Musobaqada qatnashuvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni hali davom etmoqda, deb xabar beradi Qur’on musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita. O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz rasmiy portalida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan o‘tkazilayotgan Qur’on musobaqasi haqida muntazam xabar berib kelmoqdamiz.
Xabaringiz bor, ushbu musobaqaga ishtirokchilarni ro‘yxatga olish joriy yilning 4 yanvar kunidan boshlangan edi. O‘tgan qisqa vaqt ichida bir necha yuzlab yurtdoshlarimiz Qur’on musobaqasida ishtirok etish uchun hujjat topshirishdi. “Katta xursandchilik, kuchli ishtiyoq bilan hujjat topshirishga kelayotgan mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizni ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi va beixtiyor muhtaram Prezidentimizning kuni kecha Toshkent viloyatiga qilgan tashriflari chog‘ida: “Qur’onni eshitish, eshita olish yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar, Qur’oni karimni eshita olsak, eshittira olsak bu muvaffaqqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi” degan so‘zlari naqadar haqiqat ekanini anglaysan kishi”, deydi Tashkiliy qo‘mita raisi Abdulhakim qori Matqulov.
Tashkiliy qo‘mitaning O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmatiga ma’lum qilishicha, musobaqada ishtirok etish uchun joriy yilning 8 yanvar holatiga ko‘ra, Respublika bo‘yicha 556 nafar erkak va 177 nafar ayol kishi jami 733 nafar yurtdoshlarimiz hujjat topshirishgan.
Eslatib o‘tamiz, Qur’on musobaqasida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolarimiz hifz va tilovat yo‘nalishlari bo‘yicha qatnashishlari mumkin. Ishtirokchilarini ro‘yxatga olish 13 yanvar kuniga qadar davom etadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati