Xotirjamlik taslimiyatda
– Qattiq xastalanib, yotib qoldim, – deb hikoya qiladi bir tanishim. – Tuzalishdan umid qilsam ham, yurib ketishimga ko‘zim yetmasdi. Shu choqqacha yaxshi yurganim uchunmi, beqtoqat bo‘lar, “Nega endi hamma soppa sog‘-u, men kasal bo‘lishim kerak?” degan savol xayolimdan ketmasdi. Eng xijolatlisi, sog‘ paytimda gap-gashtaklarimizga kam qo‘shilgani uchun biz doim mazax qilib yuradigan bir o‘rtog‘im holimdan tez-tez xabar olardi. Uzoq suhbatlashib o‘tirar, aytayotgan gaplari, rivoyatlari ko‘nglimga yorug‘lik solardi. U ketgach, eshitganlarimni tafakkur qilib, xulosalar chiqarardim. O‘sha o‘rtog‘im o‘rgatganidek, har qanday holatda ham “Alhamdulillah” kalimasini takrorlardim. Bora-bora bir joyda yotishga ham ko‘nikdim. Ammo bu shunchaki, hamma narsadan umid uzish emas. Bu qazoyi qadarga rozilik edi. Ko‘nglimda tuzalib ketishga, yana oyoqlarim bilan yurishga chinakam umid uyg‘ondi. Shunda tushundim, halovat, xotirjamlik taslimiyatda ekan...
Saodat asridan...
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni sahobalar yig‘ilgan majlisda so‘radilar:
– Sizlar mo‘minmisiz?
Majlis ahli sukutga cho‘mdi. Shunda hazrat Umar roziyallohu anhu javob berdi:
– Yo Rasululloh, mo‘minmiz.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam savol berdilar:
– Imoningizning alomati nima?
Hazrat Umar dedilar:
– Ne’matlarga shukr, baloga sabr qilamiz, qazoyi qadarga rozi bo‘lamiz.
Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam bu javobdan mamnun bo‘lib:
:– Ka’baning Rabbiga qasam, sizlar bu sifatlaringiz bilan haqiqiy mo‘minsiz, – dedilar. (Imom Tabaroniy).
Yaqin o‘tmishdan ibrat
Mashhur tennischi, Uimbldon chempioni Artur Esh qon quyish jarayonida og‘ir xastalikni yuqtirib oldi. Ahvoli kundan-kun yomonlashardi. Umrining so‘nggi kunlarini yashayotgan Artur muxlislaridan ko‘plab maktublar olardi. Ulardan birida bunday so‘zlar bor edi: “Parvardigor bunday dard uchun nega boshqani emas, sizni tanladi?”
Artur Esh muxlisiga bunday javob yozdi: “Butun dunyoda har yili ellik million bola tennis o‘ynashni boshlaydi, shundan besh millioni o‘rganadi, besh yuz ming nafari professional darajaga chiqadi, besh mingi katta musobaqalarda qatnashib, ellik nafari “Uimbldon”gacha keladi, to‘rttasi yarim finalda, ikkitasi finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Qo‘limda chempionlik kubogini tutib, quvonib turarkanman, biror marta: “Nega men?” demagan edim. Endi xastalikka chalinib, azob chekayotganimda: “Nega men?” desam, ko‘rnamaklik bo‘lmaydimi?”
Mo‘minning sifati
Har qanday holatni ham rozilik bilan qabul qilish mo‘minlik belgisi. Zero, bunda Alloh taolo roziligi bor. Ilohiy rizoga erishish esa mo‘minning eng ulug‘ orzusi.
Ko‘pchiligimizga, biror ne’mat berilsa, o‘zimizni loyiq deb bilganimiz uchun ham “nega menga?” degan savol xayolimizga kelmaydi. Ammo qiyinchilik yetsa, tilimizga chiqarmasak-da, dilimizdan: “Nega mashaqqatlarga faqat men duchor bo‘larkinman?” degan savol o‘tishi bor gap. Shunday paytlar o‘zimizdan yuqori emas, pastdagilarga qarash haqidagi muborak tavsiyani unutib qo‘yamiz...
Yana bir haqiqat bor, banda ilohiy rizoga faqat amallari bilan yetisholmaydi. Balki oz bo‘lsa ham, amalning ixlos ila bajarilgani, o‘sha amal egasining har qanday holatda qazoyi qadarga roziligi saodatga yetishish asosidir.
Zumrad FOZILJON qizi
tayyorladi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.