Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Sog‘lom e’tiqod saboqlari: duo va sababiyat qonunlari

06.01.2018   7529   3 min.
Sog‘lom e’tiqod saboqlari: duo va sababiyat qonunlari

Duo lug‘atda, “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini, va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi duo deb ataladi.   

Duo musulmon kishining hayotida o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan ibodat hisoblanadi. Bu ibodatning qanchalar katta ahamiyatga ega ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday bayon qilganlar:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِىِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهَ وَسَلَّمَ قَالَ: « لَيْسَ شَىْءٌ أَكْرَمَ عَلَى اللَّهِ تَعَالَى مِنَ الدُّعَاءِ». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa biror narsa duodan ko‘ra qadrliroq emasdir”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).

Chunki duo qiluvchi o‘zining ojizligini va Alloh taoloning barcha narsaga qodirligini e’tirof etayotgan bo‘ladi.  Shuning uchun mo‘min kishi doimo duoga harakat qilishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, banda foydali narsalarga erishish va zararli narsalardan saqlanish uchun imkoniyatidagi zohiriy sabablarni ya’ni sababiyat qonunlarini yuzaga chiqarishga urinishi lozimligi ham shariat talabi hisoblanadi. Demak, imkoniyatidagi sababiyat qonunlarini yuzaga chiqarish ham, ortidan duo qilib natijani Allohdan so‘rash ham shariatning talabidir.

Shu ma’noda sababiyat qonunlari va duoning bir-birlariga aloqasini uch turga ajratish mumkin:

  1. Sabablarga suyanib duoni tark qilish, beodoblikdir.

Masalan, mo‘l hosil olmoqchi bo‘lgan dehqon yerini shudgorlasa, urug‘larning yaxshisini tanlasa, ekinlarini o‘z vaqtida sug‘orsa, qo‘yingki mo‘l hosil olishga sabab qilib qo‘yilgan barcha narsalarni amalga oshirsa-yu, duoga beparvo bo‘lsa,  mo‘l hosilni faqatgina tayin qilib qo‘yilgan sabablar yaratadi, degan vahm yuzaga kelib qoladi. Bu esa barcha narsalarning tadbirkori bo‘lgan Alloh taologa nisbatan beodoblik bo‘ladi.

  1. Sabablarni yuzaga chiqarishga urinmasdan duo qilib o‘tirish shariatni tushunmaslikdir.

Masalan, modomiki, mo‘l hosil Alloh taoloning berishi bilan bo‘lar ekan hosilga sabab qilib qo‘yilgan ishlarni amalga oshirish o‘rniga U zotga duo qilishga “zo‘r berish” kerak, bu yog‘i Allohga tavakkul, degan tushunchada bo‘lish shariatning ko‘rsatmalarini tushunmaslik bo‘ladi. Chunki duo qilishga buyurgan shariat, sabablarni yuzaga chiqarishga ham buyurgandir.

Bu haqda Sahl Tustariy rahmatullohi alayhning ajoyib so‘zlari bor: “Kimki harakatni (sabablarni ro‘yobga chiqarishni) haqir sanagan bo‘lsa, sunnatni haqir sanagan bo‘ladi, kimki tavakkulni haqir sanagan bo‘lsa, iymonni haqir sanagan bo‘ladi. Tavakkul Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hollaridir, kasb (sabablarni ro‘yobga chiqarish) u zotning sunnatlaridir. U zotning hollariga amal qilgan kishi aslo sunnatlarini tark qilmasin”.

  1. Sabablarni yuzaga chiqarib natijani Allohdan so‘rash shariat talabidir.

Masalan, mo‘l hosil olmoqchi bo‘lganlarga avval mo‘l hosil olishning sabablarini yuzaga chiqarish, so‘ngra mo‘l hosilni Alloh taolodan so‘rash shariat talabi hisoblanadi.

Demak, duo qiluvchi sabablarga suyanib ham qolmaydi, ularni bekorga ham chiqarmaydi, balki imkoniyatida bor sabablarni bajarib, natijani Alloh taolodan so‘rab duo qilib boradi.

 

TII o‘qituvchisi

Abdulqodir ABDUR RAHIM

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

23.07.2025   9229   1 min.
Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

Savol: Mo‘miyo  halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.