Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

“Nega men?” Demang!

6.01.2018   5169   4 min.
“Nega men?” Demang!

           Xotirjamlik taslimiyatda                                                

– Qattiq xastalanib, yotib qoldim, – deb hikoya qiladi bir tanishim. – Tuzalishdan umid qilsam ham, yurib ketishimga ko‘zim yetmasdi. Shu choqqacha yaxshi yurganim uchunmi, beqtoqat bo‘lar, “Nega endi hamma sop­pa sog‘-u, men kasal bo‘lishim kerak?” degan savol xayolimdan ketmasdi. Eng xijolatlisi, sog‘ paytimda gap-gashtaklarimizga kam qo‘shilgani uchun biz doim mazax qilib yuradigan bir o‘rtog‘im holimdan tez-tez xabar olardi. Uzoq suhbatlashib o‘tirar, aytayotgan gaplari, rivoyatlari ko‘nglimga yorug‘lik solardi. U ketgach, eshitganlarimni tafakkur qilib, xulosalar chiqarardim. O‘sha o‘rtog‘im o‘rgatganidek, har qanday holatda ham “Alhamdulillah” kalimasini takrorlardim. Bora-bora bir joyda yotishga ham ko‘nikdim. Ammo bu shunchaki, hamma narsadan umid uzish emas. Bu  qazoyi qadarga rozilik edi. Ko‘nglimda tuzalib ketishga, yana oyoqlarim bilan yurishga chinakam umid uyg‘ondi. Shunda tushundim, halovat, xotirjamlik taslimiyatda ekan...

 

Saodat asridan...

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni sahobalar yig‘ilgan majlisda so‘radilar:

– Sizlar mo‘minmisiz?

Majlis ahli sukutga cho‘mdi. Shunda hazrat Umar roziyallohu anhu javob berdi:

– Yo Rasululloh, mo‘minmiz.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam savol berdilar:

– Imoningizning alomati nima?

Hazrat Umar dedilar:

– Ne’matlarga shukr, baloga sabr qilamiz, qazoyi qadarga rozi bo‘lamiz.

Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam bu javobdan mamnun bo‘lib:

:– Ka’baning Rabbiga qasam, sizlar bu sifatlaringiz bilan haqiqiy mo‘minsiz, – dedilar. (Imom Tabaroniy).

 

Yaqin o‘tmishdan ibrat

Mashhur tennischi, Uimbldon chempioni Artur Esh qon quyish jarayonida og‘ir xastalikni yuqtirib oldi. Ahvoli kundan-kun yomonlashardi. Umrining so‘nggi kunlarini yashayotgan Artur muxlislaridan ko‘plab maktublar olardi. Ulardan birida bunday so‘zlar bor edi: “Parvardigor bunday dard uchun nega boshqani emas, sizni tanladi?”

Artur Esh muxlisiga bunday javob yozdi: “Butun dunyoda har yili ellik million bola tennis o‘ynashni boshlaydi, shundan besh millioni o‘rganadi, besh yuz ming nafari professional darajaga chiqadi, besh mingi katta musobaqalarda qatnashib, ellik nafari “Uimbldon”gacha keladi, to‘rttasi yarim finalda, ikkitasi finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Qo‘limda chempionlik kubogini tutib, quvonib turarkanman, biror marta: “Nega men?” demagan edim. Endi xastalikka chalinib, azob chekayotganimda: “Nega men?” desam, ko‘rnamaklik bo‘lmaydimi?”

 

Mo‘minning sifati

Har qanday holatni ham rozilik bilan qabul qilish mo‘minlik belgisi. Zero, bunda Alloh taolo roziligi bor. Ilohiy rizoga erishish esa mo‘minning eng ulug‘ orzusi.

Ko‘pchiligimizga, biror ne’mat berilsa, o‘zimizni loyiq deb bilganimiz uchun ham “nega menga?” degan savol xayolimizga kelmaydi. Ammo qiyinchilik yetsa, tilimizga chiqarmasak-da, dilimizdan: “Nega mashaqqatlarga faqat men duchor bo‘larkinman?” degan savol o‘tishi bor gap. Shunday paytlar o‘zimizdan yuqori emas, pastdagilarga qarash haqidagi muborak tavsiyani unutib qo‘yamiz...

Yana bir haqiqat bor, banda ilohiy rizoga faqat amallari bilan yetisholmaydi. Balki oz bo‘lsa ham, amalning ixlos ila bajarilgani, o‘sha amal egasining har qanday holatda qazoyi qadarga roziligi saodatga yetishish asosidir.

 

Zumrad FOZILJON qizi

 tayyorladi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Safar soati

27.12.2024   1085   6 min.
Safar soati

Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning pok­lanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi. 
 

Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:

لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ

“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).


Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallo­hu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishi­ga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kuta­yotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.


Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”


Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os ro­ziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga ke­lib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qi­laman”, dedi.


Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.


Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alay­hi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».


Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...


Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.


Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:

رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ

“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.

“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga hu­zuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”. 


Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin! 

Mavjuda NURIDDINOVA
 tayyorladi.

Maqolalar