“(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘ranglar. Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir. Faqat xushu’ qiluvchilarga (og‘ir) emas” (Baqara, 45).
“Sabr” lug‘atda o‘zini tiyish, tutish ma’nolarini bildiradi.
Alloh taolo gunohlardan tiyilishni, sabr qilishni buyurdi. Chunki gunohlardan tiyilgan, sabr qilgan kishi toat-ibodatga ham sabr qilgan bo‘ladi. Bu xususda eng to‘g‘ri so‘z shudir, deydilar Imom Qurtubiy (rahmatullohi alayh). Alloh taolo marhamat qiladi: “...Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur” (Zumar, 10).
Imom Qurtubiy tafsirida keltirilishicha, oyati karimada ibodatlardan namoz zikr qilinishining boisi namoz sha’nining ulug‘ligiga ishoradir. Payg‘ambarimizni (alayhissalom) biror narsa tashvishga solsa, namozga suyanardilar (ya’ni, namoz bilan xotirjam tortardilar) (Imom Ahmad rivoyati). Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) safarga ketayotganlarida ukasi Qusamning (boshqa bir rivoyatda – qizining) o‘limi haqida xabar keladi. Ibn Abbos darrov istirjo’ kalimasini (“Inna lillahi va inna ilayhi roji’un”) aytadi, so‘ng chetga o‘tib, namoz o‘qiydi, ortidan “(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangizlar”, oyatini tilovat qiladi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, oyatdagi “salot”dan murod shariatdagi namozdir. Ammo ba’zi mufassirlar “salot”ning lug‘atdagi ma’nosini nazarda tutishib, bu oyatda murod duo ekanini ham aytishgan.
Mujohid (rahimahulloh) esa oyatdagi “sabr”dan murod ro‘zadir, deganlar. Chunki ramazon sabr oyi deyiladi. Zero, ro‘za shahvatlardan to‘sadi va zuhdni orttiradi. Namoz esa yomon va buzuq ishlardan qaytaradi, kishi qalbiga xushu’ soladi.
Imom Faxriddin Roziy ham oyatdagi “sabr”dan murod ro‘za, deydilar. Chunki ro‘zador odam ochlik va chanqoqlikka sabrli bo‘ladi. Nafsini, me’dasini va farjini shahvatdan tiygan kimsadan dunyo g‘ami, dilxiraligi uzoqlashadi. Bunga namoz ham qo‘shilgach, qalb ma’rifatulloh nuri bilan munavvar bo‘ladi. Ro‘za namozdan oldin zikr qilinyapti. Chunki ro‘za kishidan noloyiq narsalarni ketkazadi. Namoz esa kishida kerakli narsalarni hosil qiladi.
Ozorlarga sabr qilish, toat-ibodatda bo‘lish bilan nafsning orzu-havaslari jilovlanadi, qaysarligi yo‘qoladi, bu payg‘ambarlar va solih zotlarning xulqlaridandir.
Sabr juda ulug‘ fazilat, uning oxiri hilmdir. Kishi sabrni o‘z fazilatiga aylantirishi bilan xulqi ham o‘z-o‘zidan halimlashib-muloyimlashib boradi.
Sha’biy (rahimahulloh) aytishicha, Hazrat Ali (karramallohu vajhahu): “Sabr imon uchun tanadagi bosh kabi zarurdir”, deganlar.
Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir. Mufassirlar oyatdagi “ho” (“u”) ko‘rsatgich olmoshidan murod namozmi yoki sabrmi, degan masalada turli fikrlar aytishgan. Ba’zilari “ho”dan murod namozdir, deyishgan. Zero, namoz o‘qish nafsga ro‘za tutishdan ko‘ra og‘irroq keladi. Chunki ro‘zada faqatgina nafsoniy shahvatlardan (kunduzi) tiyilish buyurilgan. Ya’ni, ro‘zadorga yeyish-ichish va jinsiy munosabat taqiqlangan, xolos. Gunoh bo‘lmagan mavzuda gaplashish, yurish-turish kabi xohishlardan ro‘zador qaytarilmagan. Namoz o‘qiyotgan kishiga esa, namoz amallaridan boshqa narsa qilish mumkin emas. Namozda barcha a’zolar butun orzu va shahvatlardan to‘siladi. Shunday bo‘lgach, namoz nafsga og‘ir tuyuladi.
Ayrim mufassirlar fikriga ko‘ra, oyatdagi “ho”dan murod ham namoz, ham sabrdir.
“Xoshi’un” so‘zi “tavozeli”, “kamtarin” kabi ma’nolarni bildiruvchi “xoshi’” so‘zining ko‘pligidir. Xushu’ nafsiy holatdir. A’zolardagi sokinlik va tavoze nafsda paydo bo‘ladi. Qatoda (rahimahulloh) aytadi: “Xushu’ qalbda bo‘ladi. Namozda qo‘rqish va nazarni o‘ngu so‘ldan to‘sish xushu’dir”.
Ibrohim Naxa’iy A’mashga (rahimahullohi alayhimo): “Bilgin, xushu’ qattiq, quruq narsalar yeyish, qalin va dag‘al kiyimlar kiyish, boshini egib yurish emas. Xushu’ sharafli kishini ham, oddiy odamni ham haqda teng ko‘rishdir. Alloh senga buyurgan barcha farzlarda itoat qilishingdir”, degan.
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) boshini quyi solib ketayotgan yosh yigitga: “Ey falonchi, boshingni ko‘tar, chunki xushu’ qalbdagidan boshqa narsa emas”, deganlar.
Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) aytadi: “Xushu’ qalbda, musulmonlarga yumshoq muomala qilish, namozda o‘ngu so‘lga qaramaslikdir”.
Imom Faxriddin Roziy aytadi: “Oyatdan murod shu – namoz xushu’ qilmagan kimsalarga juda og‘ir keladi. Chunki namoz o‘qiganida biror savobga, uni tark qilganida esa, qandaydir jazoga loyiq bo‘lishiga ishonmagani uchun unga bu ish mashaqqat bo‘lib tuyuladi. Ammo qalbi xushu’ga to‘la itoatlilarga esa, namoz o‘qishning foydalari ko‘p ekani, o‘qimaslik katta zarar ekaniga mustahkam ishonchlari bois bu ibodat hech og‘ir kelmaydi. Zero, u namoz o‘qish bilan katta ajr-savob, ulug‘ ne’matlarga ega bo‘lishiga ishonadi”.
Imom Qurtubiy va Imom Faxriddin Roziy tafsirlari asosida
No‘mon Abdulmajid
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi kunda ko‘plab musulmon yurtlarida jamiyat ichida tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri – takfir, ya’ni musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko‘payganligidir. Bu masala keyin paydo bo‘lgan masalalardan hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilgani hech kimga ma’lum emas. Bu mavzu juda nozik va o‘ta xatarli masala bo‘lib, mavzuni yaxshi anglash uchun avvalo kufrning ma’nosi va ta’rifini tushunib olish lozim.
Kufr tushunchasi va uning ta’rifi
“Kufr” imonning ziddi bo‘lib, u lug‘atda “berkitish” va “yopish” ma’nosini anglatadi. Ibn Foris shunday deydi: “Kufr – iymonning ziddidir. U haqiqatni yopish va berkitish ma’nosida ishlatiladi”. (Maqoyis al-lug‘a, 5/191). Ulamolar kufrni ta’riflashda turli iboralarni aytib o‘tganlar, jumladan Ibn Hazm rahimahulloh shunday deydi: “Kufr – Allohning Rob ekanligini inkor qilish, Qur’onda nubuvvati tasdiqlangan biror payg‘ambarning payg‘ambarligini inkor qilish yoki Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan, butun ummatning ittifoqi bilan sahih ekani ma’lum bo‘lgan narsani inkor qilishdir. Shuningdek, biror amalni bajarish kufr ekani dalillar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shu amalni bajarish ham kufr hisoblanadi” (Al-Fasl fil-milal val-ahvo van-nihal, 3/118).
“Al-Mavsuatul-Fiqhiya”da shunday deyilgan: "Shariatda kufr – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinidan ekani aniq va zaruriy ravishda ma’lum bo‘lgan narsani inkor etishdir. Masalan, Allohning borligini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarligini yoki zinoning haromligini inkor qilish shu jumladandir" (Al-Mavsuatul-Fiqhiya. 15/34)
Takfirning tarixiy ildizlari
Endi bu masalaning tarixiga nazar tashlasak, musulmonlarni kofirga chiqarishga birinchi bo‘lib jur’at qilganlar “xavorijlar” firqasi hisoblanadi. Ular “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofirga aylanadi”, “Yomon amal qilgan musulmon Islomdan chiqadi”, deb hisoblaganlar. Xo‘sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan “jahannam itlari” deb nomlangan, musulmonlarni kofirga chiqarib, ularning qonini halol sanaydigan bu toifa qayerdan kelib chiqqan? Bu borada Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh o‘zlarining “Talxis al-Xobir” asarlarida qisqacha to‘xatalib, shunday deganlar: Aslida xavorij so‘zi “xuruj”, ya’ni “qarshi chiqish” so‘zidan olingan bo‘lib, ular Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular avvaliga Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafida edilar va Hazrati Ali roziyallohu anhu bilan birga Jamal va Siffin janglarida ishtirok etishgan edi. Siffin jangining nihoyasida shom ahli mag‘lubiyat yaqinligini sezgach mus'haflarni nayzalarga ilib, qarshi tomonni Allohning kitobini orada hakam qilishga chaqirishni maslahat berishdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu avvaliga bu fikrni unchalik ma’qul ko‘rmadilar. Lekin U zotning safdoshlari orasida Allohning kitobini hakam qilishga rozi bo‘lganlar ko‘pchilik edi. Natijada, Hazrati Ali roziyallohu anhuning musulmonlar qonini to‘kmaslik haqidagi istaklari ustun kelib, hakamlikka rozi bo‘ldilar. Ammo xavorijlar keyinroq bu qarorni inkor qildilar va: “Hakamlikni qabul qilib, xato qilibmiz! Endi xatoni tuzatishimiz kerak! Allohning hukmidan boshqa hukm yo‘q! deb baqira boshladilar”. Ular Hazrati Ali roziyallohu anhu va hakamlikka rozi bo‘lganlarning barchasini kofir deb “fatvo” chiqardilar va faqat tavba qilib, ularga qo‘shilganlarni imonda qolgan deb hisobladilar. Hattoki bu gumrohlar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannat bashoratini eshitgan Hazrati Alidek zotga: “Sen o‘zingni kofir deb tan ol, so‘ngra tavba qil, ana shunda biz senga itoat qilamiz”, deyishgacha bordilar. Albatta, Ali roziyallohu anhu bunga rozi bo‘lmadilar. Shundan so‘ng xavorijlar U zotga qarshi chiqib, urush ochdilar (Talxis al-Xobir, 6/2709).
Bora-bora xavorijarning qiladigan ishi musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa bo‘lmay qoldi. Ularning bu ashaddiy mavqiflari qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Eng yomoni, aqida bobida keraksiz ixtiloflar avj oldi. Natijada aqida poydevori darz ketdi. Faqat Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari jasorati va ulkan mehnati evaziga bu darz qaytadan to‘g‘rilandi.
Takfirning xatarlari
Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Bu ishning juda nozik va o‘ta xatarli ekanini tushunish uchun quyida Qur’on va Sunnat hamda ulamolarimizning so‘zlaridan bir qancha dalillarni keltirib o‘tamiz. Alloh taolo aytadi:
يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا إِذَا ضَرَبْتُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَتَبَيَّنُوا وَلَا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلَامَ لَسْتَ مُؤْمِنًا
“Ey iymon keltirganlar! Alloh yo‘lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad rahimahulloh, hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: “Banu Salim qabilasidan bir odam bir guruh sahobaning oldidan qo‘ylarini boqib o‘tib qoldi va ularga salom berdi. Sahobalar: “Bizdan qo‘rqqanidan salom berdi, bo‘lmasa, bermas edi”, dedilar-da, uni o‘ldirib, qo‘ylarini Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga haydab bordilar. Shunda Alloh taolo: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”, oyatini nozil qildi. (Tafsir Ibn Kasir, 2/337). Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarni shoshqaloqlik bilan birovni imonsiz deb hukm qilishdan qaytarmoqda, Zero birovning qalbida imon bor yo‘qligini faqat Alloh taologina biladi. Shuning uchun har qanday shubha yoki taxmin asosida insonni mo‘minlikdan chiqarish, unga dushmanlarcha munosabatda bo‘lish mutlaqo noto‘g‘ri va haromdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham musulmonni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: «إِذَا كَفَّرَ الرَّجُلُ أَخَاهُ فَقَدْ بَاءَ بِها أَحَدُهُمَا.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi birodarini kofirga chiqarsa, albatta, ikkisidan biri kufrga duchor bo‘ladi”, dedilar (Sahihi Muslim, 123-hadis).
Ya’ni, kim, mo‘min birodarini kofir deyish mumkin, degan e’tiqodda kofir desa, o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki halolni harom deb bilish kufr bo‘ladi. Bu holatda kimningdir iymoniga, shahodatiga hamla qilib, uni kofirga chiqarmoqda. Natijada uning o‘zi kofir bo‘ladi. Ikkinchi fikr shuki: Birovni “Ey kofir”, deyish kishini kufrga olib boradi. Ya’ni bunday deyishda kofir bo‘lib qolish xavfi bor. Bu inson bugun kofir bo‘lmasa-da, bora-bora bir kun dindan chiqib qoladi (Sharhi Navaviy 2/50).
Shunday ekan, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini yaxshilab o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganar:
عَنْ أَنَسِ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «ثَلَاثٌ مِنْ أَصْل الْإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا الله ، وَلَا نُكَفِّرُهُ بذَنْبٍ، َلَا تُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلَامِ بِعَمَل
Uch narsa iymonning aslidir: “Laa ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Abu Dovud rivoyati 2532-hadis). Ya’ni kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. “Laa ilaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, nari borsa osiy mo‘min bo‘ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida mana shu!
Takfirga shoshilmaslik borasida ulamolarning so‘zlari
Ahli sunna val-jamoa ulamolari musulmonni kufrda ayblash masalasida nihoyatda ehtiyot bo‘lishga buyurganlar. Buyuk muhaddis va faqih Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh o‘zining Al-Aqida at-Tahoviya asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz” (Al-Aqida at-Tahoviya). Bu esa shuni anglatadiki, agar bir musulmon gunohga qo‘l urgani bilan uni halol deb bilmasa, u hanuz Islom doirasida qoladi. Zero, gunoh boshqa, kufr boshqa.
Mulla Ali Qoriy rahimahulloh ham bu borada mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym rahimahullohning so‘zlarini keltiradilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (Sharh ash-Shifa).
Bu so‘zlar musulmonni osonlikcha takfir qilish naqadar katta xatarlarga olib borishini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda. Islom shariatida kishining imonidan chiqishi faqat aniq va qat’iy dalillarga tayanishi lozim. Gumon yoki noto‘g‘ri talqin asosida birovni kofirga chiqarish jamiyatni ulkan fitna sari yetaklaydi. Shu bois, mo‘min kishi doimo o‘z birodari haqida yaxshi gumonda bo‘lishi lozimdir.
Bugungi kunda takfir muammosi
Yuqoridagi dalillar va tarixiy misollar takfir masalasining naqadar nozik va xatarli ekanini ta’kidlaydi. Afsusuki, bugungi kunda takfir masalasi yana dolzarb muammolardan biriga aylanib, ba’zi guruhlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrim ekstremistik harakatlar va radikal oqimlar musulmonlarni osongina kofirlikda ayblab, jamiyatda bo‘linish va fitnaga sabab bo‘lyapti. Ularning targ‘iboti natijasida yoshlar orasida mutaassiblik kuchayib, o‘zini haq, boshqalarni esa botil deb biladigan kayfiyat shakllanmoqda. Bu holatning asosiy sabablaridan biri – ilmsizlik, Qur’on va Sunnatni noto‘g‘ri tushunishdir. Ko‘pchilik mutaassib kishilar islomiy ilmlarni mustahkam o‘rganmasdan, ayrim shubhali manbalar yoki noto‘g‘ri targ‘ibotlar ta’sirida qolib, noto‘g‘ri qarashlar girdobiga tushib qolishmoqda.
Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Islom aqida bobida ham, ibodat bobida ham, o‘zini tutish bobida ham va boshqa boblarda ham mo‘tadillikka asoslangan. Bunday mo‘tadillikning chegarasini bilish uchun esa asosli ilmiy mezon kerak. Ana shu asosli mezonga ega bo‘lish uchun esa islomiy ilmlarning barchasini asl masdarlardan, yetuk va taqvodor ulamolardan to‘liq o‘rganish kerak. Bu narsalarga odob-axloq, hilm va bosiqlik hamda har bir narsani o‘z o‘rnida to‘g‘ri baholay bilish omillari qo‘shilgandagina, o‘ng yoki so‘lga burilib, halokat jari yoqasiga kelib qolish xavfining oldi olingan bo‘ladi.
So‘zimiz so‘ngida Robbimizdan so‘raymizki: Ey Robbimiz, bizni dunyo va oxiratda hidoyat topgan bandalaring qatoriga qo‘shgin! Bizni fitnalardan uzoq, haq yo‘lda sobit qilingan va Sening rizoyinga erishgan zotlardan qilgin. Amin!
Azimjon RIXSIBOYEV,
Toshkent Islom instituti talabasi.