga manfaatli bo‘lishi va berilgan ne’matlarga shukrona qilib yashashga buyurilgan.
Insonga yetadigan ba’zi dard, qiyinchilik va musibatlar bandaga sinov yoki uning gunohlariga kafforot ekanini suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalom aytib o‘tganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Musulmon kishiga yetadigan har bir dard, qiyinchilik, musibat, qayg‘u-alam, ozor yoki g‘am va hatto unga kirgan tikan sababli ham Alloh taolo uning xatolarini kafforot qiladi”.
Hayotning qadriga yetmagan, unga berilgan ne’matning shukronasini qilmagan, yashashni istamagan, atrofdagilardan norozi kishilarning xatti-harakatlari natijasi o‘z jonigan qasd qilish bilan nihoya topadi. Bu borada dinimizda bir qancha va’idlar bayon etilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tog‘dan tashlab o‘zini o‘zi o‘ldirsa, u jahannam otashida abadulabad o‘zini tog‘dan tashlab turadi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, u zaharni qo‘lida tutgan holida jahannam otashida abadulabad zahar ichib turadi. Kim o‘zini o‘zi temir (tig‘) bilan o‘ldirsa, u temirni qo‘lida tutgan holda jahannam otashida abadulabad o‘sha temirni qorniga sanchib turadi”, dedilar. (Muttafaqun alayhi)
Inson o‘z joniga qasd qilishi Allohning qazoi qadariga qarshi chiqishi, qolaversa, takror berilmaydigan ne’mat hisoblangan umr ne’matiga noshukrlik, osiylik, irodasizlik va musulmongan xos bo‘lmagan qo‘rqoqlikdir. Bunga musulmonlar jiddiy e’tibor bermog‘i lozim. Chunki hayotda yo‘qotilgan ne’matlarning barchasi, bandaning tavbasi va istig‘fori bilan yana qaytarilishi mumkin, ammo umr ne’mati ko‘tarilsa, boshqa qaytib kelmaydi. Agar fikr yuritib, ibrat nazari bilan kuzatadigan bo‘lsak, inson umrining o‘tishi, kecha va kunduzning ketma-ket almashishi kabi juda ham tezlik bilan harakatlanadi. Shuning uchun Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishiga nasihat qilib: “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil: keksayishdan oldin yoshlikni, kasal bo‘lishdan oldin sog‘likni, faqir bo‘lishdan oldin boylikni, band bo‘lishdan oldin bo‘shlikni va o‘limdan oldin hayotni”, dedilar.
Darhaqiqat, inson butun umr davomida Allohning roziligini topay, mukofoti jannatiga yetay deb yashaydi, garchi gunohkor va xato qiluvchi bo‘lsa ham. Alloh taolo ham bandasi qilgan gunohlarini chin dildan pushaymon bo‘lib tavba qilsa, kechirishini va’da qilgan. Ammo, dinimiz xatolar ichida besabrlik sababli o‘z joniga qasd qilishni ulkan gunoh ekanini va bunday kishilar uchun jannat harom qilinganining ham xabarini bergan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi qudsiyda: “Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoqni oldi-da, qo‘lini (tomiri) kesdi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: “Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim” dedi”, dedilar. Ha azizlar, umr – bebaho ne’mat. Zero, uning qadriga yetishda va atrofimizdagi kishilarga bu borada nasihatchi bo‘lishimizda bizdan shijoat va jiddu jahd talab qilinadi.
Xayrulloh SATTOROV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh o‘z fazli bilan kimni xohlasa to‘g‘ri yo‘lga soladi, kimni xohlasa ma’siyatdan asraydi va ofiyatda saqlaydi. O‘z adolati bilan kimni xoxlasa adashtiradi, kimni xohlasa yordamisiz qoldiradi va imtihon qiladi.
Yaralmishlarning barchasi uning xohishida, fazli va adolati orasida aylanib turadi. Bu gapdan bilinadiki, bandalar Allohga aslah (yaxshi) ish qilish vojib deyishga haqli emaslar.
Balki Alloh maxluqotlar borasida xohlaganicha tasarruf qiladi. Chunki olam uni mulkidir. Molik mulkida xohlaganicha tasarruf qila oladi.
Oli Imron surasi 43-oyatida: "Alloh xohlaganini qiladi", deyiladi.
Moida surasi 1-oyatida: "Alloh xohlaganiga hukm qiladi", deyilgan.
Bu yerda moʻtaziliylarning gapiga raddiya bor. Ular Alloh bandalariga eng aslah* (yaxshi) ishni qilishni vojib deydilar. Ularning so‘zlariga ko‘p oyatlarda ochiq-oydin raddiyalar bor.
Nahl surasi 93-oyat: "U Zot kimni xohlasa adashtirur, kimni xohlasa hidoyatga yo‘llab qo‘yur".
Baqara surasi 26-oyat: "U o‘sha bilan ko‘plarni zalolatga solib qo‘yadi, ko‘pchilikni hidoyatga solib qo‘yadi".
Yunus surasi 99-oyat: "Agar Robbingiz xohlasa, yer yuzidagi kishilarning hammasi iymonga kelar edi".
Nahl surasi 9-oyat: "Agar xohlasa, albatta, hammangizni hidoyat qilgan bo‘lardi".
Agar aslah (yaxshi) ish vojib bo‘lganda, olamda hech kim kufr keltirmas, osiy bo‘lmas edi. Chunki kufr va osiylik bandalar uchun aslah ish emas. Agar kimga iymonni iroda qilsa, o‘zining fazli bilan bo‘ladi, bandalar haqli bo‘lganligi uchun emas. Kimga kufrni iroda qilsa, adli bilan bo‘ladi, zolimligi uchun emas.
Zulm- o‘zidan boshqani mulkida tasarruf qilishdir. Alloh o‘zining mulkini tasarruf qiladi.
Anbiyo surasi 23-oyat: "U (Alloh) qilganlari borasida so‘ralmas".
Aslah ishlarni vojibligi Uning quyidagi so‘zi bilan botil bo‘lgan:
Baqara surasi 105-oyat: "(U) buyuk fazl egasidir".
Ustida vojib haqni bajarish fazl emas. Shuningdek, unda Muhsin, Mun’im, Mujmil (go‘zal suratda yaratuvchi) va Mannon ismlari botil bo‘ladi. Chunki unga vojib bo‘lib turgan narsani ado etishda ham ehson, fazl, minnat bo‘lmaydi.
Aslah ish - bandaning xizmat qilgani uchun savob berish muqobilidagi xizmasiz savob berish, yaxshi ishning muqobilidagi undanda yaxshiroq ishlar tushuniladi. Misol uchun banda jannatda bo‘lishi yoki undagi oliy maqomda bo‘lishi kabi ikki ish ko‘ndalang kelib qolsa, Alloh taoloning zimmasiga "aslah" ish vojib bo‘ladi-da, uni jannatdagi oliy martabaga ko‘tarishi lozim bo‘ladi.
Manba: Abu Hafs Sirojiddin Gʻaznaviyning "Sharhu Aqiydatil imom at-Tahoviy kitobi".
Tayyorladi: 3-kurs talabasi Raxmonova.R