Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Tobeinlar tafsirining qiymati (2-maqola)

8.01.2018   4387   5 min.
Tobeinlar tafsirining qiymati (2-maqola)

Tafsirda tobeinlarning ixtiloflari sahobalarning ixtiloflaridan ko‘proqdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonida Quroni karim tafsirida ixtilof bo‘lmagan. Sahobalar zamonida bir oz ixtilof paydo bo‘ldi. Tobeinlar davrida bu ixtiloflar yanada kuchaydi. Ammo tobeinlardan keyin mufassirlar asrida, yani yozma tafsirlar ko‘paygani sayin mufassirlar o‘rtasidagi bunday ixtiloflar haddan oshib ketdi.

Tafsirda devon tuzish umaviylar xalifaligining oxiri, abbosiylar xalifaligining avvalida boshlandi. Bundan oldingi tafsirlar rivoyatlarga asoslanar edi. Sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan yoki birlari ikkinchilaridan, tobeinlar esa sahobalardan yoki tobein ikkinchi tabeindan rivoyat qilar edi. Tafsirdagi birinchi qadam shu tariqa qo‘yilgan. 

 Sahobalar va tobeinlar asridan so‘ng tafsirda ikkinchi qadam qo‘yildi. Bunda asosan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislarga mazmuniga qarab bobma-bob tartib berilgan, ular orasidan alohida bir bob ajratilib, bu bobda Qur’on oyatlari tafsiri rivoyat qilinar edi. Quroni karimning boshidan oxirigacha surama-sura, oyatma-oyat yozilgan maxsus tafsiri yo‘q edi. Bu davrda ko‘plab ulamolar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislarni jamlash maqsadida turli shaharlarni aylanar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, sahobalarga va tobeinlarga nisbat berilgan hadislarni yig‘ar edilar. Yazid ibn Horun as-Sulamiy (117-hijriyda vafot etgan), Shu’ba ibn Al-Hajjoj (160-hijriyda vafot etgan), Vaqi’ ibn Jarroh (197-hijriyda vafot etgan), Sufyon ibn Uyayna (198-hijriyda vafot etgan), Ruh ibn Uboda Al-Basriy (205-hijriyda vafot etgan), Abdurahmon ibn Hammom (211-hijriyda vafot etgan), Odam ibn Adiy Iyos (220-hijriyda vafot etgan), Abd ibn Hamid (249-hijriyda vafot etgan) va boshqalar shular jumlasidan bo‘lib bu ulamolar jamlagan oyatlarning tafsiri mustaqil tafsir kitobi sifatida emas, hadis kitobi boblari ichida tafsirga ajratilgan bir bob sifatida devon qilingan edi. Afsuski, bu qiymatli asarlar bizgacha yetib kelmagan. Shuning uchun ular  haqida fikr aytish imkoniga ega emasmiz. 

Tafsirdagi uchinchi dadil qadam  bu – tafsirning mustaqil ilm sifatida hadisdan ajratilishi bo‘ldi. Mus'hafning tartibiga muvofiq holda Qur’oni karimning har bir oyatiga batafsil tafsir bayon qilindi. Bunday xayrli ishga qo‘l urganlar qatorida Ibn Mojja (273-hijriyda vafot etgan), Ibn Jarir at-Tabariy (310-hijriyda vafot etgan), Abu Bakr al-Munzir an-Naysoburiy (318-hijriyda vafot etgan), Ibn Adiy Hotim (327-hijriyda vafot etgan), Abu Ash-Shayx ibn Habbon (329-hijriyda vafot etgan), Al-Hokim (405-hijriyda vafot etgan), Abu Bakr ibn Murdavayh (410-hijriyda vafot etgan) va boshqa o‘nlab ulamolar bor edilar. Bu ulamolarning tafsirlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, sahobalarga, tobeinlarga va tabaa tobeinlarga mansub rivoyatlardan iborat bo‘lib, “tafsiru ma’sur”dan deyarli farq qilmas edi. Faqat Ibn Jarir at-Tabariyning tafsiri boshqa tafsirlardan kengroq edi. Unda turli rivoyatlar aytilganidan so‘ng, kuchliroq rivoyatga alohida urg‘u berar, uni boshqalardan quvvatliroq ekanini isbotlab fikr bildirar, zarurat bo‘lganda e’robin ham bayon qilar edi, hatto bazi hukmlarni chiqarishda oyatlardan istinbot ham olardi. Tafsir ilmi shu tariqa pog‘onama-pog‘ona rivojlantirildi. 

Xulosa qilib aytganda, Quroni karimning ko‘plab xilma-xil tafsirlari yuzaga kelganki, ularni sanab ko‘pligidan va nihoyatda kattaligidan kishi hayajonga tushadi. Ibn Holkon “Vafayotul a’yon ” kitobida yozishicha, mo‘taziliylarning shayxi Amr ibn Ubayd Hasan Basriydan rivoyat qilib Qur’onga juda kata tafsir yozgan. 

“Tabyiynu kazibil-muftariy” kitobi muallifining yozishiga qaraganda, Abul-Hasan al-Ashariy “Al-Muxtazan” degan tafsir yozgan bo‘lib uning hajmi yetmish mujalladdir. Ibn Arabiyning rivoyatiga ko‘ra, “Al-Muxtazan” besh yuz mujallad.

Al-Juvayniyga nisbat berilgan tafsir ham juda katta hajmda bo‘lib, Qur’oni karimning har bir oyatiga o‘n xildan ma’no berilgan. 

 Al-Qushayriy ham juda katta hajmli kitob yozgan. 

Ibn al-Anbariyning bir yuz yigirma tafsirni isnodlari bilan yod bilganligi aytiladi. 

Abu Hilol al-Askariy “Kitobul-mahosin” degan tafsir yozgan, uning hajmi besh mujalladdir. 

Qur’onga tafsir yozgan ulamolarning zamonlari va makonlari bir-biridan farq qilganiga qaramay, tafsir yozish uslublari bir-biriga mos kelgani kuzatiladi. Masalan, mutaqaddim olimlardan bazilari xossatan, “tafsiri ma’sur” (rivoyatlarga asoslangan tafsir) yozgan bo‘lsalar, mutaxxir ulamolarning bazilari ham shu usulda tafsir yozganlar. Agar mutaqaddim olimlarning bazilari o‘z mazhablarining ustunligini isbotlashga va unga davat qilishga o‘z tafsirlarida ko‘proq ahamiyat bergan bo‘lsalar, bunday usul mutaaxxir olimlarning tafsirlarida ham mavjuddir. Shuning uchun biz zamonidan qat’i nazar avval “tafsiri ma’sur”larning eng mashhurlari haqida, undan keyin turli firqalarning tafsirlari haqida, undan so‘ng tasavvufiy tafsirlar haqida, undan so‘ngra falsafiy tafsirlar, fiqhiy tafsirlar, va nihoyat ilmiy tafsirlar haqida fikr yuritamiz.

Azizxo‘ja INOYATOV, 

 Chor Bakr jome masjidi imom-xatibi 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   1889   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi