“(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘ranglar. Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir. Faqat xushu’ qiluvchilarga (og‘ir) emas” (Baqara, 45).
“Sabr” lug‘atda o‘zini tiyish, tutish ma’nolarini bildiradi.
Alloh taolo gunohlardan tiyilishni, sabr qilishni buyurdi. Chunki gunohlardan tiyilgan, sabr qilgan kishi toat-ibodatga ham sabr qilgan bo‘ladi. Bu xususda eng to‘g‘ri so‘z shudir, deydilar Imom Qurtubiy (rahmatullohi alayh). Alloh taolo marhamat qiladi: “...Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur” (Zumar, 10).
Imom Qurtubiy tafsirida keltirilishicha, oyati karimada ibodatlardan namoz zikr qilinishining boisi namoz sha’nining ulug‘ligiga ishoradir. Payg‘ambarimizni (alayhissalom) biror narsa tashvishga solsa, namozga suyanardilar (ya’ni, namoz bilan xotirjam tortardilar) (Imom Ahmad rivoyati). Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) safarga ketayotganlarida ukasi Qusamning (boshqa bir rivoyatda – qizining) o‘limi haqida xabar keladi. Ibn Abbos darrov istirjo’ kalimasini (“Inna lillahi va inna ilayhi roji’un”) aytadi, so‘ng chetga o‘tib, namoz o‘qiydi, ortidan “(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangizlar”, oyatini tilovat qiladi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, oyatdagi “salot”dan murod shariatdagi namozdir. Ammo ba’zi mufassirlar “salot”ning lug‘atdagi ma’nosini nazarda tutishib, bu oyatda murod duo ekanini ham aytishgan.
Mujohid (rahimahulloh) esa oyatdagi “sabr”dan murod ro‘zadir, deganlar. Chunki ramazon sabr oyi deyiladi. Zero, ro‘za shahvatlardan to‘sadi va zuhdni orttiradi. Namoz esa yomon va buzuq ishlardan qaytaradi, kishi qalbiga xushu’ soladi.
Imom Faxriddin Roziy ham oyatdagi “sabr”dan murod ro‘za, deydilar. Chunki ro‘zador odam ochlik va chanqoqlikka sabrli bo‘ladi. Nafsini, me’dasini va farjini shahvatdan tiygan kimsadan dunyo g‘ami, dilxiraligi uzoqlashadi. Bunga namoz ham qo‘shilgach, qalb ma’rifatulloh nuri bilan munavvar bo‘ladi. Ro‘za namozdan oldin zikr qilinyapti. Chunki ro‘za kishidan noloyiq narsalarni ketkazadi. Namoz esa kishida kerakli narsalarni hosil qiladi.
Ozorlarga sabr qilish, toat-ibodatda bo‘lish bilan nafsning orzu-havaslari jilovlanadi, qaysarligi yo‘qoladi, bu payg‘ambarlar va solih zotlarning xulqlaridandir.
Sabr juda ulug‘ fazilat, uning oxiri hilmdir. Kishi sabrni o‘z fazilatiga aylantirishi bilan xulqi ham o‘z-o‘zidan halimlashib-muloyimlashib boradi.
Sha’biy (rahimahulloh) aytishicha, Hazrat Ali (karramallohu vajhahu): “Sabr imon uchun tanadagi bosh kabi zarurdir”, deganlar.
Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir. Mufassirlar oyatdagi “ho” (“u”) ko‘rsatgich olmoshidan murod namozmi yoki sabrmi, degan masalada turli fikrlar aytishgan. Ba’zilari “ho”dan murod namozdir, deyishgan. Zero, namoz o‘qish nafsga ro‘za tutishdan ko‘ra og‘irroq keladi. Chunki ro‘zada faqatgina nafsoniy shahvatlardan (kunduzi) tiyilish buyurilgan. Ya’ni, ro‘zadorga yeyish-ichish va jinsiy munosabat taqiqlangan, xolos. Gunoh bo‘lmagan mavzuda gaplashish, yurish-turish kabi xohishlardan ro‘zador qaytarilmagan. Namoz o‘qiyotgan kishiga esa, namoz amallaridan boshqa narsa qilish mumkin emas. Namozda barcha a’zolar butun orzu va shahvatlardan to‘siladi. Shunday bo‘lgach, namoz nafsga og‘ir tuyuladi.
Ayrim mufassirlar fikriga ko‘ra, oyatdagi “ho”dan murod ham namoz, ham sabrdir.
“Xoshi’un” so‘zi “tavozeli”, “kamtarin” kabi ma’nolarni bildiruvchi “xoshi’” so‘zining ko‘pligidir. Xushu’ nafsiy holatdir. A’zolardagi sokinlik va tavoze nafsda paydo bo‘ladi. Qatoda (rahimahulloh) aytadi: “Xushu’ qalbda bo‘ladi. Namozda qo‘rqish va nazarni o‘ngu so‘ldan to‘sish xushu’dir”.
Ibrohim Naxa’iy A’mashga (rahimahullohi alayhimo): “Bilgin, xushu’ qattiq, quruq narsalar yeyish, qalin va dag‘al kiyimlar kiyish, boshini egib yurish emas. Xushu’ sharafli kishini ham, oddiy odamni ham haqda teng ko‘rishdir. Alloh senga buyurgan barcha farzlarda itoat qilishingdir”, degan.
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) boshini quyi solib ketayotgan yosh yigitga: “Ey falonchi, boshingni ko‘tar, chunki xushu’ qalbdagidan boshqa narsa emas”, deganlar.
Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) aytadi: “Xushu’ qalbda, musulmonlarga yumshoq muomala qilish, namozda o‘ngu so‘lga qaramaslikdir”.
Imom Faxriddin Roziy aytadi: “Oyatdan murod shu – namoz xushu’ qilmagan kimsalarga juda og‘ir keladi. Chunki namoz o‘qiganida biror savobga, uni tark qilganida esa, qandaydir jazoga loyiq bo‘lishiga ishonmagani uchun unga bu ish mashaqqat bo‘lib tuyuladi. Ammo qalbi xushu’ga to‘la itoatlilarga esa, namoz o‘qishning foydalari ko‘p ekani, o‘qimaslik katta zarar ekaniga mustahkam ishonchlari bois bu ibodat hech og‘ir kelmaydi. Zero, u namoz o‘qish bilan katta ajr-savob, ulug‘ ne’matlarga ega bo‘lishiga ishonadi”.
Imom Qurtubiy va Imom Faxriddin Roziy tafsirlari asosida
No‘mon Abdulmajid
tayyorladi.
Xabaringiz bor, 2025 yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, hojilar, otinoyilar va mahalla faollari ishtirokida Xonqa tumanidagi «Sayid ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Xayrulla domla Abdullayev hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2025” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirokida tumandagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Mahalladagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda tumandagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati