Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasini alohida e’tibor, katta hayajon, chuqur mamnuniyat bilan tingladik. Unda qayd etilgan masalalar har birimizni to‘lqinlantirdi, o‘ylantirdi, mushohadaga chorladi. Ayniqsa, farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yot g‘oyalarga ergashib, adashganlar qismati xususida gapirar ekan, Prezidentimiz biz ulug‘ allomalar vorislari ekanligimizni, yurtimizda islom dinining asl mohiyatini targ‘ib etish borasida ulkan ishlar olib borilayotganini, shunday ekan, noyob va boy ma’naviy merosimizdan yoshlarimizni qancha ko‘p bahramand etsak, shunchalik naf bo‘lishini ta’kidlab o‘tdilar.
Yurakdan aytilgan bu so‘zlar kimni ta’sirlantirmaydi, kimni quvontirmaydi?! Darhaqiqat, mamlakatimiz fozilu fuzalolari azal-azaldan jahon aro shuhrat qozonib, haqli ravishda “Islom olamining quvvati” unvoniga sazovor bo‘lgan. Samarqand va Buxoroda Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasalar o‘rta asrlarning universitetlari vazifasini bajargan. Ayni vaqtda ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy merosini yanada teran o‘rganish va tahlil qilish, ularning ilmiy an’analarini munosib davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalardan sanaladi.
Shuningdek, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan globallashuv davrida dunyoda muqaddas islom dini ahkomlarini noto‘g‘ri talqin qilish, ularni soxtalashtirish yo‘li bilan turli fitna va buzg‘unchiliklar sodir etish holatlari kuzatilayotgani hech kimga sir emas. Bunday murakkab vaziyat dinimizning sofligini saqlash, uning tinchlik va insonparvarlikdan iborat asl mohiyatini aholi va, ayniqsa, yoshlarga yetkazishga qodir, yuqori darajada ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashni taqozo qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning 1 sentyabrida Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasida davlat, jamoat va yoshlar tashkilotlari, diniy soha vakillari bilan uchrashuvida diniy ta’lim tizimini tahliliy o‘rganib chiqish va zamon talablari asosida takomillashtirish, yuqori ilmiy tayyorgarlikka ega mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. Ana shu vazifalar asosida buyuk mutafakkir ajdodlarimiz asos solgan ilmiy maktablar va yo‘nalishlar davomiyligini ta’minlash, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqotlar markazlarini yuqori ilmiy saviya va malakaga ega mutaxassislar tayyorlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 15 dekabrda imzolangan “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror barchamizni behad quvontirdi.
Akademiyaning tashkil qilinishi yurtimizda islom dini nazariyasini chuqur egallagan, buyuk ajdodlarimizning bebaho ilmiy-ma’rifiy merosini teran o‘rgangan, diniy va dunyoviy ilmlar, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan har tomonlama yetuk mutaxassislar tayyorlash imkonini yaratadi. U yerda mashg‘ulotlar o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayoniga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining professorlari, fan doktorlari va nomzodlari, shuningdek, xorijiy davlatlaridan islomshunos olim va mutaxassislar jalb etiladi. Akademiyada olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida O‘zbekiston Islom ensiklopediyasi, buyuk ajdodlarimiz to‘g‘risida ilmiy-ommabop adabiyotlar, ilmiy-ma’rifiy kitoblar yaratiladi, ilmiy jurnal chop etilishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kundagi tezkorlik, ochiqlik, erkinlik tamoyillariga asoslangan integratsiya jarayonlarining chuqurlashishi, o‘z navbatida, jamiyat barcha sohalarining shiddat bilan rivojlanishiga keng yo‘l ochmoqda. Bir tomondan yangi tashkil topgan davlatlardagi milliy va diniy o‘zlikni anglash jarayonlari kechayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, madaniyatlararo o‘zaro ta’sirlashish kuchayib, jamiyat sohalari doirasida global yaxlitlashish tendensiyasi vujudga kelmoqda. Ayni paytda, turli siyosiy kuchlar tomonidan diniy omildan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanishning yangi usul va vositalarining qo‘llanilishi diniy ekstremizm, xalqaro terrorizm muammolarining chuqurlashib borishiga olib kelmoqda. Shu jihatdan, ko‘p konfessiyali O‘zbekistonning global diniy makonda tutgan o‘rni va unga ta’sir etuvchi obyektiv va subyektiv omillarni aniqlash, mustaqillik yillarida diniy sohada amalga oshirilgan islohotlar hamda erishilgan yutuqlarni tahlil qilish, mazkur soha rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq etish muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
Xususan, bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifi va tashabbusi asosida islom dini ravnaqi, unutilgan ulug‘ allomalarimiz hayoti va faoliyati, shuningdek, ularning nafaqat musulmon olami, balki butun dunyo xalqlari tan olgan asarlarini xalqimizga qaytarish, diniy bilimlarni teran o‘rganish imkonini beruvchi yangi bilim dargohlarini ochish, xorijiy mamlakatlar bilan turli sohalarda keng aloqalar bog‘lash bo‘yicha ko‘plab xayrli va ezgu ishlar amalga oshirildi. Bu ishlarning barchasi ezgulikni ko‘zlab olib borilayotgan oqilona siyosat mahsulidir.
Ma’lumki, din madaniy, ma’naviy insoniy qadriyatlarni saqlab qolish hamda avloddan avlodga yetkazishdagi roli beqiyosdir. O‘zbek xalqi hayotiga diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar chuqur singib ketgan. Yoshlarni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiy ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilish muhim ahamiyatga ega. Zero, allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi o‘zbek millati, xalqi g‘ururiga g‘urur qo‘shib, ularning vorislari sifatida yagona xalq bo‘lib yashashida kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
Bugungi globallashuv sharoitida rang-barang, ba’zan bir-biriga mutlaqo zid dunyoqarashlar, siyosiy, milliy, diniy oqimlar, mazhab va sektalar o‘rtasidagi fikr talashuvlari goho bahs-munozara doirasidan chiqib qonli to‘qnashuvlar, ommaviy qirg‘inlarga sabab bo‘lmoqda, odamlar boshiga behisob qayg‘u-kulfatlar solmoqda. Islom dini esa turli xalqlar o‘rtasida muloqot o‘rnatish, ularni ma’naviy va ruhiy jihatdan yaqinlashtirish, zulm va zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashga da’vat etish borasidagi ahamiyati beqiyosdir. Shu bois bu haqda Yurtboshimiz Birlashgan Millat Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida tarixda birinchilardan bo‘lib bong urdi. Yurtboshimizning O‘zbekistonning tinchlikni asrash, butun bashariyatni do‘stlik va birodarlikda yashashga da’vat etish, odamlarni oliy maqsadlar sari boshlashga qaratilgan fikr va mulohazalari, shubhasiz, millati, dini va tilidan qat’i nazar, jahondagi har bir insonda chuqur hurmat tuyg‘usini uyg‘otdi.
So‘nggi paytda jamiyatimizda amalga oshirilgan tahlillar turli sohalar va darajalarda amalga oshirilayotgan tadbirlarga qaramay, jinoyatchilikning qisqarishi juda sekin ekani, asriy milliy ananalarimizga xilof ravishda bir oila a’zolari orasida kelishmovchiliklar hatto qotillik sodir etilishiga olib kelayotgani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 17 noyabr kuni ichki ishlar organlari va tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda ishtirok etuvchi boshqa sohalari bilan uchrashuvda ta’lim-tarbiya ishlarida jumladan imom-xatiblarning ham faolligi va mas’uliyatini oshirishga chaqirdi.
Darhaqiqat, farzandlar – yurt kelajagi, ularning tarbiyasini ota-onalar, maktab va boshqa ta’lim muassasalari, huquq-tartibot organlari bilan bir qatorda diniy soha xodimlari ham ishtirok etishlari, odamlar orasida ko‘proq bo‘lishi ayni zaruratdir. Bu borada har birimiz davlatimiz rahbari aytganidek, qilayotgan ishimizga, avvalo, o‘zimizni ishontirsak, ta’lim-tarbiya tizimidagi o‘zgarishlar ham albatta yoshlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lish, vatanparvarlik va odamiylik, mehnatsevarlik va ilmga chanqoqlik ruhida tarbiyalanishlarida katta natijalar beradi.
Toir RO‘ZIYEV,
Navoiy viloyati bosh imom-xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi