Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Faqat ikki kishiga “hasad” qilsa bo‘ladi: Alloh taolo bergan molini haq yo‘lda sarflagan kishiga va Alloh taolo bergan ilmu hikmat bilan hukm qilgan va uni o‘rgatgan kishiga”, dedilar» (Imom Buxoriy).
Sharh: Boshqalarni ko‘rolmay, shu ne’mat ulardan ketishini va o‘zida bo‘lishini istash hasad deyiladi. Inson boshqalardan balandroq, hech bo‘lmasa, teng bo‘lishni xohlashi tabiiy. Biroq hasad qilish, birovdagi ne’matning yo‘qolishini xohlash illat. Hasad paydo bo‘lganida uni yengib o‘tish, yomonlikdan qaytish esa fazilatdir.
Ushbu hadisdagi “hasad” kalimasi esa molini yaxshi ishlarga sarflayotgan kishiga yoki ilmiga amal qilgan olimga havas qilish ma’nosidadir. Chin mo‘min havas qilgan kishisidek bo‘lishga urinadi. Yaxshi ishlarda boshqalardan o‘zib ketishga urinish dinimizda muboh sanaladi. Sahobalar doim bir-birlariga havas qilishgan va savobli ishlarda, ibodatlarda o‘zaro musobaqa qilishgan.
Demak, yaxshilikka shoshilib, yomonlikdan qaytishda bir-birlarimizga o‘rnak bo‘lib, ko‘maklashishimiz kerak ekan. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ularga (jannatda idishlari) muhrlangan musaffo maydan ichirilur, u (may)ning muhri mushkdir. Musobaqalashadiganlar shunda (shu ne’matlarga yetishi uchun) musobaqa qilsinlar (Mutaffifun, 25-26).
Hadisi sharifdan yaxshi yo‘lda ishlatiladigan boylik faqirlikdan yaxshi ekani ham anglashiladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi